Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Xolid ibn Valid roziyallohu anhuni qo‘mondonlikdan bo‘shatib, o‘rnilariga Abu Ubayda roziyallohu anhuni qo‘mondon etib tayinlaydilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu bu tayinlovni barchadan, jumladan, Xolid roziyallohu anhudan ham berkitadilar. Chunki, u kishi Xolid roziyallohu anhuni jang san’atining mohir bilimdoni, qo‘mondonlikka iqtidori bor kishi deb bilardilar. Natijada Xolid ibn Valid roziyallohu anhu qo‘mondonlikni davom ettiradilar.
Bu orada voqeadan xabar topgan mo‘minlarning amiri Abu Ubayda roziyallohu anhuga ikkinchi marta maktub yuboradilar. Shundan so‘ng Abu Ubayda roziyallohu anhu Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu bilan maslahat qiladilar.
Bu masala Xolid ibn Valid roziyallohu anhuga yetib borganda, u kishi Abu Ubayda roziyallohu anhuning oldilariga kirib, «Alloh sizni mag‘firat qilsin, ey Abu Ubayda. Sizning qo‘mondon bo‘lishingiz haqidagi mo‘minlar amirining maktubi sizga kelgan ekan, menga bildirmabsiz. Qo‘mondonlik sizning haqqingiz bo‘la turib, ortimda namoz o‘qidingiz» dedilar.
(Jangda yetakchilik qiluvchi odam Namozda ham imomlik qilardi. Avvalo imomlikka amir, u bo‘lmasa voliy haqli edi. Xolid roziyallohu anhuni bezovta qilgan narsa shu edi. Ammo u kishi «Umar roziyallohu anhu meni nega qo‘mondonlikdan bo‘shatdilar?» deb so‘ramadilar, xalifaning fikriga e’tiroz bildirmadilar. Chunki ular uchun qo‘mondonlik yoki askarlik muhim emasdi. Muhimi ALLOHNING DINIGA XIZMAT QILISH, UNING RIZOSIGA ERISHISH EDI.)
Abu Ubayda roziyallohu anhu shunday dedilar: «Alloh sizni ham mag‘firat qilsin. Allohga qasamki, bu haqida to boshqa odamdan eshitmaguningizcha, o‘zim aytmoqi emasdim. Hammasi tugagunicha sizni urushdan chalg‘itgim, fikringizni bo‘lgim kelmadi. Sizga shuni bildirmoqchimanki, men dunyo sultonligini istamayman va dunyo uchun ham amal qilmayman. Siz ko‘rib turgan bu borliq, mansab zavolga, tugashga uchraydi. Biz esa birodarlarmiz, Allohning amrini amalga oshiruvchilarmiz. Kishiga dinida (namozida) birodarining yetakchi (imom) bo‘lishining zarari yo‘q...»
Keyin Xolid ibn Valid roziyallohu anhu qo‘shin oldiga kelib, «Sizlarga bu ummatning eng ishonchli kishisi qo‘mondon etib tayinlandi» dedilar.
Alloh taolo barcha sahobalardan rozi bo‘lsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.