frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Yoshlarimiz doimo ogoh va xushyor bo‘lmog‘i lozim

11.11.2019   3776   5 min.
Yoshlarimiz doimo ogoh va xushyor bo‘lmog‘i lozim

Hozirgi kunda dunyodagi ijtimoiy-mafkuraviy muammolardan eng xavflisi diniy-g‘oyaviy, xususan, ekstremistik, missionerlik va prozeletizm muammolari bo‘lib, bu ayni vaqtda bizning mustaqil O‘zbekistonimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

Ma’lumki ajdodlarimiz e’tiqod qilib kelayotgan diniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash – mustahkam e’tiqod va irodalilikdan dalolat beradi. Bugungi kunda hayotimizda uchrab turayotgan  turli oqim-harakatlarga ko‘ra, ayrim kishilar u dindan  bu dinga va boshqasiga o‘tib yurishi aslida e’tiqodsizlik emas, balki e’tiqodining sustligi, ilmsizlik, g‘oyaviy bo‘shliq xamda  irodasizlikdir. Bu haqda Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov “Odam o‘z mustaqil fikriga, zamonlar sinovidan o‘tgan hayotiy milliy qadriyatlarga, sog‘lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lmasa, xar turli ma’naviy tahdidlarga, ularning goh oshkora, goh pinhona ko‘rinishdagi ta’siriga bardosh berishi amrimahol. Buni kundalik hayotda uchrab turadigan ko‘plab voqealar misolida yaqqol kuzatish mumkin va ularning qanday oqibatlarga olib kelishini uzoq tushuntirib o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman” deb ta’kidlagan edi.

Ushbu  harakatlarga jalb qilinayotganlar ko‘proq ayollar va yoshlarning ishtirokida namoyon bo‘layotganligi achinarli holdir. Chunki ularning kiziqish xamda moddiy va ma’naviy  ehtiyojlarini qondirishda diniy oqim va tashkilotlar o‘z g‘oyalari bilan jalb qilgan holda  maqsadlarini amalga oshirish osonroqdir.

Islom shiorlaridan tanlab foydalanadigan, dinning asl mohiyatini buzib talqin qiladigan ekstremistik tuzilmalar keng xalq ommasi bilan uzviy mavjudligini ko‘rsatish, aslida esa jamiyatda tartibsizlik va parokandalikni yuzaga keltirish uchun mablag‘ yig‘ish, asosiy tahdid manbai sifatida odamlar ongu shuurini egallash, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali hokimiyatga erishish maqsadini ko‘zlaydilar.

Ekstremistik  okimlarning xozirgi kundagi faoliyatida  zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, internet orkali targ‘ibot ishlarini olib borishga aloxida e’tibor karatilgan, internet orqali suhbat olib borish  jarayonida yoshlarga  kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni  tiklash  kabi  g‘oyalar singdirilib ular turli xil to‘qnashuv va nizoga jalb qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoklarda  bo‘zg‘unchilik va buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi yuzlab guruhlar  mavjudligi fikrimizning yaqqol dalilidir. Shuning uchun ham yoshlarda xabar va ma’lumotlarni  tahlil eta olish malakasini  xosil kilish zarur.

Zero har kanday xabar ham to‘g‘ri va xolis bo‘lavermaydi. Har bir ma’lumotni tekshirib ko‘rib keyin xulosa kilish hakida Alloh taolo  bunday  deydi: «Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz» (Hujurot surasi, 6-oyat).

Muqaddas Islom dinimiz insoniyatni komillikka da’vat etuvchi buyuk ta’limoti bilan birga, uni soxtalashtiruvchilar, undan o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanuvchilar ham yo‘q emasligini, ayni ana shu salbiy hodisalar jamiyat taraqqiyotida kutilmagan fojialarni keltirib chiqarishi mumkinligini hayot ko‘rsatmokda.

Bugun dunyoda ko‘plab buzg‘unchi oqimlar muqaddas Islom dinini niqob qilib, begunoh insonlarning qonini to‘kmoqdalar. Bu oqimlarni bir so‘z bilan din buzarlar deb nomlansa xato bo‘lmaydi. Ular o‘zlariga turli nomlarni qo‘yib, diniy shiorlarni bayroq qilib olyaptilar-u lekin qilayotgan ishlari dinimizga ziddir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tinchlik va xotirjamlik xaqida bunday deganlar: «Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdurki bundan ko‘p odamlar bebahradurlar» (Imom Buxoriy rivoyati).    Shu yurtda yashayotgan har bir eldoshimiz tinch va farovon yurtimizning qadriga yetmog‘imiz, uni ko‘z qorachig‘iday asramog‘imiz lozimdir.

Shunisi diqqatga sazovorki, ekstremistik ruhdagi tuzilmalarning hech biri biron-bir shaklda o‘zlari jar solayotgan, o‘zlari «intilayotgan» jamiyat qurilishi modelini taklif etolmaydilar.

Diniy ekstremistik harakatlar nima uchun asosiy e’tiborni ayollar va  yoshlarga qaratmoqdalar? Respublikamizda e’tiqod erkinligini ta’minlash masalasida barcha sharoitlar yaratib berilgan bir sharoitda, makkor va qo‘poruvchi kuchlar, diniy mutaassib guruhlar o‘z qabih rejalarini amalga oshirish yo‘lida xalq ichida buzg‘unchi g‘oyalarni tarqatishga urinmoqdalar. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ekstremistlar o‘z maqsadlari uchun asosan yosh yigit va qizlarni tanlaydilar.

Xulosa qilib aytganda, ayollar va yoshlarning turli oqim va harakatlar domiga tushib qolishining oldini olishda ularda mafkuraviy immunitetni va bilim darajasini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini nazorat qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan ular Vatanimiz kelajagidir.

 

 A.Allaberganov

Hazorasp tumani “Axtam sahoba” masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   8239   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA