Masjid imomlaridan bo‘lgan bir shayx hikoya qiladi: Bir yigit gunohlaridan shikoyat qilib, masjidga mening huzurimga keldi.
U: “Men hamma gunohni qilganman”, dedi.
Shunda men uning qo‘lidan tutib, ba’zi birodarlarni ziyorat qilish uchun birga yo‘lga chiqdik. Lekin ularni topa olmadik. Keyin men unga: “Qabristonni ziyorat qilsak, nima deysan?”, dedim.
U: “Mayli”, dedi.
Biz birga qabristonga borib, qabrlar orasida o‘tirdik. Men o‘ngga-chapga qarab: “Ey qabr ahli, bizga xabar bering, qabr ostida nimalar bo‘lyapti?, lahadda hozir nimalar bo‘lyapti?, podshohlar hali ham podshoh bo‘lib turishibdimi?”, dedim.
So‘ngra mazkur yigitga: “Qabrga biroz muddat tushib o‘tirishga nima deysan?”, degan edim, u qabrga tushdi. Biroz vaqt o‘tib men uning oldiga kelib: “Ey falonchi, ma’shuqang falonchi qabringga kelib, senga foyda bera oladimi?”, dedim.
U: “Yo‘q”, dedi.
Men: “Seni yo‘ldan ozdirib, gunohga boshlaganlar qabringga kelib, senga foyda bera oladimi? ”, dedim.
U: “Yo‘q”, dedi.
Men: “Shunday ekan, o‘rningdan tur, yangi hayot boshlaymiz”, dedim.
Toshkent shahar "Ahmadjon qori" jome masjidi imom noibi
Qudratulloh Sidiqmetov tayyorladi
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi