Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdu lillah vasalatu vassalamu ala rasulillah Amma ba’du.
Rabi’ul avval oyi kirib kelishi bilan barcha ummati muhammadiyaning ko‘nglida yoqimli his paydo bo‘ladi. Shunday bo‘lishi ham tabiiy, chunki bu muborak oyda Payg‘ambarimiz s.a.v. tavallud topganlar. Har yili Rabi’ul avval oyi qaytib kelganidek, Allohning rahmati o‘laroq yuborilgan zot ham ummatning hayotiga qaytib, unga mazmun bahsh etib keladilar. Biz bu narsani Rabi’ul avval oyi kirib kelishi bilan butun dunyo musulmonlari bu muborak oyga bag‘ishlab turli xayrli tadbirlar tashkil etish taraddudiga tushishlarida mushohada qilamiz. Kimlardir xonadonlarida ziyofat dasturxoni yozib, yig‘ilganlar ma’naviy ozuqa ham olib ketishlari uchun Mavlidi sharifdan o‘qishlikni tashkil etsa, yana kimlardir bu oyda odatdagidan ko‘ra ko‘proq salavot aytishga o‘tadi. Ilm dargohlarida Payg‘ambarimiz s.a.v.ning siyratlariga bag‘ishlangan kechalar, Qur’oni karim musobaqalari tashkil etilsa, xalqaro miqyosdagi ilmiy hay’atlar, ulamolar kengashlari yirik-yirik ilmiy anjumanlar uyushtiradilar. Bularning barchasi, Rasululloh s.a.v.ga bo‘lgan hurmat va muhabbat o‘laroq, u zotning siyratlari va sunnatlarini yana bir karra hayotga qaytarish maqsadida amalga oshiriladi. Mana shularga umumiy ma’noda Mavlidi nabaviyni nishonlash deb qaraydigan bo‘lsak, buning shariatimizga hech qanday zid tomoni yo‘q.
Afsuski, ba’zi bir mutaassib kimsalar Mavlidi nabiyni nishonlash Rasululloh s.a.v.ning davrlarida bo‘lmagan bid’at, ya’ni harom ish, uni qilgan kishi bid’atchi va gunohkor bo‘ladi, deb da’vo qiladilar.
Biz aytamizki, to‘g‘ri, Mavlidi nabiyni nishonlash bid’at, lekin yaxshi bid’at. Zero, biz Rasululloh s.a.v.ga muhabbatli bo‘lishga, u zotning yo‘llariga ergashishga, doimo u zotga salavot va salomlar yo‘llashga buyurilganmiz. Garchi bu amallarga muntazam, har doim amal qilib kelgan taqdirimizda ham, Mavlid oyi kirishi bizlarni ushbu amallarni yanada ko‘paytirishimizga va ularga ahamiyatliroq bo‘lishimizga sabab bo‘ladi xolos. Payg‘ambar s.a.v. doimo nafl ro‘za tutishga odatlangan bo‘lsalarda, dushanba kunida ro‘za tutishga alohida e’tibor berar edilar. Buning sababi so‘ralganda dushanda kuni tavallud topganliklari va shu kuni payg‘ambar bo‘lganliklarini aytar edilar. Shundan, dushanba kuni nafl ro‘za tutish sunnat bo‘lib qoldi. Shunday ekan, nima uchun Rasululloh s.a.v. tavallud topgan oylarida u zotni ko‘proq eslash, tarjimayi hollari bo‘lmish Mavlidlarini o‘qish, ko‘proq salavot aytish mumkin bo‘lmasin?!
Quyida Mavlidi nabiyni nishonlashni yoqlagan ulamolarning so‘zlaridan namunalar keltiramiz. Shoyat, Mavlid haqida salbiy fikrda bo‘lib yurganlarga tanbeh bo‘lsa.
Jaloliddin as-Suyutiy aytadilar: “Mening nazdimda aslida mavlid amalida odamlarning to‘planishi, Qur’oni karimdan qiroat qilish, Payg‘ambar a.s.ning tavallud topganlarida ro‘y bergan mo‘jizalar haqida vorid bo‘lgan xabarlarni rivoyat qilish, keyin dasturxon yozilib, taomlardan tanovul qilingach tarqalib ketish, bularning hammasi bid’at hasana ishlardan sanalib, uni tashkil etganlarga savob bor. Chunki, bunda Payg‘ambar s.a.v.ni ulug‘lash, tavallud topganlari uchun hursandchilik va shodlikni izhor etish bor”. U zot yana shunday deydilar: “Qorilarning imomi Al-Hofiz Shamsiddin ibn al-Jazariyning (arfu at-ta’rif bilmavlid ash-sharif) nomli kitobida shunday satrlarni o‘qidim: “Abu Lahab vafot etgach uni tushda ko‘rildi va unga: holing qanday? - deyildi. U: do‘zaxdaman, biroq, har dushanba kechasi mendagi azob yengillatiladi. Yana barmog‘imni so‘rsam suv chiqadi. Buning boisi cho‘rim Suvayba menga payg‘ambarning tug‘ilgani haqida xabar olib kelganida hursand bo‘lganimdan uni cho‘rilikdan ozod qilib yuborganim va u Muhammadni emizgani uchun, deb javob berdi. Agarki, Payg‘ambar s.a.v.ning tavallud topgan kechalarida hursand bo‘lgani uchun Qur’oni karimda mazammat qilingan kofir Abu Lahabga do‘zaxda shunchalik muruvvat ko‘rsatilgan bo‘lsa, payg‘ambarning tug‘ilganidan hursand bo‘lgan, borini unga bo‘lgan muhabbati uchun Alloh yo‘lida ehson qilgan musulmonning holi qanday bo‘lishi mumkin. Beshak, Alloh taolo uni o‘z fazli bilan jannat ne’matlariga doxil etadi”[ حسن المقصد في عمل المولد لجلال الدين السيوطي]
Ibn al-Javziy mavlid haqida shunday deganlar: “Uning xususiyatidan biri o‘sha yili omonlik bo‘ladi va niyat hamda maqsadlar tezda amalga oshishi haqida hushxabar bor”.[ السيرة الحلبية تاليف علي بن برهان الدين الحلبي]
Ibn Hajar al-Asqaloniyga mavlid amali haqida savol berilganda u zotning aytgan javoblarini Jaloliddin as-Suyutiy keltiradilar: “Aslida Mavlid amali bid’at ish bo‘lib, avvalgi uchta asrda yashagan salafi solihlardan bunday qilganlari naql qilinmagan. Lekin, shunga qaramay uning ko‘plab yaxshi tomonlari bor. Kim ana shu yaxshi tomonlarini qilsa yaxshi bid’at jumlasidan bo‘ladi. Men bunga asos bo‘ladigan dalilni ham topdim. U ham bo‘lsa, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadisdir: Payg‘ambar s.a.v. Madinaga kelgan vaqtlarida u yerdagi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganlarini ko‘rdilar va ulardan buning sababi haqida so‘radilar. Ular: bu kunda Alloh taolo Fir’avnni g‘arq etib, Musoga najot bergan. Shuning uchun biz Allohga shukr qilib ro‘za tutamiz, deyishdi. Bundan shunday ma’no kelib chiqadiki, Alloh taolo kimga biror muayyan kunda birorta ne’mat bergan yoki baloni daf etgan bo‘lsa, o‘sha kuni Allohga shukrona tariqasida yaxshi amal qilish lozim bo‘ladi. Bu kunda rahmat payg‘ambari bo‘lmish zotni dunyoga kelishidan ham ortiqroq ne’mat bormi?! Mana bu mavlidni nishonlash uchun naqliy dalil sanaladi. Ammo, unda qilinadigan amallarga keladigan bo‘lsak, albatta, Allohga shukrona bo‘ladigan Qur’on tilovati, taom va sadaqalar tarqatish, payg‘ambar a.s. haqlaridagi qasida va madhiyalar o‘qish, oxiratga savob bo‘ladigan amallarga targ‘ib etish kabi amallar bilan o‘tkazish lozim bo‘ladi.[ حسن المقصد في عمل المولد لجلال الدين السيوطي]
As-Saxoviy aytadilar: “Avvalgi uch asrda yashagan salaflar mavlidni nishonlashmagan, balki u keyinchalik paydo bo‘lgan. Shundan beri barcha yurtlardagi musulmon aholisi mavlidni nishonlab keladilar. Mavlid kechasida turli xildagi sadaqalar chiqaradilar, mavlidi sharifdan o‘qishga alohida e’tibor beradilar va buning natijasi o‘laroq ularda fayzu barakotlar namoyon bo‘ladi”.[ السيرة الحلبية تاليف علي بن برهان الدين الحلبي]
Ibn al-Hoj al-Molikiy aytadilar: “Rabiul avval oyining 12 dushanba kuni Alloh taologa shukrona uchun ko‘plab ibodatlar va xayriyalar qilishimiz lozim. Zero, u bizga behisob ne’matlarini ato etgandir. Darhaqiqat, ne’matlarining ichida eng buyukrog‘i bu albatta, Payg‘ambarimizning tavallud topishlaridir”.[ المدخل عن تعظيم شهر ربيع الاول تاليف ابن الحاج] Yana shunday deganlar: “Payg‘ambar s.a.v.ni ulug‘lashning bir ko‘rinishi u zot tavallud topgan kechada husandchilik qilish va mavlidi sharifdan qiroat qilishdir”.[ الدرر السنية]
Ibn Obidin aytadilar: “Bilingki, Payg‘ambar s.a.v. tavallud topgan oyda mavlidi sharif o‘tkazish yaxshi bid’atlardandir”. Yana shunday deganlar: “Mo‘jizalar sohibi bo‘lmish zotga eng afzal salavotlar va mukammal salomlar bo‘lsinki, u zotning qissalariga quloq solish eng buyuk qurbatlardandir”.[ شرح ابن عابدين على مولد ابن حجر]
Al-Hofiz Abdurrahim al-Iroqiy aytadilar: “Ziyofat tashkil etish va muhtojlarga taom ulashish har vaqtda ham yaxshi sanalgan amallardandir. Ayniqsa, bu muborak oyda unga Rasululloh s.a.v.ning nurlari zohir bo‘lganligi tufayli shodu hurramlik ulansa qanday ham yaxshidir. Uning bid’at ekanligi makruh bo‘lishiga sabab bo‘lolmaydi. Zero, qanchadan qancha yaxshi bid’atlar borki, ularga amal qilish vojib darajasiga chiqqandir”.[ شرح المواهب اللدنية للزرقاني]
Abu Shoma (Imom An-Navaviyning shayxi) aytadilar: “Bizning zamonaga kelib har yili Payg‘ambar s.a.v.ning tuvallud kunlarida sadaqalar va ko‘plab yaxshiliklar qilish, ziynat va shodu hurramlikni izhor etish kabi yangiliklarni joriy etgan kishilar qanday ham yaxshi ish qildilar. Zero, bunday qilish o‘sha ishni qilgan kishining qalbida rasulullohga bo‘lgan muhabbatini namoyon etadi hamda butun olamlarga rahmat qilib yuborgan rasulini vujudga keltirgani uchun Alloh taologa shukrona bo‘ladi”.[ الباعث على انكار البدع و الحوادث تاليف ابو شامة]
Ash-Shihob Ahmad al-Qastaloniy shunday deydilar: “Qalbida marazi bo‘lgan kishilarga yana ham ziyoda illat bo‘lishi uchun Payg‘ambar s.a.v. tavallud topgan oyning tunlarini bayram qilgan kishini Alloh rahmatiga noil aylasin”.[ المواهب اللدنية]
Al-Hofiz Shamsiddin bin Nosiriddin ad-Dimashqiy aytadilar: “Abu Lahab payg‘ambar a.s. tug‘ilganlarida hursandligidan Suvaybani cho‘rilikdan ozod qilib yuborgani uchun dushanba kuni do‘zaxdagi azobi yengillatiladi, degan xabar sahihdir”[ مورد الصادي في مولد الهادي].
Mutaaxir ulamolardan aksariyati mavlidi nabaviyani nishonlashni yoqlaganlar. Jumladan;
Hasanayn Muhammad Maxluf – Azharning sobiq shayxlaridan: “Nuri Muhammadiy charog‘on etgan mavlid oyi kechalarini bedor o‘tkazish unda xaloyiqning eng yaxshisi bo‘lmish zotni vujud olamida zohir etib ummatga katta ne’mat ato etgan zotni zikri va shukri bilan mashg‘ul bo‘lish bilan bo‘ladi. Shukrni izhor etish esa, muhtojlarga yordam berib ularning mashaqqatlarini yengillatish, qarindoshlar bilan silai rahm qilish kabi ishlarda namoyon bo‘ladi. Garchi mavlidni nishonlash Payg‘ambar a.s. va u zotning sahobalari davridan qolmagan bo‘lsada, unga amal qilishning zarari yo‘q, balki u yaxshi sunnatlardandir”.[ حسين محمد مخلوف فتاوى شرعية و بحوث اسلامية]
Muhammad Ash-Shoziliy an-Nayfar – Tunisdagi Al-A’zam jome’sining shayxi: “Alloh taolo bizga o‘ziga muhabbatli bo‘lishdan so‘ng Payg‘ambar a.s.ga muhubbatli bo‘lishni vojib qilgan ekan, demak bu bizga payg‘ambar a.s.ga taalluqli bo‘lgan barcha narsani ulug‘lashni vojib etadi. Mavlid kunlarini bayram sifatida nishonlash ham shuning jumlasidandir”.[ محمد الشاذلي النيفر مقالة احتفاء و تذكير]
Muhammad Mutavalliy Ash-Sha’roviy: “Ushbu mavlidi karimga hurmatan biz har yili shu vaqtda qalbimizdan shodu hurramlik kayfiyatini namoyon etmog‘imiz lozimdir”.[ على مائدة الفكر الاسلامي تاليف محمد متولي الشعراوي]
Al-Mubashshir At-Taroziy – Turkiston ulamolaridan: “Turli xildagi zararli namoyishlar ko‘paygan hozirgi vaqtda ularga qarshi kurashish uchun ham Payg‘ambar s.a.v.ning mavlidi shariflarini nishonlash asosiy vojib amallardan biriga aylandi”.
Muhammad Ulviy al-Molikiy: “Biz Payg‘ambar a.s.ning mavlidi shariflarini nishonlashni, u zotning siyratlari, haqlarida aytilgan madhiyalarni tinglash, taomlar ulashib ummatning qalbiga surur baxsh etishni joiz deb bilamiz”.[ محمد علوي المالكي حول الاحتفال بذكرى المولد النبوي الشريف]
Yusuf Al-Qarazoviy – Musulmon ulamolarining butun olam birlashmasi raisi: “Rasulullohning tavallud topgan kunlarini u zotning siyratlarini, shaxsiyatlarini, boqiy va umumiy risolatlarini o‘rganish fursatiga aylantirish qanday qilib bid’at va zalolat bo‘lishi mumkin”.[ موقع القرضاوي: الحتفال بمولد النبي و المناسبات الاسلامية]
Muhammad Sa’iyd Ramazon Al-Butiy: “Rasulullohning tavallud kunlarini eslab nishonlash diniy manfaat ko‘zlanadigan ijtimoiy tashabbusdir. Buni hozirgi asrda o‘tkaziladigan bir qator diniy anjumanlarning biri deyish mumkin. Biroq bunday bayramlar shariatda munkar sanalgan holatlardan xoli bo‘lmog‘i lozim”.[ موقع البوطي: فتاوى عن المولد النبوي]
Nuh Al-Quzot – Iordaniya sobiq muftiysi: “Shaksiz, Mustafo s.a.v.ning tavalludlari biz uchun Alloh taoloning fazli, bu ummatga ato etilgan eng to‘kis ne’matidir. Shunday ekan, u zotning mavlidlari sababli shod bo‘lishga biz haqlimiz”.[ موقع دار الافتاء الاردنية: خطبة جمعة بمناسبة المولد النبوي الشريف]
Ali Jum’a – Misrning sobiq muftiysi: “Payg‘ambar a.s.ning mavlidlarini nishonlash eng fazilatli va buyuk qurbat hosil qiladigan amallardandir. Chunki, bu hursandlik va u zotga muhabbatni ifodalashdir. Zero, payg‘ambar a.s.ga nisbatan muhabbat imon asoslaridan biridir”.[ البيان لما يشغل الاذهان تاليف علي جمعة]
Vahba Az-Zuhayliy: “Agar mavlidi nabiy Qur’oni karimni o‘qish, Payg‘ambar a.s.ning axloqlarini eslash, odamlarni islom ta’limotlariga amal qilishga targ‘ib etish, farzlarni bajarishga va islomiy odoblarga undash bilan o‘tkazilsa unda bu bid’at sanalmaydi”.[ الجزيرة تت: حلقة البدعة و مجالاتها المعاصرة مع الدكتور وهبة الزهيلي]
Muhammad bin Abdulg‘affor ash-Sharif – Kuvayt vaqf ishlari bosh kotibi: “Sayyidul xaloiq s.a.v.ning mavlidlarini nishonlash jumhur ulamolarning fikricha mustahab va bid’at hasana amallardandir”.[ موقع الدكتور الشريف: رقم الفتوى 431 في حكم المولد النبوي]
Homidjon Ishmatbekov
O‘MI fatvo bo‘limi mudiri
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘z uyida yaqinlari, qo‘shnilari, yoru-do‘stlari yoki shulardan boshqa biror kishiga ziyofat bermaydigan inson bo‘lmasa kerak. Mehmondorchilik odoblari muqaddas dinimizda eng ahamiyatli islom odoblaridan hisoblanadi. Va dinimiz mehmondorchilikda har ikki taraf uchun, ya’ni mehmon va mezbon uchun lozim bo‘ladigan odoblarni shariatga kiritgan. Mehmon va mezbonga ziyofat o‘z samarasini berishi uchun, ushbu odoblarga rioya qilish lozim bo‘ladi. Biz avvalo, mezbonga taaluqli bo‘ladigan odob haqida so‘z yuritamiz.
Mezbonga taaluqli bo‘ladigan odoblardan birinchisi – yaxshi niyat qilish:
Ushbu odob, ziyofat sohibining o‘z yoru-do‘stlariga bergan ziyofatida, ularga bergan taomida va chiroyli kutib olishligida ajr olishni niyat qilish bilan bo‘ladi. Shuningdek, mehmon ham mezbonning chaqirig‘iga labbay deb, o‘z do‘stini ziyorat qilishda ajr olishni niyat qiladi. Natijada, ularning har biri ushbu qilgan amallariga ajr oladilar.
Ikkinchi odob – mehmonni chiroyli kutib olish:
Ziyofat sohibiga o‘z mehmonini tabassum, ochiq chehralilik, shuningdek, xursandchilik va xushxabar iboralari bilan kutib olishligi lozim bo‘ladi. Bu esa, ularning qalblarini xushnud qiladigan amallardan hisoblanadi. Ziyofat sohibi do‘stlari huzurida, ular o‘zlarini o‘z uylaridagidek his qilishlari uchun munosib joy hozirlamoqligi xam lozim bo‘ladi.
Zero, Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan qilingan rivoyatda: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Do‘stingni yuziga tabassum qilishing ham, sen uchun sadaqadur”, deb marhamat qilganlar.
Darhaqiqat, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining huzurlariga kelgan qavmlarni chiroyli kutib olardilar. U zot sollallohu alayhi vasallam Abdul Qays qavmiga: “Marhabo! Xafaliksiz va nadomatsiz kelgan qavm, xush kelibsiz!”, der edilar. Termiziy rivoyati.
Shuningdek, Oisha (roziyallohu anho)dan qilingan rivoyatda: Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fotima (roziyallohu anho)ga “Marhabo! Xush kelibsiz! qizalog‘im” deb marhamat qilganlar. Buxoriy va Muslim rivoyati.
Uchinchi odob – mehmonni munosib o‘ringa o‘tqizish:
Bu esa, xonadon sohibi o‘z mehmonlarini munosib bir makonga o‘tqazishligi mehmondorchilikning hurmatidir. Ana shunda, ular majlisda xotirjam o‘tiradilar. O‘sha joy mezbonning ahli baytlarini ochiq ko‘rsatib turadigan makon bo‘lmasligi yoki u yer mehmonga noxush hidlar keladigan va shunga o‘xshash noqulaylik keltiradigan joy bo‘lmasligi kerak. Va hokazo, ularni ifloslik bo‘lgan makonga yoki noloyiq bir shakldagi makonga o‘tqazmaslik lozim bo‘ladi. bu esa, mehmondorchilikning hurmati emas, albatta.
To‘rtinchi odob – ziyofatning majburiyatlariga rioya qilish va mehmonni hurmat qilish:
Xonadon sohibiga mehmonning haqqini o‘z o‘rniga qo‘yishligi lozim bo‘ladi. Masalan, ichimlik, yegulik va shunga o‘xshash narsalar ila bo‘ladi. Va ana shu narsalarni kechiktirmasligi yoki sekin harakat qilib, mehmonni qaytib ketishlikka o‘ylantirib qo‘ymasligi lozim bo‘ladi. Qur’oni karim mana shu narsalarni bizlarga o‘rgatadi. Alloh taolo Ibrohim alayhissalom haqlarida bayon qilib, O‘zining so‘zida;
“24. (Ey Muhammad), sizga Ibrohimning izzat-ikromli mehmonlari haqidagi xabar keldimi? 25. O‘shanda ular (Ibrohimning) huzuriga kirib, «Salom», deyishgan edi, u ham: «Salom, (Bular) notanish qavm-ku?», dedi. 26-27. So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (qovurilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib, «(Taomdan) yemaysizlarmi?» dedi. ”, degan.
“Zariyat surasining 24-27-oyatlari ”
Bu yerda ma’lum bo‘lishicha, Ibrohim alayhissalom mehmonlarni ogohlantirmasdan maxfiygina borib, ularga loyiq taomni tayyorlab, tezda uni ular o‘tirgan joyga keltirdilar. Bu esa, mehmonning haqlaridan hisoblanadi. Mehmonni hurmat qilishlik, Nabiy sollallohu alayhi vasallam buyurgan vojib ishlardandir. Dinimizda unga iymonning alomatlaridan deb, e’tibor beriladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”, deb marhamat qilganlar. Buxoriy va Muslim rivoyati.
Beshinchi odob – mehmoni uchun ortiqcha mashaqqatni o‘z zimmasiga olmaslik:
Xonadon sohibiga mehmonlarga toqatidan ortig‘ini qilmasligi yoki mehmonini hurmati uchun ko‘p narsalarni o‘ziga yuklab olmasligi kerak. Balki, ularni hurmat qilish bilan birga ularga o‘zida bor narsalarni imkoniyat chegarasida taqdim qilishi lozim bo‘ladi. Chunki, Ibrohim alayhissalom ham o‘z mehmonlariga semiz buzoqni so‘ydilar va pishirib, ularning oldilariga qo‘ydilar. U zot o‘zlarida bor eng yaxshi narsani keltirdilar.
Oltinchi odob – mehmonning haqqini berish:
Mehmon bo‘lish sunnatga ko‘ra bir kecha kunduz, mehmon kutish uch kecha kunduz bo‘lishi joiz bo‘ladi. Undan ortiq bo‘lishi majburiy emas. Ammo, undan ortiq bo‘lishi mezbonga sadaqa bo‘lib yoziladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam mehmonni ham, mezbonni ham haqqini joriy qilib, Abdulloh ibn Amrga; “Albatta, mehmondorchiligingni sening zimmangda haqlari bor” deb, marhamat qildilar.
Ya’ni, mehmondorchilik haqlaridan murod – mehmonlik va mezbonlikning haqlaridir.
Abdulloh ibn Amrdan qilingan rivoyatda; Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin. Mehmon bo‘lish bir kecha kunduz, mehmon kutish uch kecha kunduz bo‘lishi joiz bo‘ladi. Undan ortiq (mehmondorchilikni) bo‘lishi majburiy emas. Balki, ortiq bo‘lishi sadaqa bo‘lib yoziladi. To uni chiqarib yubormagunicha uning huzurida yashamoqligi unga halol bo‘lmaydi” dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyati.
Ibn Hajar: “Ibn Battol shunday dedi; “Molik roziyallohu anhu mehmonning haqqi haqida so‘ralganda, u zot: “Uni bir kecha kunduz ikrom qiladi va unga tuhfa beradi va uch kun ziyofat qiladi.” dedilar.”
Men: “Birinchi kundan tashqari uch kun hisoblanadimi yoki undan hisoblanadimi?”, dedim.
Abu Ubayd javoban: “Unga birinchi kunda yaxshilik va iltifotlarni qilishlik majburiy bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi kunda oldidagi hozir bo‘lgan narsalarni unga taqdim qiladi, xolos. Odatdagidan tashqari ziyoda qilmaydi. So‘ngra unga bir kecha kunduz masofaga yetadigan narsa beradi. U musofir bir joydan boshqa joyga borishiga yetadigan narsa miqdoricha bo‘lib, “jiyza – manzil chegarasi” deyiladi.” Dedi.
Xattobiy shunday degan: “Ya’ni, agar, mehmon kelib tushsa, unga tuhfa berish va o‘zida bor imkoni yetgan narsalarda bir kecha kunduz unga yaxshilikni ziyoda qilishdir. Keyingi boshqa ikki kunda, u mehmonning oldida hozir bo‘lib turgan narsalarni unga taqdim qiladi, xolos. Agar uchinchi kun o‘tsa, darhaqiqat uni haqqi tugaydi. Keyingi kunlarda ham, mehmondorchilikni davom ettirsa, unga sadaqa qilganni savobi bo‘ladi.” dedi.” degan.)
Yettinchi odob – xonadon sohibi mehmonlarga aynan o‘zi xizmat qilishi:
Bu esa, qur’oni karim o‘sha Ibrohim alayhissalom qissasida bizlarga o‘rgatgan odobdir. Alloh taolo “Zoriyot surasining 26-27-oyatlari ”da:
"So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (qovurilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib, «(Taomdan) yemaysizlarmi?» dedi", degan.
Bu yerda Ibrohim alayhissalom aynan o‘zlari turib, mehmonlariga xizmat qilganliklari bayon qilinmoqda. Imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) ham bu haqida o‘zlarining sahih to‘plamlarida “Mehmonni hurmat qilish va uning xizmatini aynan o‘zi qilishlik bobi” deb, alohida bob ajratganlar. Shubha yo‘qki, bu ish mehmonni hurmat qilish va uning xizmatini qilishdagi eng yaxshi amaldir.
Sakkizinchi odob – mehmonga u mehmon bo‘lib turish vaqtida yaxshiliklar qilish:
Ushbu odob, mehmonga uxlashi uchun bolalarning shovqin-suronidan panaroqda bo‘lgan to‘la-to‘kis munosib bir o‘rin tayyorlab berish, unga pokiza sochiqni taqdim qilish, unga yostiq tutish, hammomni unga tayyorlab qo‘yish, xushbo‘yliklarni yaqin qilish, o‘ziga qarab jamolini ko‘rish uchun ko‘zguni va yana shunga o‘xshash narsalarni taqdim qilish bilan bo‘ladi.
To‘qqizinchi odob – xonadon sohibi mehmonni birga eshikkacha kuzatib chiqishi:
Agar, mehmon ketishlikni xohlasa, xonadon sohibining o‘zi ham hovlining darvozasigacha unga qo‘shilib, birga kuzatib chiqishligi lozim bo‘ladi. bu esa, mehmonni ulug‘lash va uni hurmat qilishdir. Mehmon ketishlikka izn so‘rab turganda, xonadon sohibi o‘z joyidan qimirlamay o‘tiravermasligi kerak. Balki, uni kuzatib, ortidan o‘zi ham chiqadi.
Abu Ubayd imom Ahmadniing manzillariga ziyoratga borganlari haqida: “Men u zotning uylaridan turishlikka izn so‘rab, o‘rnimdan turgandim u zot ham men bilan birga turdilar”.
Shunda men u zotga: “Ey Abu Abdulloh unday qilmang” dedim.
U zot: “Sha’biy roziyallohu anhu shunday degan: “Ziyorat qilib kelgan kishining ziyoratining eng so‘ngi haqqi, mezbon hovlining darvozasigacha u bilan birga yurib chiqishligi va markabini ushlab turishligidir.” Dedilar.” Deb, aytib berganlar.”
O‘ninchi odob – mehmon ketishidan oldin eshikni yopib, kirib ketmaslik:
Mehmonni eshik oldiga kuzatib, xonadon sohibi mehmon markabiga minib yoki yurib ketmagunicha uyiga kirib, eshigini qulflab olmaydi. Chunki, bu kutib turishlik mehmonni ulug‘lash, uni hurmat qilish va unga iltifot ko‘rsatishdir. Muslmon kishiga bu odoblarga bee’tibor bo‘lishlik durust bo‘lmaydi.
Mahbuba Abduhalilova,
TII 3-kurs talabasi.