Qalblar xotirjam bo‘lib qolmay, doim xavotir va qo‘rquvda turishi uchun Alloh taolo amalning qabul bo‘lgan-bo‘lmaganligini bandalaridan berkitdi.
Inson umidni uzmasligi uchun Alloh taolo unga tavba eshigini ochib qo‘ydi.
Hech bir inson amali bilan g‘ururlanmasligi uchun Alloh taolo ibratning xotima bilan bo‘lishini joriy qilib qo‘ydi. Ya’ni kimning qandayligini uning xotimasiga, qandoq holda o‘lishiga – iymonli yoki iymonsiz holda vafot etishiga bog‘liq qilib qo‘ydi.
Agar shakl va jism ruhdan ko‘ra muhimroq bo‘lganida inson vafot etganida ruh yuqoriga ko‘tarilmagan, jasad esa tuproq ostiga dafn qilinmagan bo‘lardi.
Yer yuzida qanchadan qancha mashhur kishilar bor, ular samoda e’tiborsizdir.
Yer yuzida qanchadan qancha hech bir inson tanimaydigan kishilar bor, ular samoda mashhurdirlar.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِندَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ
“Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Ushbu oyatga ko‘ra, bandaning Alloh taolo huzurida yaxshi-yomonligining me’yori – taqvodir!
Har qancha taqvoli banda Alloh taoloning huzurida mukarramdir, har qancha taqvosiz kishi U Zotning huzurida mukarram emasdir.
Alloh taolo barchamizni taqvoli bandalaridan qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV