Alloh taolo Qur’oni Karimda isrofni qoralab, shunday marhamat qilgan:
وَآتِ ذَا الْقُرْبَى حَقَّهُ وَالْمِسْكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَلاَ تُبَذِّرْ تَبْذِيراً إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ كَانُواْ إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِرَبِّهِ كَفُوراً
“Qarindoshga haqqini ber! Miskinga va ko‘chada qolganga ham. Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘yma. Albatta, isrofchilar shaytonlarning birodarlari bo‘lganlar. Shayton esa, Robbiga o‘ta noshukr bo‘lgandir” (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
Alloh taolo bu oyatda isrofchilarni shaytonlarning birodarlari deyapti. Demak, isrofchilar sahobalar, tobeinlar, tabaa tobeinlar, ixlosli mo‘minlarning emas, balki shaytonlarning birodarlari bo‘lar ekan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga o‘tmanglar” deb ta’kidlaydilar. Imom Nasoiy rivoyatlari.
Shariatimizda isrof qilish qattiq qoralanganini his qilib, isrofdan tiyilib, tejamkor bo‘lishimizni Alloh taolo barchamizga nasib etsin!
To‘yxona peshtoqining ikki tarafiga kelin-kuyovning katta rasmlari ilingan. Tashrif buyuruvchi erkaklarning o‘sha rasmga ko‘zi tushishini bila turib, bo‘lajak ayolining rasmini ilishlariga indamagan erkak jinsiga mansub mavjudotlarning hamiyatli, rashkli, mard erkak bo‘lishlarini Alloh taolo nasib etsin!
Kelinning uyi oldiga borib, ayol-qizlarga xos noziklik va nazokat bilan egilib-egilib “kuyovsalom” qilayotgan “erkak”larga Alloh taolo or-nomus bersin!
“Nega dadang menga italyanskiy kostyum-shim qilmay, o‘zimizda chiqqanini qildi?” deb kelinga ta’na qilayotgan “o‘g‘il bola”larga Alloh taolo farosat bersin!
To‘yxona tashqarisidagi jihozlar, turli yasatiladigan chiroqlar, sharlar, gullar, poyandoz uchun solinadigan qizil gilamlar va hokazolar uchun 2000-3000 dollar sarf qilayotganlar uchun Alloh taolo ozgina aql, fahm bersin!
To‘yxonada hamma qatori bitta osh berish o‘rniga, bitta tovoqda uch xil - devzira, lazer va yana boshqa navdagi gurunchda damlangan osh tarqatib, maqtanchoqlik qiluvchilarga Alloh taolo aql bersin!
To‘yida dasturxonni bitta piyola qo‘yishga joy qolmaydigan darajada to‘ldirib, boshqa to‘ylarda topilmaydigan tovus go‘shti, chig‘anoq va hokazolarni topib qo‘yadigan va bularning hammasini odamlar gapirishi, mashhur bo‘lish, maqtanish, kerilish uchun qiladiganlarga Alloh taolo kamtarlik, siniqlik, tavozu’ ne’matini ato etsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati