Xabaringiz bor, mamlakatimiz bo‘ylab ketma-ket masjidlarning yangidan barpo etilgan binolari foydalanishga topshirib kelinmoqda. Albatta bularning barchasi ixlosi baland xalqimiz, oramizdagi Allohning baytini obod qilishga haris bo‘lgan kishilarning hashari, fidokorona mehnatlari evaziga amalga oshirilmoqda.
Andijon viloyati Asaka tumanidagi “Hazrati Usmon” jome masjidi joriy yilda yangidan qurib bitkazilgan masjidlardan biridir.
“Masjidimizning avvalgi holatida ibodatlarni emin-erkin ado etishning imkoni yo‘q edi. Alhamdulillah, bugunga kelib, masjidda zamon talablari asosida namozxonlarga barcha shart-sharoitlar yaratildi”, deyi imom-xatib Xursandbek Kamolov.
Loyihada milliy va zamonaviy masjidlarning me’moriy uslublari uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan mehrob qismi Qo‘qon naqsh maktabi va Tabriz naqsh san’ati uyg‘unligidagi betakror ansamblni tashkil etgan.
Asosiy xonaqoh ancha baland qilib qurilgan bo‘lib, yerto‘la qism bilan birga ikki qavatli masjid qiyofasini ko‘rsatadi. Pastki va yuqori qismdagi asosiy xonaqoh 700 dan ortiq namozxonni o‘z bag‘riga sig‘dirsa, ustki qismi yopilgan keng hovlida yana 300-400 kishi barcha mavsumda ibodat qilishlari mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati