2018 yilning 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus -“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilingan edi. Loyihasi O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan.
Davlatimiz rahbarining BMT minbaridagi nutqida O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi “barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat“ ekanini qayd etgan edi. Hujjat “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashish“ga qaratilgan.
Bugungi kunda ta’lim muassasalarida tizimli ravishda o‘tkazilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan” shiori ostidagi tadbirlar ana shu xalqaro dastur mazmun-mohiyatini yetkazish, diniymiz sofligini asrashga qaratilgan. Bunda diniy soxa xodimlari, xususan imom-xatiblar faol ishtirok etmoqda.
Andijon viloyatida yangi o‘qv yilidan to shu bugungacha umumuiy o‘rta ta’lim maktablarida 97 marotaba ushbu yo‘nalishda imom-xatiblar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etildi. Imomlar o‘quvchilarga dinimiz avvalo ilm dini ekani, musulmon kishi yaxshi ishlarda namuna ko‘rsatishi, o‘zga din vakillariga hurmatda bo‘lish, ota-ona, ustozga ehtirom, kiyinish odoblari va boshqa mavzulardama’ruza qilmoqdalar.
Suhbatlar yosh avlod vakillari uchun ancha manfaatli bo‘layotgani, islomni, undagi ikki dunyo baxt-saodatiga erishtiruvchi go‘zal hayot yo‘lini o‘rganayotganlari, savollariga javob olayotganlarini o‘zlari e’tirof etib, bu kabi uchrashuvlar tez-tez o‘tkazilishini so‘ramoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.