Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2025   |   16 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:33
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
20:56
Bismillah
10 Avgust, 2025, 16 Safar, 1447

MUHAMMAD (SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM) PAYG‘AMBARLARNING SAYYIDI VA SO‘NGGISIDIR

07.11.2019   8185   24 min.
MUHAMMAD (SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM) PAYG‘AMBARLARNING SAYYIDI VA SO‘NGGISIDIR

Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambarlarning sayyidi va so‘nggisidir

Muhammad (alayhissalom) payg‘ambarlar so‘nggisidir. U zotdan keyin Alloh tomonidan boshqa hech qanday rasul yuborilmaydi. Bundan keyin har qanday payg‘ambarlik da’vosi kazzoblikdan o‘zga narsa emas. Bu narsa buyuk Alloh taoloning o‘zgarmas qarori – irodasidir.

Bu haqda Rasululloh (alayhissalom)dan hadisi sharif vorid bo‘lgan:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قال: أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «مَثَلِى وَمَثَلُ الأَنْبِيَاءِ مِنْ قَبْلِى كَمَثَلِ رَجُلٍ بَنَى بُنْيَانًا فَأَحْسَنَهُ وَأَجْمَلَهُ إِلاَّ مَوْضِعَ لَبِنَةٍ مِنْ زَاوِيَةٍ مِنْ زَوَايَاهُ فَجَعَلَ النَّاسُ يَطُوفُونَ بِهِ وَيَعْجَبُونَ لَهُ وَيَقُولُونَ: هَلاَّ وُضِعَتْ هَذِهِ اللَّبِنَةُ؟!» قَالَ: «فَأَنَا اللَّبِنَةُ وَأَنَا خَاتَمُ النَّبِيِّينَ».

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (alayhissalom) aytdilar: “O‘tmish anbiyolar bilan mening misolim bunday: bir kishi chiroyli va go‘zal bino qurdi-da, burchaklarning birida bir g‘isht joyini bo‘sh qoldirdi. Odamlar bu go‘zal binoni ziyorat qiladi, tomosha qilaturib, ajablangan holda: “Bu bo‘sh joyga ham g‘isht qo‘yilmaydimi?!” deydi. Ana shu g‘isht menman va men payg‘ambarlarning yakunlovchisiman”» (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisi sharifdan ko‘rinib turibdi, Payg‘ambarimiz (alayhissalom)dan keyin hech qanday payg‘ambar chiqishi mumkin emas. Bordi-yu, kimdir payg‘ambarlik da’vo qilsa, u barcha mo‘minlar tomonidan yolg‘onchi deya, inkor etilishi kerak.

Alloh taolo Odam (alayhissalom)ni yaratib, yer yuzida yashaydigan O‘zining xalifasi qilgandan keyin uning bolalariga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib turish uchun ta’limotlar ham yuborishni va bularni odamlarga yetkazish, hayotga tatbiq qilib ko‘rsatish uchun ularning ichidan payg‘ambarlar tanlab olishni iroda qildi. Ana o‘sha payg‘ambarlarning birinchisi Allohning irodasi bilan Odam (alayhissalom) bo‘ldi. Keyin esa, birin-ketin boshqa payg‘ambarlar kela boshladi. Payg‘ambarlar silsilasining oxirgi halqasi Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) bo‘ldilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ana shu nubuvvat va risolat binosining oxirgi g‘ishti va Alloh taolo O‘z bandalariga yuborgan payg‘ambarlarning oxirgisi ekani ta’kidlanmoqda. Binoga oxirgi g‘isht terilgandan keyin qurilish yakunlanadi. Undan keyin boshqa g‘isht terilmaydi. Alloh taolo Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ni payg‘ambar qilib yuborganidan keyin payg‘ambarlik nihoyasiga yetdi. Endi boshqa payg‘ambar yuborilmaydi.

Har bir narsaning hikmatini biladigan Alloh O‘zi yaratgan insoniyatni payg‘ambarlar orqali to‘g‘ri yo‘lga solishni ixtiyor qildi. Buning uchun nubuvvat va risolat binosining poydevorini mustahkam qilib qo‘ydi. Ya’ni, har bir payg‘ambarga yuborgan dinning asosi bo‘lmish aqidani hammalari uchun bir xil qildi. Odam (alayhissalom)dan to Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)gacha bo‘lgan barcha payg‘ambarlarning aqidalari bir xil edi. Bu aqida Alloh taoloning yagonaligi, barcha ayblardan xoli ekani, qiyomat kuni, hisob-kitob, jannat va do‘zaxga imon keltirishdan iborat edi.

Ammo dinlarning aqida qismi bir xil va o‘zgarmas bo‘lgani bilan, ularning amaliy qismi – shariatlar o‘zgarmay turishi mumkin emas edi. Aksincha, shariatlar zamon va makonga, ummatlar va ularning saviyasiga qarab rivojlanib bordi. Shuning uchun Alloh taolo dinning poydevori bo‘lmish aqidaning ustiga har bir nabiyga berilgan shariatni xuddi poydevor ustiga qo‘yilayotgan g‘isht misoli qilib birin-ketin qo‘yib turdi.

Odam (alayhissalom) davrida kishilik jamiyati sodda bo‘lgani uchun, ularga sodda va oddiy shariatni joriy qildi. Misol uchun, sharoitdan kelib chiqib, o‘sha shariatda aka-singilning oila qurishiga izn berildi. Keyin esa, insonlar soni ortib borishi natijasida bu hukm bekor qilindi. Vaqtlar o‘tishi bilan shariatlar ham o‘sib bordi. Alloh taolo insoniyatni ana shu tarzda tarbiyalab, ularni kamol toptirib keldi.

Oxiri kelib, insoniyat voyaga yetganda, unga eng mukammal va boqiy shariat bo‘lmish shariati muhammadiyani berdi. Nubuvvat va risolat binosining eng so‘nggi va eng go‘zal g‘ishti qo‘yildi.

Endi bu binoga g‘isht qo‘yilmaydi. Boshqa payg‘ambar yuborilmaydi. Islom shariati barcha zamon va makonlar uchun, barcha xalq, elat va millatlar uchun qiyomatga qadar boqiydir.

Muhammad (alayhissalom) abul anbiyo val mursalin – nabiy va rasullarning otasi Ibrohim (alayhissalom) o‘g‘li Ismoil (alay­hissalom)ning zurriyoti edilar. Otalarining ismlari Abdulloh, bobolariniki Abdulmuttalib, onalarining ismi Ominadir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hayotlari sharqda – Islom dunyosida ham, g‘arbda – xristian olamida ham ko‘plab tarixchilar tomonidan juda muhim va ahamiyatli bir mavzu sifatida o‘rganildi, bu borada katta tadqiqotlar olib borildi.

Islom dunyosida tarix musulmon olimlari tomonidan dastlab “siyar” va “mag‘oziy” shaklida boshlandi va keyinchalik “Futuhot tarixi”, “Tabaqot”, “Umumiy tarix” kabi nomlar ostida bir necha tarix kitoblari yozib qoldirildi. Sarvari olam Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning hayotlarini o‘rgatuvchi tarix turiga esa “Siyrati nabaviya” yoki “Siyari Nabiy” deb nom berildi.

Hadis olimlari u zotning butun hayotlarini ilmiy yo‘l bilan tushuntirib berdi.

Ingliz olimi Jon Davenport o‘zining “Hazrati Muhammad va Qur’oni karim” kitobida bunday yozadi: “Mashhur payg‘ambarlar va fotihlar ichida tarixiy hayoti hazrat Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning tarixidek eng ko‘p va hamma nuqtalarigacha batafsil o‘rganilgan shaxs yo‘qdir”.

Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) haqlarida so‘ragan kishilarga Oysha onamiz (roziyallohu anho): “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning axloqlari Qur’on edi”, deb javob bergan edi. Haqiqatan ham, Qur’onning hamma amrlari Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning suratlari va siyratlarida o‘z ifodasini topgan. Demak, Islomning asosiy qonuni bo‘lgan Qur’onni tushunishimiz uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hayotlarini, siyratlarini o‘rganishimiz shartdir. Bu zot (sollallohu alayhi va sallam) hayotlarini bilmasdan turib, islomiy ilmlardan birortasini (na tafsir, na hadis, na fiqh, na axloqni) risoladagidek tushunib, mohiyatiga yetib bo‘lmaydi.

 

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning siyratlari

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning siyratlari – oltmish uch yillik hayotlari tarixi demakdir. U zotning qamariy hisobda 63 yil, shamsiy hisobda 61 yillik hayotlarini ikki davrga bo‘lib o‘rganishimiz mumkin: payg‘ambarlikdan oldingi davr (571–610); payg‘ambarlik davri (610–632).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning payg‘ambarlikkacha bo‘lgan hayotlari umrlarining 40 yilini o‘z ichiga olgan edi. Islomga da’vat boshlanmagan davr “johiliyat davri”, payg‘ambarlik davri esa “Saodat asri” deb nomlanadi. Saodat asri 23 yilni tashkil etadi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning otalari Abdulloh, onalari Ominadir. Ajdodlari Adnongacha borib yetadi. Bobolarini tartib bilan keltiradigan bo‘lsak, quyidagilar edi: Abdulmuttalib (Shayba), Hoshim, Abdumannof, Qusay, Hakim (Kilob), Murra, Ka’b, Luay, G‘olib, Fehr (Quraysh), Molik, Nazr, Kinona, Xuzayma, Mudrika, Ilyos, Nizor, Ma’ad, Adnon. Adnon Ismoil (alayhissalom)ning zurriyoti bo‘lib, Kayzar sulolasidan edi.

Ominaning otalari Vahb, bobolari esa quyidagicha: Navfal, Abduluzzo, Zuhra, Hakim. Hakim Zuhraning ham Qusayning ham otasi ekanini e’tiborga olsak, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning otalari va onalarining nasabi Hakimga kelib birlashganini ko‘ramiz.

 

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning tavalludlari

Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) tavallud topgan sana tarixchilar orasida eng munozarali mavzulardan biridir. Ba’zi tarixchilar 569 va 570 yilni ko‘rsatishsa, ba’zilar 571 yilni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning tug‘ilgan yillari deb isbotlashga urinadi.

“Oliy tarix” kitobi muallifi bunday deydi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Fil yilida, yakshanba kuni kechasi, bir rivoyatda, rabi’ul avvalning 12-kechasi dunyoga tashrif buyurganlar”. Ko‘pchilik Islom ulamolari mana shu kunni, ya’ni rabi’ul avval oyining 12-kuni, dushanbaga o‘tar kechasini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning haqiqiy tavallud topgan kunlari deb ittifoq qilgan. Umuman olganda, ko‘pchilik Islom ulamolarining ittifoq qilishicha, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning tug‘ilgan kunlari 571 yil, 20 aprel, dushanba, rabi’ul avval oyining 12-kuniga to‘g‘ri keladi”.

Turk olimi Umar Rizo Do‘g‘rul Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning tug‘ilgan kunlari xususidagi ulamolar ixtilofiga bunday munosabat bildiradi:

“Hazrat Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tug‘ilgan yil, oy, kun haqidagi bu ixtiloflarning hikmatini tushunmoq uchun Islomning ruhiga kirib borish, uni yaxshi tushunish lozim. Aslida, bu ixtiloflarning barchasiga barham berish mumkin edi. Chunki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) davrlarida bu muhim va qimmatli hodisa butun tafsilotlari bilan aniq-ravshan yozilishi mumkin edi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hayotlarini eng nozik nuqtalarigacha hassoslik bilan kuzatib borgan sahobai kiromlar uchun bundan oson ish yo‘q edi. Shunday ekan, bu oddiygina ish nimaga amalga oshirilmadi?

Hazrat Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning xotirini yod etishni istagan har bir musulmon buning uchun aniq bir kunni tanlashi shart emas. U zotning shaxsiyatiga ko‘rsatiladigan hurmat-ehtiromni u yoki bu kunda marosim o‘tkazish bilan ado etib bo‘lmaydi. Bu narsa u zoti muborakka eng samimiy rishtalar bilan bog‘lanish va ruhoniyatlarini shod etish orqali amalga oshirilishi mumkin.

Shu sababdan, saodat asri musulmonlari biz muborak deb bilgan kunlardan birortasini hisob-kitob qilmadi, bunga ko‘p ahamiyat bermadilar ham. Chunki musulmon uchun muborak bo‘lmagan biror kun va biror soat yo‘q. Har kunini, har soatini musulmonchasiga, hazrat Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek va istaganlaridek o‘tkazgan inson orzu qilgan savob-barakotni topadi”.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) arablarning eng obro‘li qabilasi bo‘lgan, Makka shahrining va Ka’baning egasi hisoblangan Quraysh qabilasida dunyoga keldilar. Tug‘ilganlarida otalari Abdullohni ko‘rolmadilar. U kishi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hali onalari qornida ikki oylik ekanlarida Shomdan Makkaga qaytib kelayotib, Yasribda (hozirgi Madina shahri) kasal bo‘lib, karvondan ajrab qolgan va 25 yoshida o‘sha joyda vafot etgan edi. Otalari Abdullohdan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga bir necha tuya va Ummu Ayman ismli xizmatkor ayol qoladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tug‘ilmaslaridan avval onalari Omina bir tush ko‘radi. Tushida unga: “Ey Omina, sen butun maxluqotning faxri bo‘lgan bir bolaga homiladorsan. Tug‘ilsa, ismini Muhammad qo‘y”, deb bashorat beriladi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xatna qilingan holda tug‘ildilar. Muborak ikki kuraklari o‘rtasida kaptar tuxumidek “Nubuvvat muhri” bor edi.

Qur’oni karimda:

وَمَآ أَرۡسَلۡنَٰكَ إِلَّا كَآفَّةٗ لِّلنَّاسِ بَشِيرٗا وَنَذِيرٗا وَلَٰكِنَّ أَكۡثَرَ ٱلنَّاسِ لَا يَعۡلَمُونَ

«(Ey Muhammad!) Biz sizni, haqiqatan, barcha odamlarga xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi bo‘lgan holingizda (payg‘ambar qilib) yubordik. Lekin odamlarning aksariyati (bu haqiqatni) bilmaydi» (Saba’, 28), deyiladi.

Bu haqda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari bunday marhamat qilganlar:

“Mendan oldin payg‘ambarlar maxsus bir qavmga yuborilar edi, men butun insoniyatga yuborildim”.

Yetti kun bolani onalari Omina emizgan edi. Onalarining suti yetmaganidan Suvayba ismli ayol emizdi. Suvaybadan so‘ng Abdulmuttalibning xizmatkori Marvaxa sut berdi.

Arablarning an’anaviy urf-odatiga muvofiq yosh go‘daklar dala joyda tarbiyalansa, tanlari sog‘lom, aqllari teran va tabiatan sodda bo‘lib o‘sadi, chunki dalada toza havo bo‘ladi, buning ustiga yangi sog‘ilgan tuyaning, echkining va qo‘yning suti, qatig‘i, pishlog‘i va qumron bolani baquvvat qiladi, yana ham foydalisi, go‘dak yangi bo‘shangan quvvatsiz onani emas, balki dalada hayot kechiradigan, sog‘lom onaning sutini emib, tinch tabiiy sharoitda o‘sadi, degan maqsadda makkaliklar o‘z farzandlarini, yaylov va dala joyda yashovchi, ijaraga emizuvchi onalarga boqish va tarbiya qilish uchun berar edi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni Halima Sa’diya nomli ayol o‘z tarbiyasiga oldi va to‘rt yil tarbiyalab, keyin onalari Ominaga topshirdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ko‘krakdoshlari Shayma bilan qirga chiqar edilar. Halima: “Bu issiqda qirga chiqmanglar”, deb xavotirlansa, Shayma: “Qo‘rqmang, bir bulut kelib unga soya soladi”, derdi.

Bir kuni Shayma bilan mol boqib yurishganda qush shaklida ikkita farishta keladi. Biri ikkinchisiga: “Shumi?” deydi. Ikkinchisi: “Ha!” deb javob beradi. Ikkovlari Payg‘ambarimizni yerga yotqizib, ko‘ksilarini yoradi va undan laxta qon parchasini chiqarib, qalblarini suv va muz bilan yuvadi. Keyin biri ikkinchisiga: “Sakinat keltir!” deydi. Uni ko‘ksilariga qo‘yib, qayta yopib qo‘yishadi.

Bu voqea “Shaqqi sadr” (“Ko‘krak yorilishi”) deb nomlanib, unda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning qalblari yomonlikdan tozalanib, imon va ilm bilan to‘ldirilgan.

Bu voqeadan xavotirga tushgan Halima Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni onalariga olib borib topshiradi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) olti yoshga kirganlarida onalari Omina Abdullohning qabrini ziyorat qilish va o‘g‘lini o‘z qarindoshlariga ko‘rsatish uchun Madinaga olib borib, u yerda bir oy turdi, Makkaga qaytib kelayotib yo‘lda kasallikdan vafot etdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) olti yoshda ota-onasiz yetim bo‘ldilar va bobolari Abdulmuttalibning tarbiyasiga o‘tdilar.

Qur’oni karimda:

أَلَمۡ يَجِدۡكَ يَتِيمٗا فَ‍َٔاوَىٰ

«(Ey Muhammad! Rabbingiz) Sizni yetim holda topib, boshpana bermadimi?» (Zuho, 6) deb marhamat qilinadi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sakkiz yoshlarigacha bobolari Abdulmuttalibning qo‘lida tarbiya topdilar. Bir yili Makkada qattiq qurg‘oqchilik bo‘ldi, hech yomg‘ir yog‘madi. Abdulmuttalib nevarasi Muhammadni Ka’ba yoniga olib borib, qo‘lini baland ko‘tarib, xalq bilan birga: “Ey Parvardigor, shu bolaning haqqi-hurmatiga bizga yomg‘ir ber”, deya duo qildi. Alloh taolo makkaliklarga shu zahotiyoq yomg‘ir yog‘dirdi. Bu voqea haqida amakilari Abu Tolib bunday eslaydi: “Muhammad shunday bir kishiki, uning haqqi-hurmatiga Allohdan yomg‘ir so‘ralganda, Alloh mo‘l-ko‘l qilib ehson qilgan edi”.

Abdulmuttalib 82 yoshida vafot etarkan, o‘g‘illariga Payg‘ambarimizni ko‘rsatib: “Buni sizlarga omonat qoldiryapman. Barchangiz uning himoya va tarbiyasiga diqqat eting”, dedi. Amakilarining qaysi birini tanlash Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ixtiyorlariga berilganida, amakilari Abu Tolibning quchog‘iga otildilar.

Abdulmuttalib o‘g‘li Abu Tolibga: “Ey Abu Tolib, bu bola ota-ona mehrini ko‘rmadi, unga mehr ko‘rsat”, deb ko‘z yoshi bilan vafot etdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sakkiz yoshda edilar. Shunday ulug‘, bo‘lg‘usi payg‘ambar yetim bo‘lib, ko‘ngillari siniq, ma’yus holda voyaga yetdilar. Alloh o‘zining suyukli bandasini eng og‘ir musibat – yetimlik girdobiga tashlashini ulamolar ikki hikmat bilan bog‘laydi: birinchisi, bo‘lajak payg‘ambarining qalbida yetim-yesirlarga, muhtojlarga mehr-shafqat, muruvvat sifatlarini uyg‘otish edi.

Bu haqda Alloh taolo:

أَلَمۡ يَجِدۡكَ يَتِيمٗا فَ‍َٔاوَىٰ وَوَجَدَكَ ضَآلّٗا فَهَدَىٰ وَوَجَدَكَ عَآئِلٗا فَأَغۡنَىٰ فَأَمَّا ٱلۡيَتِيمَ فَلَا تَقۡهَرۡ وَأَمَّا ٱلسَّآئِلَ فَلَا تَنۡهَرۡ وَأَمَّا بِنِعۡمَةِ رَبِّكَ فَحَدِّثۡ

«(Ey Muhammad! Rabbingiz) Sizni yetim holda topib, boshpana bermadimi?! Yana sizni gumroh (g‘ofil) holda topib, (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilib qo‘ymadimi?! Sizni kambag‘al holda topib, (Xadichaga uylanishingiz tufayli) boy qilib qo‘ymadimi?! Bas, endi siz (ham) yetimga qahr qilmang! So‘rovchi (gado)ni esa (malol olib) jerkimang! Rabbingiz (sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!» (Zuho, 6–11) deydi.

Ikkinchisi O‘zining qudratini namoyish qilishdir. Chunki Alloh taolo bo‘lajak payg‘ambari va habibini johiliyat botqog‘iga botgan odamlar orasida yaratib, o‘sha davrdagi illatlardan pok saqladi, inson tarbiyasi va kamoloti uchun zarur bo‘lgan ota-ona va ustozning tarbiyasisiz, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni axloq bobida ham, ilm bobida ham dunyoda eng ulug‘ inson darajasiga ko‘tardi.

Oyati karimada bunday deyiladi:

أَلَمۡ نَشۡرَحۡ لَكَ صَدۡرَكَ وَوَضَعۡنَا عَنكَ وِزۡرَكَ ٱلَّذِيٓ أَنقَضَ ظَهۡرَكَ وَرَفَعۡنَا لَكَ ذِكۡرَكَ

«(Ey Muhammad!) Ko‘ksingizni (ilmu hikmatga) keng ochib qo‘ymadikmi?! Sizdan belingizni ezib turgan yukingizni olib qo‘ydik (yengillatdik). Zikringizni (ismingizni) ham baland ko‘tarib qo‘ydik» (Sharh, 1–4).

Sakkiz yoshli Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hayotlarida yangi davr boshlandi. Bu davr to 25 yoshlarigacha davom etdi. Abu Tolib Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga tijorat sirlarini o‘rgata boshladi. Makkaliklar qish mavsumida Yamanga, yozda esa Shomga tijorat karvoni yuborar edi.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ham ikki marta Suriya tomonga, bir marta Yamanga karvon bilan safarga chiqqanlar. Suriya safarining birinchisida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o‘n ikki yoshda, ikkinchisida yigirma besh yoshda, Yamanga safar qilganlarida esa o‘n yetti yoshda edilar.

Abu Tolib boshchiligidagi karvon bilan qilgan birinchi safarlarida karvon Shom yo‘lida Busro degan qishloqqa yaqin joyda to‘xtadi. Bu yerda nasroniylarning ibodatxonasi bo‘lib, unda Buhayro ismli mashhur bir rohib xizmat qilar edi. Buhayro ko‘p kitob o‘qigan bo‘lib, kelishi yaqin bo‘lgan payg‘ambarning alomatlarini bilar edi. Karvon orasida yurgan o‘n ikki yoshli Muhammadni ko‘rib, undan payg‘ambarlik alomatlarini topdi va Abu Tolibga: “Ey Abu Tolib! Bu bola kelishi kutilayotgan, kitoblarda alomati yozilgan payg‘ambarga o‘xshaydi. Uni aslo Shomga olib borma. Shom yahudiylari uning alomatlarini biladi, biror zarar yetkazishlari mumkin. Mollaringizni shu yerda sotinglar”, dedi. Abu Tolib mollarni o‘sha joyning o‘zida sotib, Makkaga qaytdi.

Butlarga hamma sig‘inadigan bir zamonda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) biror marta butga sig‘inmaganlar. Abu Tolib makkaliklarning katta bir butiga sig‘inishga Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni undaganda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Aslo sig‘inmayman”, deganlar.

Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) yigirma besh yoshlarida Suriyaga ikkinchi bor tijorat safari qilib, Makkaning eng boy ayoli Xadichaning taklifi bilan unga hamkorlik qildilar, uning mollarini sotishda ko‘maklashdilar. Suriyaga qilingan bu safar va unda ko‘rilgan katta foyda, buning ustiga Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sofdil, omonatdor ekanlari Xadicha bilan oila qurishlariga vasila bo‘ldi. Xadichaning yoshi bir oz kattaroq bo‘lsa-da, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga jufti halol bo‘ldi, to‘rt qiz: Zaynab, Ruqiya, Ummu Kulsum, Fotima va ikki o‘g‘il: Qosim va Abdulloh ismli farzandlar ko‘rdi. To umrlarining oxirigacha vafodor, maslahatgo‘y bo‘lib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muhabbatlarini qozondi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning uchinchi o‘g‘illari Ibrohim misrlik joriyalari Moriyadan bo‘lib, Ibrohim vafot etgan yili Payg‘ambarimiz 63 yoshda edilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o‘n olti yoshlarida Fijor jangida qatnashdilar. Islomdan oldin Arab yarimorolida to‘xtovsiz janglar bo‘lardi. Ana shulardan biri to‘qqiz yil davom etgan Fijor jangidir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu jangda ishtirok etgan bo‘lsalar ham o‘zlari o‘q otmaganlar, qurol ishlatmaganlar, dushmanlar tomonidan otilgan o‘qlarni amakilariga olib kelib berib turganlar.

Yigirma yoshlarida amakilari Abu Tolibning qo‘y va echkilarini boqib, cho‘ponlik qilganlar.

Payg‘ambarlik kelishidan avval u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning hayotlarida yana ikki muhim voqea sodir bo‘ldi.

Birinchisi, johiliyat davrida turli arab qabilalari o‘rtasida tinimsiz ichki urushlar bo‘lib turardi. Navbatdagi shunday urush Quraysh va Havozin qabilalari orasida chiqdi. Bu urush sababli ikki tomondan ham ko‘plab kishilar qurbon bo‘ldi. Makkada notinchlik hukm surardi. Ana shunday bir paytda makkalik Os ibn Voil yamanlik bir savdogarning hamma mollarini tortib olib qo‘ydi. Nohaqlikka chiday olmagan yamanlik savdogar Qubays tog‘iga chiqib, dod solib, qabilalarni yordamga chaqirdi. Yamanlikning bu dod-faryodini eshitgan, uning holiga achingan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning amakilari Zubayr Qurayshning hamma qabilalarini yig‘di va barcha yig‘ilganlar bugundan boshlab Makkada biror mahalliy yoki musofir kishiga hech kim zulm o‘tkazmaslikka va zulm yetgan bechora kishilarga yordam berishga ahd qilib, qasam ichishdi. Bu ahd “Hilful fuzul”, ya’ni “Fozillar qasamyodi” deb nomlandi. Qasamyodchilar guruhi yamanlikning dodiga yetib, uning tijorat molini Os ibn Voildan qaytarib olib berishdi. Mana shu yaxshi niyatli xayriya guruhiga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham qo‘shilganlar va uni payg‘ambarliklaridan keyin ham maqtab esga olgan edilar.

Ibn Is'hoq, Ibnul Asir va Ibn Xaldunlar rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday degan edilar: “Men amakilarim bilan Abdulloh ibn Jad’onning uyida shunday qasamyodga guvoh bo‘lganman, men uchun undan go‘zalroq, undan foydaliroq narsa bo‘lmagan. Agar menga Islomda ham shunday qasamyod qilishga chaqirilsa, albatta qabul qilgan bo‘lardim”.

Ikkinchisi, Quraysh qabilalari Ka’bani ta’mirlash masalasida kelisholmay qoldi. O‘rtada juda katta janjal chiqishi arafasida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) adolatli qozi vazifasini bajardilar va ish xunrezlikkacha yetmadi. Muqaddas Ka’ba devorlari buzilib, uni qaytadan qurish boshlandi. Ka’ba qurilishida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham astoydil qatnashdilar, tosh tashidilar. Imom Buxoriy “Sahih”ida hatto Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yelkalari yaralangani rivoyat qilingan.

Ka’ba binosini qurish asnosida qora toshni o‘z joyiga kim qo‘yishi to‘g‘risida muammo chiqdi va ish janjalga aylanib, qon to‘kilishiga oz qoldi. Qurayshning eng keksa kishisi bo‘lgan Abu Huzayfa ibn Mug‘iyra oraga kirdi va: “Janjalni bas qilaylik, kim haram eshigidan birinchi bo‘lib kirib kelsa, o‘shani hakam qilaylik va aytganini qilaylik”, deb taklif kiritdi. Haram eshigidan birinchi kirib kelgan kishi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bo‘ldilar. Hamma u kishining hakamliklariga rozi bo‘ldi. Chunki makkaliklar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni halolliklari, adolatlari, to‘g‘riso‘zliklari uchun “Muhammad Amin”, ya’ni “ishonchli Muhammad” deb atardi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ridolarini yechib, yerga yoyib, Qora toshni ko‘tarib rido ustiga qo‘ydilar va ridoning uchlaridan hamma qabila ulug‘lariga tutqazdilar. Qora toshni joyiga qo‘yishda hamma baravar ishtirok etdi. Makkalik barcha qabila rahbarlari va a’zolari dilida Payg‘ambarimiz (sol­lallohu alayhi va sallam)ga nisbatan hurmat kuchaydi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

Payg‘ambarimizga birinchi vahiy kelishi;

Isro va Me’roj voqeasi;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Banu Unayf masjidi — Madinadagi tomsiz tarixiy bino

08.08.2025   15683   1 min.
Banu Unayf masjidi — Madinadagi tomsiz tarixiy bino

   Madina shahrida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha o‘nta muqaddas joylar mavjud. Ulardan biri — Banu Unayf masjidi bo‘lib, u Kubo masjididan janubiy-g‘arbiy tomonga, al-U’sba mahallasiga 500 metrdan yaqinroq bo‘lgan masofada joylashgan. 
 

  IQNA axborot agentligi Saudiya Arabistonining “VAS” agentligiga tayanib xabar berishicha, ushbu tarixiy masjid o‘z nomini Kubo ahli bilan ittifoqchi bo‘lgan Bali qabilasining tarmog‘i — Banu Unayf qabilasi nomi bilan atagan.


   Ba’zi tarixchilar ushbu masjidni ”As-Subh” yoki “Al-Musabbah” nomlari bilan ham bilishadi. Masjid o‘zining asl va sodda me’morchiligi bilan tanilgan: u qora tusli vulqon toshlaridan qurilgan va uning tom qismi yo‘q. Masjid maydoni taxminan 37,5 kvadrat metrni tashkil qiladi.


Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq joylarni saqlash va Saudiya Arabistonidagi “Nigoh – 2030 dasturi” maqsadlariga muvofiq ravishda ushbu masjid kapital ta’mirdan chiqarildi.


Banu Unayf masjidi madaniy va diniy turizm loyihalariga kiritilgan bo‘lib, Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi uni amalga oshirishni nazorat qilmoqda. Bu esa ziyoratchilarni Madinadagi tarixiy va diniy joylar bilan tanishtirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi sanaladi. 
 

Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov
tayyorladi