Siz baxt izlab butun olamni kezib chiqasiz. U esa doim yonginangizda, har qanday insonning qo‘li yetadigan masofadadir...
Goratsiy
Odamlar baxtli yashamoq uchun yaratilganlar, binobarin, kimda-kim o‘zini baxtiyor sanar ekan, “Xudoning aytganlarini bajo keltirdim!” demoqlikka haqlidir.
***
Odam o‘zining baxtli ekanini bilmagani uchun ham baxtsizdir.
Fyodor Dostoyevskiy
Kimgadir baxtli ko‘ringan emas, balki o‘zini baxtli sezgan odam baxtlidir.
Publiy Sir
Baxt – boylikda, desangiz, hamma baxtsiz. Chunki aqlliga ko‘p narsa kerak emas, ahmoq esa baribir to‘ymaydi.
Asqad Muxtor
Baxt yillar, oylar, haftalar va hattoki kunlar ichida yashiringan emas, uni har bir lahzada topish mumkin.
Baxt izlab uzoqlarga ketma. Shunday bir ish qilginki, baxt huzuringga kelsin.
Sitseron
***
Ko‘ngli tilag‘an murodig‘a yetsa kishi,
Yo barcha murodlarni tark etsa kishi.
Bu ikkisi muyassar o‘lmasa gar olamda,
Boshni olib bir sorig‘a ketsa kishi!
Zahiriddin Muhammad Bobur
***
Baxtsizlikdan qo‘rqqan kishining yoniga baxt yaqin kelmaydi.
***
Dunyoda baxt va baxtsizlik tushday bir narsadir. Ko‘zni yumib ochguncha hammasi o‘tib ketadi.
Nizomiddin Mir Alisher Navoiy. “Hayratul abror”.
***
Aleksandr Soljenitsin (rus yozuvchisi):
“- Men Amerikaga borsam, juda baxtli bo‘laman, deb o‘ylagan edim. Afsuski, bu yerda ham ruhiy bo‘shliqni his etyapman. Sizlar ortiq moddiyatning asiriga aylangansiz. Ha, bu yerda hurriyat bor. Har kim istaganini qila oladi. Ammo hamma moddiyatga e’tibor beradi, ruhiyat bilan qiziqmaydi. Hammaning ruhi bo‘m-bo‘sh. Xolbuki, insonni inson qilgan jism emas, balki uning pok aslli komil ruhidir. Sizga tavsiyam shuki, ruhingizni o‘stiring, uni go‘zallashtiring! Faqat o‘shandagina mamlakatingizda mavjud bo‘lgan va sizni qiynayotgan salbiy holatlar barham topadi. Dinni mahkam tuting! Din ruhning ozuqasidir. Dinga sodiq insonlar har yerda sizga yordam qo‘lini uzatadilar. Chunki Tangridan qo‘rqish hissi ularni doimo to‘g‘ri yo‘lda tutib turadi.
Insonlarni yomonliklardan qaytaradigan kuch politsiya emas, bu kuch Tangri nazdidan hosil bo‘lgan kuchdir”.
***
Ilmiy kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, yolg‘iz kishilarga nisbatan oilalilar, dahriylarga nisbatan taqvodorlar o‘zlarini baxtliroq his etadilar.
***
Baxtimizning o‘ndan to‘qqiz ulushi sog‘lig‘imizga bog‘liq.
***
O‘z uyida baxtli bo‘lgan kishilargina baxtlidir.
Baxtli oilalarning hammasi bir-biriga o‘xshaydi, baxtsiz oilalarning har biri esa alohida baxtsizdir.
L.Tolstoy
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Qur’oni karimda “ONA” so‘zi ulug‘vor va mo‘tabar narsalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Shuningdek, Alloh taolo ularga hech kimga nasib qilmagan buyuk maqomni in’om etgan. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir” degan (14-oyat).
Mufassir Ibn Atiyya rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida: “Alloh taolo bu oyatda onaning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tgani, onalarning darajasi yuqori ekaniga ishora qiladi”, degan.
O‘z havoi nafslaridan biror so‘z aytmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish kerakligi so‘ralganda uch bora “onangga yaxshilik qil” deb javob berganlar.
Onaning vazifasi – farzandni dunyoga keltirish, boqish va uni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan cheklanadimi yoki ularning bundanda boshqa muhim hamda kattaroq mas’uliyatlari bormi?
Bu savolga zamonaviy ilm-fan bizga javob beradi...
Keling, savolga javobni ona qornida rivojlanadigan va ona tanasining ajralmas qismi hisoblangan homiladan boshlaylik. Onaning jismoniy holati va uning ovqatlanishi homilaga ta’sir qilganidek, onaning hissiy holati ham ta’sir qiladi.
2013 yilda Granada (Ispaniya) universiteti olimlari 5 yil davomida tadqiqot o‘tkazishdi. 17 ming nafar onalar va 18 ming chaqaloqlar qamrab olgan tadqiqotda sog‘lom ovqatlanish va emizishning farzand salomatligiga ta’sirini kuzatdilar.
Unga ko‘ra, homiladorlik vaqtida onalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va diyeta qilishi – farzandning sog‘lom tug‘ilishi va rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlangan. Tadqiqotda onaning aqliy salohiyatining yuqori bo‘lishi farzandga katta ta’sir etishi isbotlangan.
Shuningdek, onaning ruhiy holati homilaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi kuzatilgan. Ruhiy tushkunlik, depressiya, qayg‘u va tashvish ichki stress, xususan, kortizol gormonini keltirib chiqaradi.
Ona tushkunlikka tushganda kortizol farzand miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada bola miya qismidagi o‘zgarishlar sababli bezovtanaladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kortizol gormoni qondagi kislorod miqdoriga, natijada bolaning nafaqat tug‘ma nuqsonlar bilan yoki erta tug‘ilishi, hatto uning butun kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Stressni boshdan kechirgan homilador ayollardan dunyo kelgan farzandlarda ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.
Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ha, uning asorati nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlariga ta’sir o‘tkazgan.
Onaning bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehri farzandning maktabdagi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni, ayniqsa, matematika va chet tillari kabi fanlarni puxta o‘rganish qobiliyatini hamda o‘qish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – ona-bola o‘rtasidagi iliq munosabatlar sanaladi. Onaning stress holati esa, farzandning miyasiga jiddiy ta’sir qiladi.
Miyaning tubiga kirib borishga imkon beruvchi so‘nggi texnologiyalar onaning mehr-muhabbati bola miyasining gippokampus deb ataladigan qismiga ta’sir qilishi aniqlangan. U xotira hujayralarining yangilanishi, yodlab qolish qobiliyati va stressga javob berish vazifalarini bajaradi.
Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, gippokampus ko‘rsatkichi onasidan mehr ko‘rganlarda mehr ko‘rmagan bolalarga qaraganda yuqori ekani kuzatilgan.
Ruminiyada yoshligidan stressda, beparvo munosabatda ulg‘aygan bolalar ustida olib borilgan tadqiqot natijalarida ularning miya qismida qora tuynuklar borligi aniqlangan.
Gerhard Suyu o‘zining “Muhabbat qanday ta’sir qiladi?” nomli kitobida “Farzandga qilingan har qanday munosabat uning miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Agar farzandga doimiy ravishda qattiqqo‘llik, do‘q-po‘pisa qilinsa, u asabiy, qo‘rqoq, o‘z fikrini erkin bayon eta olmaydigan bo‘lib voyaga yetadi”.
AQSHda 3 mingga yaqin shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ona va bola o‘rtasida sog‘lom hissiy munosabatlar mavjud bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ijobiy ta’siri 74 yil davom etishi mumkinligini aniqlangan.
Demak, farzandning nafaqat sog‘lom, balki salohiyatli bo‘lishida ham Onalarning o‘rni va mas’uliyati shunchalik yuqori ekan.
Davron NURMUHAMMAD