frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

«FIQHI AKBAR» kitobi

06.11.2019   6433   3 min.
«FIQHI AKBAR» kitobi

(Davomi)

3-qism

Alloh taolo borliqni yaratganda uni biror narsadan olib yaratgan emas. Alloh barcha narsalarni yaratmasdan oldin ham azaldan bilur edi. Barcha narsalarning taqdir va qazosini Uning o‘zi belgilagan. Bu dunyodagi va oxiratdagi har bir narsa faqat uning xohishi, ilmi, qazosi, qadari, Lavhul­mahfuzga yozib qo‘yilishi bilan bo‘lur. Lekin, yozib qo‘yishi tavsif yo‘li bilandir, hukm yo‘li bilan emas, ya’ni majburiy emas. Qazo, qadar va xohish – Allohning azaliy sifatlari. Faqat ularning mohiyat va kayfiyati bandasiga ma’lum emas.

Yaratilmagan narsani Alloh taolo yaratmay turib yo‘q deb bilgani kabi, uni yaratgandan keyin qanday holatda bo‘lishini ham bilur. Shuningdek, mavjud narsani Alloh taolo mavjudligidagi holatni qanday bilsa, uning yo‘q bo‘lib ketish holatlarini ham shunday bilur. Yana Alloh taolo tik turgan kishini tikkalik holatini qanday bilsa, u o‘tirgach, o‘tirgan holatini ham shunday bilib turur. Lekin bu bilan Uning ilmi o‘zgarib qolmaydi yoki yangi ilm paydo bo‘lgan bo‘lmaydi. O‘zgarish va turlanish maxluqot va mavjudotlarda sodir bo‘lur.

Alloh taolo insonlarni yaratganda kufr va imondan xoli qilib yaratgan. So‘ngra ularni xitob qilib, ba’zi narsalarga buyurgan, ba’zi narsalardan qaytargan. Shulardan keyin kimki kufrni tanlagan bo‘lsa, demak, u o‘z ixtiyori bilan haqiqatni inkor etgach, Alloh toloning tavfiqidan mahrum holda kufrni tanlagan bo‘lur. Shuningdek, kimki imonni tanlagan bo‘lsa, u ham o‘z ixtiyori, iqtidori, tasdig‘i va Allohning tavfiqi hamda yordami bilan imon keltirgan bo‘lur.

Odam alayhissalomning pushti kamarlaridan qiyomatgacha dunyoga keladigan zurriyotlarni mayda zarrachalar shaklida chiqarib, ularga aql ato etdi va ularga xitob qilib, o‘z toatiga buyurdi, ma’siyatidan qaytardi. Ular Allohni Rabbimiz deb iqror etdilar. Bu ularning imoni deb sanaldi. Bas, har bir tug‘ilgan inson avlodi shu fitrat (tabiat) bilan dunyoga kelur. Shundan keyin har kim kufrga ketgan bo‘lsa, demak, u mazkur imonni o‘zgartirgan bo‘lur. Har kim imon keltirib, tasdiq etgan bo‘lsa, demak, u barqaror qolibdur va davom etibdur. Alloh taolo hech kimni kufrga ham, imonga ham majbur etmagay. Shuningdek, hech kimni mo‘min yoki kofir qilib yaratmagay. Balki, insonlarning har birini mustaqil shaxs sifatida yaratgan. Imon bilan kufr bandalarning ishidir. Alloh taolo kufrga ketgan kishini o‘sha paytning o‘zida kofir deb biladi. Qachonki u shundan keyin yana imon keltirsa, o‘sha paytning o‘zida uni mo‘min deb biladi va do‘st tutadi. Lekin uning ilmi ham, sifati ham o‘zgarmagan bo‘lur.

Bandalarning harakat va sukunatlaridan tortib barcha fe’llari haqiqatan ularning kasb va faoliyatlari hisoblanadi, lekin ularni Alloh yaratadi. Ularning hammasi Allohning xohishi, ilmi, qazosi va qadari bilan yuzaga keladi. Toat va savobli ishlar Allohning amri, muhabbati, rizosi, ilmi, xohishi, qazosi va taqdiri bilan amalga oshirilur. Toatsizlik va gunoh ishlar esa, Allohning ilmi, qazosi, taqdiri va xohishi bilan amalga oshirilsa­da, Uning muhabbati, rizosi va amri bilan emasdir.

 

 

(Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning

“Fiqhi akbar” kitobi)

 

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   35905   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV