بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي جَعَلَ النِّسَاءَ شَقَائِقَ الرِّجَالِ، وَأَكْرَمَهُنَّ أَفْضَلَ الْإِكْرَامِ فِي الْحَالِ وَالْمَآلِ، وَصَلَّى اللهُ وَسَلَّمَ عَلَيَ مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ ذَوِي الْفَضْلِ وَالْإِجْلَالِ، أَمَّا بَعْدُ
ISLOMDA AYOLLARGA MUNOSABAT
Muhtaram jamoat! Dinimizda har bir insonning u xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin jamiyatda o‘ziga yarasha o‘rni va hurmati bor. Alloh taolo har bir jins vakiliga uning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy holatiga mos, adolatli martaba ato etgan. O‘rni kelganda shariatimiz manbalarida ayolga bo‘lgan munosabat qanday ekanligini o‘rganib chiqish foydadan xoli emas. Chunki musulmonlar ichida ayollarni qadrlaydigan, hurmatini joyiga qo‘yadiganlar ko‘p bo‘lgani kabi, gohida ularning zaifaligini suiiste’mol qiladigan va haqlarini poymol qiladiganlar ham uchrab turadi.
Islom tarixiga nazar solsak, johiliyatda ayollarning deyarli huquqlari bo‘lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki o‘zlari bir buyum sifatida merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlangan. Hatto kelajakda qo‘liga qurol olib jang qila olmaydi, asirga tushib bizni nomusimizni yerga uradi, kambag‘allikka sabab bo‘ladi, deb qiz chaqaloqlarni tiriklay ko‘mish tez-tez uchrab turar edi. Insoniyatni zalolatdan hidoyatga olib chiqqan dinimiz, bu masalani ham adolatli hal qildi. Alloh taolo Qur’oni karimda barcha insonlar, jinsidan qat’iy nazar, teng ekanini va ularni bir jondan yaratganini bayon qiladi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا رَبَّكُمُ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ نَفْسٍ وَاحِدَةٍ وَخَلَقَ مِنْهَا زَوْجَهَا وَبَثَّ مِنْهُمَا رِجَالًا كَثِيرًا وَنِسَاءً...
ya’ni: “Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko‘p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo‘rqingiz!... ” (Niso surasi 1-oyat)
Ayollar Islomda ona, opa-singil, jufti halol va qiz sifatida hurmatlanadi. Ular meros oladi va meros qoldiradi, nikohda roziligi so‘raladi. Ular doim erkak qarindoshlari ta’minoti ostida bo‘lishadi. Qur’oni karimning o‘ndan ortiq suralarida va ko‘plab hadisi shariflarda ayollarga tegishli hukmlar mavjud. Hatto ular haqida “Niso” (“Ayollar”) deb nomlangan sura ham bor. Bularning hammasi Islom dinida ayollarga bo‘lgan yuksak e’tibordir.
Alloh taolo insonni yaratdi va boshqa jonzotlardan mukarram qildi. Bu mukarramlikda ayol ham erkakka sherikdir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ ...
ya’ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik...” (Isro surasi 70-oyat).
Ba’zi shar’iy istisnolarni hisobga olmaganda ayol kishi erkaklar bilan barobar dinga amal qiladi. U ham namoz o‘qiydi, ro‘za tutadi, boy bo‘lsa, zakot beradi, imkon topsa, haj qiladi.
Ayollar turli ibodat va yaxshiliklar uchun savob olishda ham erkaklarga tengdirlar. Bu haqida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
وَعَدَ اللَّهُ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَمَسَاكِنَ طَيِّبَةً فِي جَنَّاتِ عَدْنٍ
ya’ni: “Alloh mo‘minlar va mo‘minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaladigan jannat (bog‘)laridagi yoqimli maskanlarni va’da qildi” (Tavba surasi 72-oyat).
Ayol kishiga Alloh taolo ikki masalada mas’uliyat yuklaydi, biri – jufti uchun ruhiy, ma’naviy xotirjamlik, sukunat bo‘lish, ikkinchisi – farzand dunyoga keltirish va unga g‘amxo‘rlik qilish mashaqqatlari. Shariatimizda shu zalvorli mashaqqatlar muqobiliga bir nechta masalalarda ayollarning ruhiy, jismoniy holati e’tiborga olinib, ularga ikrom ko‘rsatilgan, yengillik berilgan:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ...
ya’ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir...” (Niso surasi 34-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarni kamsitishga chek qo‘yish va ularning jamiyatdagi o‘rnini anglatish uchun ummatlarga yetarlicha ko‘rsatmalar berganlar. U Zot alayhissalom yaratilish jihatidan erkak va ayolning asli birligi haqida shunday deydilar:
إِنَّمَا النِّسَاءُ شَقَائِقُ الرِّجَالِ
(رواه الامام أبو داود عن عائشة رضي الله عنها)
ya’ni: “Albatta, ayollar – erkaklarning tug‘ishganlari” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Afsuski, hozirgacha qiz farzand dunyoga kelsa, xafa bo‘lish, o‘g‘il tug‘mading, deb xotiniga zug‘um o‘tkazish hollari kuzatilmoqda. Vaholanki, Payg‘ambarimiz alayhissalom bizga qiz farzandlarni chiroyli ta’minot qilish, tarbiyalab, turmushga uzatish jannatdagi oliy martabalarga sabab bo‘lishini uqtiradilar:
مَنْ عَالَ ابْنَتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا، أَوْ أُخْتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا، حَتَّى يَبِنَّ أَوْ يَمُوتَ عَنْهُنَّ كُنْتُ أَنَا وَهُوَ فِي الْجَنَّةِ كَهَاتَيْنِ - وَأَشَارَ بِاِصْبَعِهِ الْوُسْطَى وَالَّتِي تَلِيْهَا
رواه الامام ابن ماجه عن أنس ـرضي الله عنه
ya’ni: “Kim ikki-uch qiz yoki singilni (g‘amxo‘rlik qilib) tarbiyalasa va ular undan ajralsalar (ya’ni, turmushga chiqib ketsalar) yoki o‘sha kishining o‘zi vafot etsa, men va u jannatda mana shunday bo‘lamiz (deb, o‘rta va ko‘rsatgich barmoqlariga ishora qildilar)” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Ayollardagi jismoniy zaiflik qoralanmaydi. Chunki ular bunga aybdor emas. Qalblarining nozikligi, his-tuyg‘ularining kuchliligi esa, mo‘tadil bo‘lsa, maqtovga loyiqdir. Bu narsa ulardagi latofat va go‘zallikni ziyoda qiladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom ayollardagi mana shu zaiflikni doim e’tiborga olar va ularni himoya qilishga haris edilar. Hatto vidolashuv hajlaridagi mashhur xutbada ham, ayollarga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishni qayta-qayta vasiyat qildilar. U Zot alayhissalom birorta ayollariga qo‘l ko‘tarmadilar, ularga yaxshilik qilishda ummatga ibrat bo‘ldilar va shu ishga targ‘ib qildilar:
خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ، وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْلِي (رواه الامام الترمذي عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما)
ya’ni: “Yaxshilaringiz – oila ahliga yaxshi bo‘lganidir. Men – ahli ayoliga eng yaxshingizman” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ayollar Islomda ona sifatida benihoya qadr topdilar. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning jufti halollari Qur’onda Qiyomatgacha keladigan mo‘minlarning onasi, deb e’lon qilindi. Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligida, deb e’tiborga olindi. Hatto hadisi shariflarda yaxshilik qilishni onadan boshlash tavsiya qilindi.
Kunlarning birida Muoviya ibn Johima as-Sulamiy raziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalom huzuriga kelib: “Alloh taolo yo‘lida jihod qilmoqchiman”, – deb ruxsat so‘raydi. Payg‘ambarimiz alayhisalom uning onasi tirikligini bilib, onasiga xizmat qilishni buyuradilar. Yana ruxsat so‘rayvergach, U Zot: “Baraka topgur, volidangizning oyog‘iga mahkam yopishing, o‘sha yerda jannat bor!” – deydilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Dinimizda kishi o‘ziga ham, o‘zgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Xususan, jufti haloli, umr yo‘ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yo‘qotgan ba’zi kishilar jiddiy bir sababsiz o‘z ayolini nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talog‘ini berib yo‘lini ochadi. Bu bilan er Alloh taoloning bir qancha (oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi) katta ne’matlariga noshukrlik qilgan bo‘ladi.
Ba’zi nomardlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog‘ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po‘pisa qiladi. Bu yetmagandek, aslida o‘zining zimmasida bo‘lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo‘yniga yuklab qo‘yadi. Natijada ayol na erli bo‘lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Ojizalarning haqlari poymol bo‘lmoqda. Shuni ta’kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo‘lga kirsa, zinoga qo‘l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo‘ladi.
Ba’zi holatlarda uzoq muddat chet ellarda yuradigan kishilar, u yerlarda fahsh ishlarga o‘ralashib, kasbining barakasini qochirib, turli kasalliklarni yuqtirib kelmoqdalar. Gohida bedavo kasalliklarni ularni kutib turgan pok ayollariga yuqtirib, o‘zlariga ham, juftlariga ham jabr qilishmoqda.
Alloh taolo Qur’oni karimda ayollarga go‘zal muomalada bo‘lishga targ‘ib qilib, ularga zarar berish maqsadida ushlab turishdan qaytardi. Bu ishni “haddan oshish” va “zulm” deb atadi. Taloq masalasi Alloh taoloning oyatlaridandir. Bu haqda oyati karimada shunday deyilgan:
وَإِذَا طَلَّقْتُمُ النِّسَاءَ فَبَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَأَمْسِكُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ أَوْ سَرِّحُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا...
ya’ni: “Xotinlarni taloq qilganingizda (ular idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan javoblarini beringiz. Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o‘ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi 231-oyat).
Muhtaram jamoat! Hozirgi vaqtda dinimiz dushmanlari Islom dinini yomon ko‘rsatish maqsadida ayol-qizlardan qurol sifatida foydalanmoqda. Darhaqiqat, ayrim nizo o‘choqlarida bo‘layotgani kabi ayollarga zug‘um o‘tkazish, ularni qul qilib sotish, jangarilarning jinsiy hirsini qondirishni “nikoh jihodi”, deb niqoblashmoqda. Ularning qo‘llariga qurol berib jangga yo‘llash, o‘zini portlatish kabi ishlarga yo‘naltirish, tinch islomobod yurtidan erining ruxsatisiz, ota-onasi va farzandlarini qon qaqshatib tashlab chiqib ketish va bu razolatini “hijrat” deb atash, boshida eri bo‘la turib soxta mujohidga erga tegish kabilar muqaddas dinimizda mutlaqo harom amallardan sanaladi.
Alloh taolo oila masalalarida aksar o‘rinlarda erkaklarga xitob qilgan. Bu – oilada erkakning mas’ulligiga ishora! Bu rahbarlik vazifasini suiiste’mol qilib, uni ojizalarga zulm qilishga vosita qilib olmaslik kerak.
Yurtimizda ayollarni har jihatdan qadrlash, ijtimoiy-huquqiy tomondan himoya qilish davlat tomonidan amalga oshiriladi. Ayollar hamma sohalarda erkaklar bilan teng huquqlilik asosida faoliyat olib borishmoqda. Ularning ichida rahbar xodimlar ham bor.
2019 yil 9 sentyabrda bir yo‘la ikkita O‘zbekiston Respublikasining Qonuni e’lon qilindi.
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda mazkur qonunning mazmun mohiyati va ahamiyati haqida gapirib beradilar...)
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda mazkur qonunning mazmun mohiyati va ahamiyati haqida gapirib beradilar...)
Buning ustiga yurtimizda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi va Oila markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirda xotin-qizlarning ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda, har bir mahallada malakali otinoyilar xizmat qilib turibdilar.
Xulosa qilib aytamizki, dinimizda ayollarni qadrlash, ularni asrab-avaylash qattiq targ‘ib qilingan amaldir. Chunki ular – onalarimiz, juftlarimiz va singillarimizdir. Qadimdan Islom diniga amal qilib kelgan xalqimizning milliy qadriyatlarida ayol zoti e’zozlanadi. Davlatimiz tomonidan ham ayollarga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatilib, ularni har jihatdan himoya qilib kelinmoqda.
Alloh taolo barchamizga shariatimiz ko‘rsatganidek, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam namuna bo‘lganlaridek ayollarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish va chiroyli muomala qilish baxtini nasib qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ISLOMDA BAG‘RIKЕNGLIK” mavzusida bo‘ladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.