Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

08.11.2019 y. Islomda ayollarga munosabat

5.11.2019   6604   14 min.
08.11.2019 y. Islomda ayollarga munosabat

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي جَعَلَ النِّسَاءَ شَقَائِقَ الرِّجَالِ، وَأَكْرَمَهُنَّ أَفْضَلَ الْإِكْرَامِ فِي الْحَالِ وَالْمَآلِ، وَصَلَّى اللهُ وَسَلَّمَ عَلَيَ  مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ ذَوِي الْفَضْلِ وَالْإِجْلَالِ، أَمَّا بَعْدُ

ISLOMDA AYOLLARGA MUNOSABAT

Muhtaram jamoat! Dinimizda har bir insonning u xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin jamiyatda o‘ziga yarasha o‘rni va hurmati bor. Alloh taolo har bir jins vakiliga uning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy holatiga mos, adolatli martaba ato etgan. O‘rni kelganda shariatimiz manbalarida ayolga bo‘lgan munosabat qanday ekanligini o‘rganib chiqish foydadan xoli emas. Chunki musulmonlar ichida ayollarni qadrlaydigan, hurmatini joyiga qo‘yadiganlar ko‘p bo‘lgani kabi, gohida ularning zaifaligini suiiste’mol qiladigan va haqlarini poymol qiladiganlar ham uchrab turadi.

Islom tarixiga nazar solsak, johiliyatda ayollarning deyarli huquqlari bo‘lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki o‘zlari bir buyum sifatida merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlangan. Hatto kelajakda qo‘liga qurol olib jang qila olmaydi, asirga tushib bizni nomusimizni yerga uradi, kambag‘allikka sabab bo‘ladi, deb qiz chaqaloqlarni tiriklay ko‘mish tez-tez uchrab turar edi. Insoniyatni zalolatdan hidoyatga olib chiqqan dinimiz, bu masalani ham adolatli hal qildi.  Alloh taolo Qur’oni karimda barcha insonlar, jinsidan qat’iy nazar, teng ekanini va ularni bir jondan yaratganini bayon qiladi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا رَبَّكُمُ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ نَفْسٍ وَاحِدَةٍ وَخَلَقَ مِنْهَا زَوْجَهَا وَبَثَّ مِنْهُمَا رِجَالًا كَثِيرًا وَنِسَاءً...

ya’ni: “Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko‘p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo‘rqingiz!... ” (Niso surasi 1-oyat)

Ayollar Islomda ona, opa-singil, jufti halol va qiz sifatida hurmatlanadi. Ular meros oladi va meros qoldiradi, nikohda roziligi so‘raladi. Ular doim erkak qarindoshlari ta’minoti ostida bo‘lishadi. Qur’oni karimning o‘ndan ortiq suralarida va ko‘plab hadisi shariflarda ayollarga tegishli hukmlar mavjud. Hatto ular haqida “Niso” (“Ayollar”) deb nomlangan sura ham bor. Bularning hammasi Islom dinida ayollarga bo‘lgan yuksak e’tibordir.

Alloh taolo insonni yaratdi va boshqa jonzotlardan mukarram qildi. Bu mukarramlikda ayol ham erkakka sherikdir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ ...

ya’ni:Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik...” (Isro surasi 70-oyat).

Ba’zi shar’iy istisnolarni hisobga olmaganda ayol kishi erkaklar bilan barobar dinga amal qiladi. U ham namoz o‘qiydi, ro‘za tutadi, boy bo‘lsa, zakot beradi, imkon topsa, haj qiladi.

Ayollar turli ibodat va yaxshiliklar uchun savob olishda ham erkaklarga tengdirlar. Bu haqida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:

وَعَدَ اللَّهُ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَمَسَاكِنَ طَيِّبَةً فِي جَنَّاتِ عَدْنٍ

ya’ni: “Alloh mo‘minlar va mo‘minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaladigan jannat (bog‘)laridagi yoqimli maskanlarni va’da qildi” (Tavba surasi 72-oyat).

Ayol kishiga Alloh taolo ikki masalada mas’uliyat yuklaydi, biri – jufti uchun ruhiy, ma’naviy xotirjamlik, sukunat bo‘lish, ikkinchisi – farzand dunyoga keltirish va unga g‘amxo‘rlik qilish mashaqqatlari. Shariatimizda shu zalvorli mashaqqatlar muqobiliga bir nechta masalalarda ayollarning ruhiy, jismoniy holati e’tiborga olinib, ularga ikrom ko‘rsatilgan, yengillik berilgan:

  1. Hayotning turli jabhalaridagi javobgarlik mas’uliyati erkakka yuklatildi, bu mashaqqatlardan ayollar ozod qilindilar. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ...

ya’ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir...” (Niso surasi 34-oyat).

  1. Islom ayollardan urushda qatnashish majburiyatini olib tashladi.
  2. Islom ayollarni juma namozi va jamoatga hozir bo‘lishga buyurmadi.
  3. Guvohlik berish mas’uliyati ham ayollar uchun erkaklarnikidan ikki barobar yengil qilindi. Qasos va jinoyatlarda guvohlik berish mas’uliyatini ulardan soqit qildi. Lekin ayollarga xos masalalarda ularning guvohligi komil hisoblanadi va bu shariatimizning ularga katta ishonch bildirishidir.
  4. Ayol kishi ro‘zg‘origa xarajat qilishga majbur emas. Bu to‘lig‘icha erning vazifasi. Er xotinning mulkiga daxl qilmasdan mahr beradi, to‘y qiladi, uy-joy bilan ta’minlaydi, xotin bola-chaqasini parvarish qiladi. Bu holat ayol uchun moliyaviy imtiyozdir.
  5. Agar hamroh bo‘ladigan mahrami bo‘lmasa, ayollarga haj farz qilinmadi.
  6. Islomda kim ayolga zino bilan tuhmat qilsa, unga jazo tayinlanadi.
  7. Islomda, agar er zulm qilsa, xotinga xulu’ – taloq (ajrashish)ni talab qilishga ruxsat beriladi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarni kamsitishga chek qo‘yish va ularning jamiyatdagi o‘rnini anglatish uchun ummatlarga yetarlicha ko‘rsatmalar berganlar. U Zot alayhissalom yaratilish jihatidan erkak va ayolning asli birligi haqida shunday deydilar:

إِنَّمَا النِّسَاءُ شَقَائِقُ الرِّجَالِ

(رواه الامام أبو داود عن عائشة رضي الله عنها)

ya’ni: “Albatta, ayollar – erkaklarning tug‘ishganlari” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Afsuski, hozirgacha qiz farzand dunyoga kelsa, xafa bo‘lish, o‘g‘il tug‘mading, deb xotiniga zug‘um o‘tkazish hollari kuzatilmoqda. Vaholanki, Payg‘ambarimiz alayhissalom bizga qiz farzandlarni chiroyli ta’minot qilish, tarbiyalab, turmushga uzatish jannatdagi oliy martabalarga sabab bo‘lishini uqtiradilar:

مَنْ عَالَ ابْنَتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا، أَوْ أُخْتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا، حَتَّى يَبِنَّ أَوْ يَمُوتَ عَنْهُنَّ كُنْتُ أَنَا وَهُوَ فِي الْجَنَّةِ كَهَاتَيْنِ - وَأَشَارَ بِاِصْبَعِهِ الْوُسْطَى وَالَّتِي تَلِيْهَا

رواه الامام ابن ماجه عن أنس ـرضي الله عنه

ya’ni: “Kim ikki-uch qiz yoki singilni (g‘amxo‘rlik qilib) tarbiyalasa va ular undan ajralsalar (ya’ni, turmushga chiqib ketsalar) yoki o‘sha kishining o‘zi vafot etsa, men va u jannatda mana shunday bo‘lamiz (deb, o‘rta va ko‘rsatgich barmoqlariga ishora qildilar)” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

    Ayollardagi jismoniy zaiflik qoralanmaydi. Chunki ular bunga aybdor emas. Qalblarining nozikligi, his-tuyg‘ularining kuchliligi esa, mo‘tadil bo‘lsa, maqtovga loyiqdir. Bu narsa ulardagi latofat va go‘zallikni ziyoda qiladi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom ayollardagi mana shu zaiflikni doim e’tiborga olar va ularni himoya qilishga haris edilar. Hatto vidolashuv hajlaridagi mashhur xutbada ham, ayollarga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishni qayta-qayta vasiyat qildilar. U Zot alayhissalom birorta ayollariga qo‘l ko‘tarmadilar, ularga yaxshilik qilishda ummatga ibrat bo‘ldilar va shu ishga targ‘ib qildilar:

خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ، وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْلِي (رواه  الامام الترمذي عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما)

ya’ni: “Yaxshilaringiz – oila ahliga yaxshi bo‘lganidir. Men – ahli ayoliga eng yaxshingizman” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ayollar Islomda ona sifatida benihoya qadr topdilar. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning jufti halollari Qur’onda Qiyomatgacha keladigan mo‘minlarning onasi, deb e’lon qilindi. Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligida, deb e’tiborga olindi. Hatto hadisi shariflarda yaxshilik qilishni onadan boshlash tavsiya qilindi.

Kunlarning birida Muoviya ibn Johima as-Sulamiy raziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalom huzuriga kelib: “Alloh taolo yo‘lida jihod qilmoqchiman”, – deb ruxsat so‘raydi. Payg‘ambarimiz alayhisalom uning onasi tirikligini bilib, onasiga xizmat qilishni buyuradilar. Yana ruxsat so‘rayvergach, U Zot: “Baraka topgur, volidangizning oyog‘iga mahkam yopishing, o‘sha yerda jannat bor!” –  deydilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Dinimizda kishi o‘ziga ham, o‘zgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Xususan, jufti haloli, umr yo‘ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yo‘qotgan ba’zi kishilar jiddiy bir sababsiz o‘z ayolini nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talog‘ini berib yo‘lini ochadi. Bu bilan er Alloh taoloning bir qancha (oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi) katta ne’matlariga noshukrlik qilgan bo‘ladi.

Ba’zi nomardlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog‘ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po‘pisa qiladi. Bu yetmagandek, aslida o‘zining zimmasida bo‘lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo‘yniga yuklab qo‘yadi. Natijada ayol na erli bo‘lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Ojizalarning haqlari poymol bo‘lmoqda. Shuni ta’kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo‘lga kirsa, zinoga qo‘l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo‘ladi.

Ba’zi holatlarda uzoq muddat chet ellarda yuradigan kishilar, u yerlarda fahsh ishlarga o‘ralashib, kasbining barakasini qochirib, turli kasalliklarni yuqtirib kelmoqdalar. Gohida bedavo kasalliklarni ularni kutib turgan pok ayollariga yuqtirib, o‘zlariga ham, juftlariga ham jabr qilishmoqda.

Alloh taolo Qur’oni karimda ayollarga go‘zal muomalada bo‘lishga targ‘ib qilib, ularga zarar berish maqsadida ushlab turishdan qaytardi. Bu ishni “haddan oshish” va “zulm” deb atadi. Taloq masalasi Alloh taoloning oyatlaridandir. Bu haqda oyati karimada shunday deyilgan:

وَإِذَا طَلَّقْتُمُ النِّسَاءَ فَبَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَأَمْسِكُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ أَوْ سَرِّحُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا...

ya’ni: “Xotinlarni taloq qilganingizda (ular idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan javoblarini beringiz. Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o‘ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi 231-oyat).

Muhtaram jamoat! Hozirgi vaqtda dinimiz dushmanlari Islom dinini yomon ko‘rsatish maqsadida ayol-qizlardan qurol sifatida foydalanmoqda. Darhaqiqat, ayrim nizo o‘choqlarida bo‘layotgani kabi ayollarga zug‘um o‘tkazish, ularni qul qilib sotish, jangarilarning jinsiy hirsini qondirishni “nikoh jihodi”, deb niqoblashmoqda. Ularning qo‘llariga qurol berib jangga yo‘llash, o‘zini portlatish kabi ishlarga yo‘naltirish, tinch  islomobod yurtidan erining ruxsatisiz, ota-onasi va farzandlarini qon qaqshatib tashlab chiqib ketish va bu razolatini “hijrat” deb atash, boshida eri bo‘la turib soxta mujohidga erga tegish kabilar muqaddas dinimizda mutlaqo harom amallardan sanaladi.

Alloh taolo oila masalalarida aksar o‘rinlarda erkaklarga xitob qilgan. Bu – oilada erkakning mas’ulligiga ishora! Bu rahbarlik vazifasini suiiste’mol qilib, uni ojizalarga zulm qilishga vosita qilib olmaslik kerak.

Yurtimizda ayollarni har jihatdan qadrlash, ijtimoiy-huquqiy tomondan himoya qilish davlat tomonidan amalga oshiriladi. Ayollar hamma sohalarda erkaklar bilan teng huquqlilik asosida faoliyat olib borishmoqda. Ularning ichida rahbar xodimlar ham bor.

2019 yil 9 sentyabrda bir yo‘la ikkita O‘zbekiston Respublikasining Qonuni e’lon qilindi.

  1. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”. Ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda mazkur qonunning mazmun mohiyati va ahamiyati haqida gapirib beradilar...)

  1. “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”. Ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda mazkur qonunning mazmun mohiyati va ahamiyati haqida gapirib beradilar...)

Buning ustiga yurtimizda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi va Oila markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirda xotin-qizlarning ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda, har bir mahallada malakali otinoyilar xizmat qilib turibdilar.

Xulosa qilib aytamizki, dinimizda ayollarni qadrlash, ularni asrab-avaylash qattiq targ‘ib qilingan amaldir. Chunki ular – onalarimiz, juftlarimiz va singillarimizdir. Qadimdan Islom diniga amal qilib kelgan xalqimizning milliy qadriyatlarida ayol zoti e’zozlanadi. Davlatimiz tomonidan ham ayollarga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatilib, ularni har jihatdan himoya qilib kelinmoqda.  

Alloh taolo barchamizga shariatimiz ko‘rsatganidek, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam namuna bo‘lganlaridek ayollarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish va chiroyli muomala qilish baxtini nasib  qilsin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ISLOMDA BAG‘RIKЕNGLIK” mavzusida bo‘ladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   1898   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.