Kuz faslida daraxt barglarining ko‘p va ketma-ket to‘kilishini, yo‘laklarda sochilib yotishini, shamol essa qurigan barglar yerni qoplab olishini ko‘p bora kuzatganmiz. Bugun ham ko‘chalarda ana shu manzaraga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Gunohlarimiz ham zikr sababli xuddi shunday to‘kiladi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اذْكُرُوا اللَّهَ ذِكْراً كَثِيراً وَسَبِّحُوهُ بُكْرَةً وَأَصِيلاً
“Ey iymon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar. Va ertayu kech uni poklab yod etinglar”. (Ertalab ham, kechqurun ham dunyoda katta o‘zgarishlar ro‘y beradi. Shuning uchun ham bu ikki vaqtda Allohni poklab yod etish alohida ta’kidlanmoqda.) (Ahzob surasi, 41-42-oyatlar).
Azizlar, Alloh taolo bu oyatda O‘zini ko‘p zikr qilishimizni buyurmoqda. Keyingi oyatda esa O‘zini ertayu kech poklab yod etishimizni amr qilmoqda. “Poklab yod etish” arabchada “Tasbeh” deyiladi. Ya’ni bu Subhanalloh deyishdir. Bu ulug‘ zikrlardandir. Demak, Robbimizni ko‘p zikr qilishimiz uchun Uni ertayu kech, doim zikr qilib yurishga barchamiz odatlanishimiz kerak!
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barglari qurigan daraxt yonidan o‘tdilar. Aso bilan daraxtga urgandilar, barglar to‘kildi. Shunda u zot alayhissalom: «Albatta, Alhamdulillah, Subhanalloh, Laa ilaaha illalloh, Allohu Akbar bandaning gunohlarini, xuddi ushbu daraxt barglari to‘kilgani kabi to‘kib yuboradi» dedilar.
Demak, qilgan gunohlarimizga astoydil tavba qilish bilan birga ushbu hadisda keltirilgan zikrlarni ixlos bilan ko‘proq aytib yursak, inshaa Alloh, gunohlardan forig‘ bo‘lamiz.
Qarang, ushbu hadisda kelgan zikrlar tilga oson. Ularni aytish uchun insonda ixlos, muhabbat bo‘lishi kerak. Bir daqiqa ichida mazkur zikrlarni ko‘p bor aytish mumkin. Ana shunda, avvalo, Allohni zikr qilganimiz uchun savobga erishamiz, qolaversa, gunohlardan ham qutulamiz.
Alloh taolo bizni ko‘p zikr qiluvchi zokir bandalarlaridan qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Agar sovchi qo‘yilgan ayol yoki uning valiysi tomonidan mazkur sovchilikka rozilik javobi berilsa, unashtirilgan bo‘ladi.
Unashtirish ikki tomondan oila qurish uchun berilgan va’dadir. Bu narsa ham uylanish, er‑xotin bo‘lish emas. Shuning uchun ham unashtirilgan ikki kishi bir-biriga ajnabiy – begona holida turadilar. Ular "unashtirib qo‘yildik", deb xilvatda yolg‘iz qolishlari, bir-birlari bilan er‑xotindek muomalada bo‘lishlari mutlaqo mumkin emas, faqat nikoh aqdidan keyingina er‑xotin bo‘ladilar.
Unashtirilgandan keyin to‘y qilib, oila qurish eng marg‘ub ishdir. Unashtirilgandan so‘ng ajrashish yaxshi emas. Lekin uzrli sabablarga ko‘ra ajrashishsa, joiz.
Unashtirilish faqat va’dadan iborat bo‘lganligi uchun, undan keyin ajrashish oqibatida hech qanday majburiyatlar sobit bo‘lmaydi.
Agar bu orada hadya oldi-berdisi bo‘lgan bo‘lsa, aynigan tomon zarariga bo‘ladi. Misol uchun, erkak aynigan bo‘lsa, berganini qaytarib olishga haqqi bo‘lmaydi. Agar ayol kishi aynigan bo‘lsa, hadyani erkak tarafga qaytarib bergani yaxshi.
Ushbu ishlarning barchasi o‘zaro hurmat va Islomiy odob asosida olib borilishi lozim. Nasib bo‘lmay, oila qurishga ittifoq qilinmay, sovchilik yoki unashtirishdan keyin ajralish ro‘y beradigan bo‘lsa ham, bir-birlarining obro‘larini to‘kmay, yaxshilik bilan ajralishlari zarur.
«Baxtiyor oila» kitobidan