Zamonaviy voqealik diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmning salohiyati ham sifat va miqdor jihatdan jiddiy o‘sganini ko‘rsatmokda. Bu esa o‘z navbatida diniy terrorizmning global xavfsizlikka yunaltirilgan jiddiy tahdidga aylanayotganini bugundagi voqealiklardan ko‘rib, bilib turamiz. Globallashuv jarayonlari va yirik geosiyosiy davlatlar orasidagi uzaro manfaatlar to‘qnashuvi va shu bilan birga fan – texnika yutuqlaridan bor bo‘yicha foydalanish xalqaro terrorizmning “boy ozuqa”si xisoblanadi.
Diniy ekstremizm jamiyat uchun an’anaviy bo‘lgan diniy qadriyatlar va aqidaviy ahkomlarni rad etish, o‘z g‘oyalarini murosasizlik va mutaassiblarcha targ‘ib qilishdan iborat. Markaziy Osiyoda qurib olgan shunday tashkilotlar mintaqa xalqlari uchun ming yillardan beri an’anaviy hisoblangan hanafiy mazhabi va moturidiya aqidasini rad qilib, aholii o‘rtasida siyosiylashtirilgan islom g‘oyalarini singdirishga va bu bilan yoshlar ongini zaharlab, o‘zlarining razil va qabih g‘oyalarini amalga oshirishda ulardan ishchi qurol o‘rnida foydalanishga urinmoqdalar. Terrorizm muayyan siyosiy maqsadlar ustiga qurilgan zo‘ravonlikka asoslangan kuchdir. Ularning maqsadi o‘z rejalarini amalga oshirish jarayonida, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish, axolining keng qatlamlarini qo‘rquv va vahima ostida ushlab turish. Terrorizmning bosh maqsadi qonuniy hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishdan iborat.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar, odamlarimizning to‘q va farovon yashayotganliklari, yaratib berilgan imtiyoz va erkinliklar, eng asosiysi, tinch xayotimiz ana shu xalqaro terroristik va diniy ekstremistik tashkilotlar va ularning ma’naviy rahnamolariga yoqmayapti. Shu boisdan ular zo‘r berib, o‘z g‘arazli maqsadlari – g‘oyalarini yoyishga, millat birligi, yurt tinchligiga rahna solishga urinishmoqda.
Diniy – ekstremistik guruhlarning bosh maqsadi – «xalifalik» yoki «islom amirligi» tuzish shiori ostida xokimiyatni egallashdir. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida hech qanday qabihlikdan qaytishmaydi. Avvalo, aholiga hanafiylik mazhabiga zid mutaassib g‘oyalarni singdirish, ijtimoiy – siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, hukumatga tazyiq o‘tkazish, aholi orasida qo‘rquv, porakandalik, davlatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini shakillantirish hamda Respublika rahbariyati tomonidan din sohasida olib borilayotgan siyosatni obro‘sizlantirish kabi oraliq maqsadlariga bo‘ysindirilgan faoliyat olib borishga harakat qilishadi. Ularning asosiy faoliyat uslublari ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, video va audio tasmalarni tarqatish, yashirin guruhlar tuzish, o‘z a’zolarini davlat tizilmalariga kiritishga intilish, mavjud ijtimoiy – siyosiy voqealikni keskin qoralash, davlat va diniy idora vakilliklarini obro‘sizlantirish hamda shu bilan birga terroristik harakatlarni o‘tkazishdan iborat.
Ming afsuslar bo‘lsinkim, aqidaparast oqim va guruhlarning yovuz faoliyati tufayli, dunyoning turli nuqtalarida ming-minglab begunoh odamlarning qoni to‘kilmoqda.
Diniy ekstremistik va terroristik guruhlarning peshvolari birinchi navbatda yoshlarimiz orasiga kirib olishga, ularning endi shakllanayotgan ongi, tasavvurini o‘zlarining botil va yovuz yo‘llariga solishga intilishadi. Bu maqsad yo‘lida hech narsadan toyishmaydi. Turmushning kichik muammolarini dastak qilish, moddiy qo‘llab-quvvatlash orqali o‘z yo‘liga tortish sinalgan usullardan biri.
Yoki qadim kadriyatlar, mustahkam aqidalarni buzish, ularni boshqacha talqinga solish ham ko‘p qo‘llaniladigan usullardan biri.
Aqidaparast oqimlar birinchi navbatda kelajagimiz bo‘lmish yoshlarga ko‘z tikishlari bejiz emas. Bugungi yoshlar ertangi kunimizni, taraqqiyotini belgilab beruvchi kuchdir.
Dinimizda tarbiyaga alohida o‘rin berilishi bejiz emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Hyech bir ota o‘z farzandiga yaxshi tarbiya va go‘zal odobdan buyukroq hadya bera olmas», — deb marhamat qilganlar. Farzandlarimizning faol, vatanparvar yoshlarga aylanishi ko‘p jihatdan ota-onaga bog‘lik. Xalqimizning “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” maqoli bejiz aytilmagan. Bu borada nafaqat ota-ona mahalla-ko‘y, o‘quv dargohlari, jamoat tashkilotlari hamkorligida ish olib borishlari darkor.
Yoshlarimizni notanish, maqsadi yovuz bo‘lgan da’vatchilardan asrash lozim. Biz yoshlarimiz ongi va ruhiyatini zaharlashga qaratilgan g‘oyalardan qat’iyat bilan himoya qilsakkina, har qanday g‘arazgo‘y kuchlar yurtimiz mustaqilligi va uning porloq kelajagiga rahna sola olmaydi.
O‘.Jumanazarov
Hazorasp tumani “Shoxpir” masjidi imom-noibi
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati