Ummu Honiy – ismlari Fahitadir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning amakilari Abu Tolibning qizi bo‘lib, Hazrati Ali roziyallohu anhuning opasidir. Ismlari xususida turli rivoyatlar mavjud. Masalan: Hind, Atiqa yoki Fotima kabi ismlarni keltirgan roviylari ham bor. Ammo, eng mashhur bo‘lgani Fahitadir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bir necha yosh kichik bo‘lgan. Axloq va farosatda benazir ayol bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam onalari Omina onamizning vafotidan so‘ng Hadicha binti Huvaylid roziyallohu anhoga uylangunlariga qadar amakilari Abu Tolibning uyida yashadilar.
Bu yillar davomida o‘zlarini Abu Tolib oilasining bir a’zosidek ko‘rar, aslo yolg‘izlikni his etmasdilar. U paytda Fahita kichkina bir qiz edi.
Vaqt o‘tib Fahita voyaga yetdi. Qavmi ichida mavqei ulug‘, so‘zini o‘tkaza oladigan, Mahzum o‘g‘illarining eng ko‘zga ko‘ringan kishilaridan biri Hubayra ibn Vahb, Fahitani so‘rab kelganida Abu Tolib rozilik bildirdi. Fahita Hubayradan ikrom va ehtirom ko‘rdi. Uning himoyasida baxtiyor hayot kechirdi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tib. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga vahiy nozil bo‘ldi. Ahli oilasini, qarindoshlarini va qavmini Islomga da’vat etdi. Bir qismi unga ishondi va to‘g‘ri yo‘lni topdi, bir qismi ishonmadi va kofir bo‘ldi. Hubayra adashganlar orasida edi. Mushriklar iymon keltirmaygina qolmay, zulm va jafo bilan, Islomning yoyilipshga to‘sqinlik qilardilar. Ammo, Hubayra Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan o‘rtalaridagi qarindoshlikka rioya qilib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shaxsiyatlariga hurmat ko‘rsatar edi. Dastlab, Fahita ham eriga ergashib, Islomga kirmadi.
Lekin, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga berilgan mo‘jizalardan biri “isro va me’roj” voqeasi aynan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ummu Honiyning uyida mehmon bo‘lib sodir bo‘ldi. Ummu Honiy bu kecha haqida shunday hikoya qiladi:
“Isro voqeasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mening uyimda mehmon ekanliklarida bo‘ldi. Bu kecha Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xufton namozini o‘qib, uxladilar. Biz ham uxlayotgan edik. Erta bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizni uyg‘otdilar va:
— Ey Ummu Honiy! Ko‘rganingdek xufton namozini ham bu yerda o‘qidim. Hozir ham sizning yoningizda bomdod namozini ado qildim, — deya ta’kidladilar. So‘ngra uydan chiqish uchun o‘rnilaridan turdilar. Men ketmasin deb, ridolarining bir uchini tutdim. Qorinlari ko‘rindi. Ko‘ylaklari Misrda to‘qilgan, katandan qilingan ohorli ko‘ylakka o‘xshar edi.
— Ey Allohnish payg‘ambari, buni insonlarga aytmang. Sizni yolg‘onchiga chiqarib, aziyat berishadi, — dedim.
— Allohga qasamki, bu voqeani ularga aytaman, — dedilar. Shunda men bir habash joriyamga: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni kuzatib bor. Insonlarga nima haqida gapirganlarini va ularning javoblarnin eshit”, dedim.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oldimizdan chiqib, boshqa kishilarga ham bizga aytgan gaplarini aytdilar. Ko‘pchilik o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va:
— Buni qanday isbotlaysan, ey Muhammad. Biz bunday narsa haqida hech eshitmaganmiz, — dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam :
— Dalil shuki, men falon vodiyda, falon kishilarning karvoniga duch keldim. Ularning tuyalari bir hayvondan hurkib, qochib ketgan ekan. Men ularga tuyalari turgan joyni ko‘rsatdim. Bu men Shomda bo‘lgan paytimda yuz bergan edi. So‘ngra yo‘limda davom etdim. Makka yaqinidagi Tixoma degan joyda Dajnon tog‘iga duch kelganimda falon-falon kishilarnint karvoniga to‘qnash keldim. Ular uxlab yotardilar. Suv solingan bir idishlari bor edi. Ustiga bir narsa o‘ralgandi. Yopkichni olib, ichidagi suvni ichdim. Keyin qanday bo‘lsa, shunday qilib ustini o‘radim. Hozir esa ularning qofilasi Makka yaqinida, Tan’im yo‘lidagi Bayzo tepaligidan tushyapti. Oldinda ranggi qoraga moyilroq kulrang tuya bor. Tuyaning ustida biri qora, boshqasi oqish ikkita haror* bor, — dedilar.
Bu gapni eshitganlar darhol Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytgan yo‘lga yugurdilar. Ilk ko‘rganlari tuya bo‘ldi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tasvirlaganlaridek ko‘rinishda edi. Keyin karvondan idishni so‘radilar. Ular idishda suv to‘la bo‘lganini, so‘ng ustini o‘rab qo‘yganlarini, uyg‘onganlarida esa ichida suv qolmaganini tasdiqladilar.
Makkaga qaytganlarida boshqa karvonni ham uchratdilar. Berilgan savolga ular ham: “To‘g‘ri so‘zlabdi, vallohi, u aytgan vodiyda tuyamiz hurkib qochdi. Shunda bir ovoz eshitdik. U ovoz tuyamizningg turgan joyini aytdi. U yerga borib, tuyani topdik”, deya javob berdilar”.
Isro va me’roj mo‘jizasi haqida Alloh taolo O‘zining Kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“O‘z bandasini kechasi Masjidul Haromdan atrofini barakali qilganimiz Masjidul Aqsoga mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun sayr qildirgan Zot pokdir. Albatta, U o‘ta eshituvchidir, ko‘rib turuvchidir”(Isro surasi, 1-oyat).
Oyati karimada Alloh taolo O‘zini O‘zi poklab yod qilmoqda va bandasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni isro qildirgani, ya’ni kechaning bir qismida sayr qildirgani haqida xabar bermoqda. Oyatdagi “O‘z bandasi”dan murod, Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar.
Ushbu oyati karimadagi “Masjidul Harom” iborasi Makkai Mukarrama shahri ma’nosida kelgan. Isro kechasida Payg‘ambarimiz Ka’bai Muazzama atrofidagi masjidda emas, shaharning bir tarafida joylashgan amakilarining qizi Ummu Honi’ning uyida uxlab yotgan edilar.
“Masjidul Aqso”dan murod Shomi Sharifdagi Baytul Maqdisdir. “Aqso” so‘zi “uzoq”, “chet” ma’nolarini bildiradi. “Masjid” esa “ibodatxona”, “sajdagoh” degan ma’nolarni anglatishi hammaga ma’lum. O‘sha paytda Baytul Maqdis Makkai Mukarramaga nisbatan uzoq va eng chetdagi ibodatxona hisoblanar edi. Shuning uchun ham Alloh uni “Masjidul Aqso” deb nomladi. Alloh taolo Masjidul Aqsoning atrofini barakali qilib qo‘yganini ham aytmoqda.
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kelinlikka nomzod shaxsning ham o‘ziga yarasha huquqlari va odoblari mavjud.
1. Kelinlikka nomzod shaxs o‘zini xushro‘y ko‘rsatish uchun ziynatlanishga haqli.
Ulamolarimiz bunga misol qilib, Subayha binti Horis roziyallohu anhoning hadisini keltirishadi. Unda «Qachonki nifosdan poklanganda, sovchilar uchun ziynatlandi» degan jumla bor. Boshqa bir rivoyatda: «...surma surtib, xino qo‘yib tayyorlandi», deyilgan.
2. Kelinlikka nomzod shaxs kuyovlikka nomzodni ko‘rishga haqli.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Mug‘iyra roziyallohu anhuning hadisidagi: «Unga nazar sol, chunki bunday qilish ikkingiz orangizda bardavomlikka kerakdir», deganlari kelinlikka nomzodga ham tegishli.
3. Kelinlikka nomzod shaxs kuyovlikka nomzod bilan suhbatlashishga haqli. Bu – tabiiy holat. Ko‘rishgandan keyin, oila qurish niyati bo‘lgandan keyin, o‘rtada suhbat bo‘lishi turgan gap.
4. Kelinlikka nomzod shaxs muayyan erkakni yoqtirish va unga nikohlanish istagini bildirishga haqli.
قَالَتْ أُمُّ سَلَمَةَ وَلَدَتْ سُبَيْعَةُ الْأَسْلَمِيَّةُ بَعْدَ وَفَاةِ زَوْجِهَا بِنِصْفِ شَهْرٍ، فَخَطَبَهَا رَجُلَانِ أَحَدُهُمَا شَابٌّ وَالْآخَرُ كَهْلٌ، فَحَطَّتْ إِلَى الشَّابِّ، فَقَالَ الشَّيْخُ: لَمْ تَحِلِّي بَعْدُ، وَكَانَ أَهْلُهَا غَيَبًا وَرَجَا إِذَا جَاءَ أَهْلُهَا أَنْ يُؤْثِرُوهُ بِهَا، فَجَاءَتْ رَسُولَ اللهِ r، فَقَالَ: قَدْ حَلَلْتِ فَانْكِحِي مَنْ شِئْتِ. رَوَاهُ مَالِكٌ.
«Ummu Salama aytadilar:
«Subayha Aslamiya erining vafotidan yarim oy o‘tib tug‘di. Unga ikki kishi sovchi qo‘ydi. Ulardan biri yosh, boshqasi qari edi. U yoshiga moyil bo‘ldi. Chol: «Hali halol bo‘lganing yo‘q», – dedi. Ayolning ahli g‘oyib edi. Chol ayolning ahli kelganda uni o‘ziga berishlaridan umidvor bo‘ldi. Ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordi. Bas, u zot: «Sen halol bo‘lding. Kimni istasang, o‘shanga nikohlan», dedilar» (Molik rivoyat qilgan).
Ikki taraf rioya qilishi lozim narsalar
Kelinlik va kuyovlikka nomzodlar nikohdan oldingi uchrashuv va boshqa munosabatlarda rioya qilishlari lozim bo‘lgan narsalar quyidagilardan iborat:
1. Ikkovlari bir-birlariga nomahram ekanliklarini unutmasliklari zarur.
Chunki asli mahram bo‘lmagan ikki jinsdagi shaxsning nikohdan boshqa narsa mahram qila olmaydi, jumladan, sovchilik qilish va unashtirish ham.
2. Ikkovlari uchrashmoqchi bo‘lsalar, faqat mahramlarining ishtirokida uchrashishlari shart.
3. Ikkovlari uchrashganda qo‘l berib ko‘rishishlari mutlaqo mumkin emas.
4. Nikohdan oldin ikkovlari xoli qolishlari mutlaqo mumkin emas.
"Baxtiyor oila" kitobidan