Islom korporatsiyasi qurol, spirtli ichimliklar, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni moliyalashtirmaydi. Xizmatdan foydalangan mijozning mablag‘ni islom shariati qonunlari asosida sarflanishi ham nazorat qilib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 dekabrdagi “Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 maydagi “Islom taraqqiyot banki guruhi va arab muvofiqlashtirish guruhi jamg‘armalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini amalga oshirish maqsadida, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi o‘rtasida joriy yilning 22 avgust kuni tuzilgan “Islomiy darcha” xizmatini bankda tadbiq etish bo‘yicha kelishuvning shartlariga muvofiq, 2019 yilning 30-31 oktyabr kunlari “Trastbank” rahbariyati va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi vakillari o‘rtasida o‘zaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki rahbarlari va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi rahbari Mohammed Maher Mannai, IT-loyihalarini boshqarish bo‘yicha eksperti Ibrahim Al-Saywed va loyiha menejeri Muzaffar Nizomiddinovlar ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, islomiy bankchilik – dunyoning qator mamlakatlarida keng qo‘llaniladigan moliyalashtirish tamoyillariga mos keladigan moliyaviy xizmatlarning muqobil turidir.
Uchrashuv davomida Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi rahbari Mohammed Maher Mannai va loyiha menejeri Muzaffar Nizomiddinovlar bank rahbariyati va tegishli bo‘lim mutaxassislariga “Islomiy darcha” tamoyillari va islom moliyasi to‘g‘risida o‘z taqdimotlarini namoyish qildilar.
Bizning tashkilotimiz va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi juda sharafli bo‘lgani uchun ham “Trastbank” tomonidan “Islomiy darcha”ni ochish tashabbusini biz mamnuniyat bilan qabul qildik. Demak o‘z navbatida shuni aytib o‘tishim joizki, “Islomiy darcha” bu faqat musulmonlar uchun emas, balki musulmon bo‘lmagan din vakillari uchun ham qo‘llaniladi. Islomiy moliyaning asosiy maqsadlaridan biri, bu real iqtisodiyotga ta’sir qilish va uning o‘sishini ta’minlashdan iborat. Shu maqsadda “Trastbank” orqali “Islomiy darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutganmiz. Albatta, bu mamlakatda bank xizmatlaridan foydalanmayotgan mijozlar uchun ham qo‘l keladi. Chunki, bu “Islomiy darcha”ni ochish orqali mijozlarga va jismoniy shaxslarga ularning e’tiqodidan kelib chiqqan holda muqobil moliyaviy xizmat turlarini taklif qilish hamda ularning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish mumkin bo‘ladi.
Uchrashuv so‘ngida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi o‘rtasida “Islomiy darcha”ni ishga tushirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.