Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Rosulullohning kamtarliklaridan namuna

02.11.2019   2991   4 min.
Rosulullohning kamtarliklaridan namuna

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan: “Batahqiq, sizlar uchun–Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi”. (Ahzob surasi 21-oyat) Haqiqatda axloqlari Qur’on bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bizning barcha ishlarimizga yechim bo‘ladigan ibrat va o‘rnaklar bordir. Shulardan biri bu, “KAMTARLIK”dir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kamtarliklari barchani ajablantirar edi. U zotning kamtarliklari deganda: go‘yo ruhlari Allohga va nafslari oxiratga ko‘chib o‘tganday edi.

Mo‘minlarga nisbatan kamtarliklari esa, doimo ojizlari bilan birga bo‘lar, bemorlarini borib ko‘rar, miskinlariga xayrixohlik qilar edilar. Baxtsiz, bechora va faqirlarga yaxshilik qilar, zaiflardan doim ko‘ngil so‘rar edilar. Bolalar hamda ahillari bilan hazillashar va o‘ynar edilar. Insonlar bilan birga taomlanar, kezi kelganda tuproq ustiga o‘tirar va yerda yoki bo‘yro ustida yotar edilar. Doimo barchasi uchun Allohdan rozi bo‘lar, shuhrat, martaba va dunyoviy ishlar maqsadida tama’ qilmas edilar. Insonlar bilan lutf ila suhbat qurar, g‘ariblar bilan esa muhabbat ila gaplashar edilar. Sahobalariga tabassum ila qarab: “Men bir qulman. Qullar yegani kabi yeyman va qullar o‘tirgani kabi o‘tiraman”, der edilar. Agar biror bir inson u zotga qarganida habatlaridan titroqga tushsa: “O‘zingni tut. Men ham Makkada qodiyd (quyosh nurida quritilgan sur go‘sht) yegan bir ayolning o‘g‘liman”, der edilar. 

U zot odamlarni ulug‘lashini va maqtashini yaxshi ko‘rmas edilar. “Maryam o‘g‘li Isoni nasroniylar maqtaganidek meni ham maqtamanglar. Men Allohning bandasi va rosuliman. Meni Abdulloh va Allohning Rosuli denglar”, der edilar. 

U zot uchun sahobalarini turishlarini va boshlariga kelib tik turishlaridan qaytarar edilar. Odamlar jamlangan joyga kelsalar bo‘sh joyga borib o‘tirar, odamlar orasida ulardan biri bo‘lib yurar va odamlar uylariga taklif qilsalar borar edilar. “Agar kuro’ (pishirilgan qo‘y pochasi)ga chaqirilsam borar edim. Agar menga qo‘y hadiya qilinsa qabul qilar edim”, der edilar.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam doimo miskinlarni yaxshi ko‘rar edilar. “Allohim meni miskin qilib tiriltir va miskin holimda o‘ldir va miskinlar to‘dasi bilan birga qayta tiriltir” deb, duo qilar edilar.

Kibr qilish harom deya undan qaytarar va ahlilarini kibrdan nafratlantirib, der edilarki: “Qiyomat kunida takabburlar zar (arzimas narsa) suratida tiriltiriladi. Ularni har tarafdan xorlik o‘rab oladi”. Va ushbu hadisi qudsiyni ham rivoyat qilar edilar: “Kibriyo mening ridoim (kiyimim)dir va buyuklik mening izorim (kiyimim)dir. Kimki uni mendan tortib olsa, men uni do‘zoxga tashlayman”.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uy ishlariga qarashar, oyoq kiyimlarini o‘zlari ta’mirlar, kiyimlarini yamar, uylarini supurar va qo‘ylarini sog‘ar edilar.

Shuningdek, taomni mehmonning oldiga surib qo‘yar, ziyoratchilar bilan samimiy suhbat qurib, ulardan ahvollarini so‘rar edilar. Agar sherik bilan biror joyga borsalar markabni minishda navbatma-navbat minishar, jundan bo‘lgan kiyim kiyar va arpadan bo‘lgan non yer edilar. Ko‘pincha yalangoyoq yurar va masjidda uxlar edilar.

Bugungi kunda aksarimiz kamtarlik deb nomlanmish bu go‘zal sifatdan qandaydir bir sabablarga ko‘ra biroz uzoqlashib qolganmiz. Bu bizning nuqsonimiz albatta. Bahonalarimiz shu qadar ko‘pki, ba’zida bahonalarimizni haqiqat deb bilib qolamiz. Shuning uchun ba’zida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam, sahobalar va buyuk zotlarni ishlarini o‘qib yoki eshitib qolsak, ajablanib, buni qanday qilishgan ekan deb, o‘ylab ham qolamiz. Aslida inson qilgan ishni boshqa bir inson ham qilaolishi mumkinku. Demak, buning ikki sababi bor. Biri shu qadar dunyoga berilib ketganmizki, bu sifatni unitib yuborganmiz yoki o‘ta takabbur bo‘lib ketganmiz.

Mening fikrimcha Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni sevgan har bir ummat u zot qilgan ishlarni qilishga intiladi va qilib bo‘lgach xursand bo‘ladi. Keling aziz dindoshim! Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni sevishimizni u zot qilgan ishlarni qilish bilan isbotlaylik va farzandlarimizga o‘rnak bo‘laylik.

Manbalar asosida TII o‘qituvchisi,

“Shayx Zayniddin” jome’ masjidi imom-xatibi Abduraxmanov Yahyo

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

18.06.2025   2583   2 min.
Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.

Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.

Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».

Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».

Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!

Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».


Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!

Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!

Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!

Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!

Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!

Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!

Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi