Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

Nasroniyni musulmonga aylantirgan salom

1.11.2019   3701   2 min.
Nasroniyni musulmonga aylantirgan salom

Bu voqeani Mahmud As’ad Jo‘shon hazratlari o‘z asarlarida keltiradilar:

Germaniyadagi oyoq kiyim ishlab chiqaruvchi korxonada bir turk yigiti ishlar edi. Haj mavsumi yaqinlashganida yigit korxona xo‘jayiniga anchadan beri niyat qilgani - hajni ado etish istagi borligini aytib, ruxsat so‘radi. Korxona xo‘jayini Xans nasroniy edi. Xizmatchisining so‘zlarini eshitib:

  • Bilasan, hozir mahsulotimiz realizatsiyasining ayni mavsumi. Mavsum tugasin, boraverasan. Ka’ba ketib qolmaydiku?!

Xizmatchi yigit haj faqat belgilangan kunlardagina ado etilishini, boshqa paytlardagi ibodat haj bo‘lmasligini bir amallab tushuntirgach, xo‘jayini:

  • Mayli faqat bir shart bilan ruxsat beraman. Payg‘ambaringizning qabri oldiga borganda mening ham salomimni yetkazasan, dedi.

Xodim xursand bo‘lib muborak safarga otlandiyu, faqat musulmon bo‘lmagan raxbarining salomini Rasululloh solallohu alayhi vasallamga qanday yetkazishini o‘ylab qoldi. Madinai munavvaraga yetib kelib, Ravzai muborakka kirdi. Sarvari olam solallohu alayhi vasallamga salovotlar aytib, salom berdi. So‘ngra omonat qoldirgan yaqinlarining salomlarini birma-bir yo‘lladi. Yakunda g‘ayridin rahbarining salomini eslab, og‘ir ahvolda qoldi: “Rasulullohga qanday yetkazaman, axir u musulmon bo‘lmasa....”   Ming istihola ichra hujrai saodatga boqib, aybdorlardek shivirladi: “Yo Rasululloh! Sizga bir Xans ismli kishi ham salom yo‘lladi. Faqat u musulmon emas, nasroniy bir kishi...” 

So‘ngra ibodatlarga kirishib, hajni ado etdi. Istanbul orqali Germaniyaga qaytarkan, hamkasblarini uchratib qoldi.

-Yangilikni eshitdingmi? deya so‘rashdi undan.

-Yo‘q. Qanday yangilik?

- Xans musulmon bo‘ldi....

 Yigit dong qotib qoldi. Islomga kirgan vaqtini so‘rab surishtirsa ayni salomini Faxri koinot alayhissalomga yetkazgan kuni edi.

Subhanalloh. Bir g‘ayridin kishining Rasulullohga ehtiromi sabab Alloh uni hidoyat bilan, dunyodagi eng ulug‘ ne’mat - iymon ne’mati bilan mukofotlab qo‘ysa....   

Rasululloh solallohu alayhi vasallamning shafoatlari

ikki dunyoda ham vojib bo‘lishining misolidir bu!

 

Toshkent shahar “To‘xtaboy” masjidi imom-xatibi

Zokirjon domla Sharifovning juma ma’ruzasidan

01.11.2019

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tahorat olganda gunohlar yuviladimi?

14.01.2025   4014   2 min.
Tahorat olganda gunohlar yuviladimi?

“Musulmon banda tahorat olganida tana a’zolari poklanishidan tashqari gunohlari ham kechiriladi”, deb eshitganmiz. Bunga dalil bo‘luvchi hadislar bor-mi?

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahoratni mukammal ado etsa, gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).

Odatda, ochiq a’zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig‘ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e’tibor talab etiladi. Bu yerda banda tirnog‘i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o‘rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.

Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar musulmon banda tahorat qilsa, gunohlari qulog‘idan, ko‘zidan, ikki qo‘lidan, ikki oyog‘idan chiqib ketadi. Agar o‘tirsa, gunohlari kechirilgan holda o‘tiradi” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy “Avsat”da va Imom Bayhaqiy rivoyati).

Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog‘i, ko‘zi, qo‘li va oyog‘i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo‘lsa, bironta ham gunohi qolmaydi.

Abdulloh Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min banda tahorat qilib, og‘zini chaysa, og‘zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko‘zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo‘lini yuvsa, qo‘lidan, hatto qo‘lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mas'h tortsa, boshidan, hatto ikki qulog‘idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog‘ini yuvsa, oyog‘idan, hatto oyog‘ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So‘ngra masjidga borishi, (o‘qigan) namozi unga qo‘shimcha (savob) bo‘ladi” (Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Molik, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).

Ma’lumki, tahorat bilan namoz banda gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu bilan namoz o‘qilsa, bu namoz orqali banda ko‘p ajrlarga erishadi.