Imomlik – sharaf, mas'uliyat, shu bilan birga, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va salamning muborak kasblaridir. Shu bois imom har doim ma'rifatli, o'z ustida tinimsiz ishlashi, sohaga doir yangiliklardan doimo xabardor bo'lishi kerak. Bunday darajaraga erishish uchun esa O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar o'rtasida an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan “Yil imomi” ko'rik-tanlovi muhim o'rin tutadi.
Tanlovning shahar-tuman bosqichlarida g'oliblikni qo'lga kiritgan 22 nafar imom-domla viloyat bosqichida qatnashdi.
Qur'oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov ochib berdi.
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay'ati tomonidan baholanib borildi. Yakuniy natijalarga ko'ra quyidagilar «Yil imom–2023» tanlovining Toshkent viloyati bosqichi g'olibi deb topildi:
I o'rin: Doniyor domla Ikromov, Toshkent tumani "Ayri ota" jome masjidi imom-xatibi;
II o'rin: Farrux domla Sultonov, Zangiota tumani "Mir Abdulloh eshon" jome masjidi imom-xatibi;
III o'rin: Ergashboy domla Hamidov, Bekobod shahar "Oq masjid" jome masjidi imom-xatibi.
Tadbir so'ngida g'oliblar O'MI viloyat vakilligi tomonidan diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
«Yil imomi–2023» ko'rik-tanlovi viloyat bosqichida birinchi o'rinni egallagan Doniyor domla Ikromov tanlovning respublika bosqichida qatnashadi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Padari buzrukvorim qoddasallohu sirroh aytar edilar: "Uyda ba’zi narsalar umumiy bo‘ladi, ulardan hamma foydalanadi. Faqat ularni ishlatib bo‘lgach, tayin qilingan joyga qo‘yish kerak. Misol uchun choynak, piyola, sovun...".
Hammasining tayin joyi bor. Shu o‘rinda muhim gap bor — bu narsalarni ishlatib bo‘lgach, joyiga qo‘ymaslik gunohdir! Ammo biz bu gunohdan bexabarmiz. Chunki har kuni takrorlanaverib, odatiy holga aylanib qolgan. Kimdir o‘sha kerakli narsani ishlatmoqchi bo‘lib, topa olmasa, tabiiy, mashaqqat va ozor chekadi. Biror musulmonga aziyat berish esa, gunohi kabiradir. Hech birimizning xayolimizga bu ishning ham gunoh ekani kelmagan bo‘lsa kerak. Biz narsalarni joyiga qo‘yishni dinga aloqasiz, balki dunyoga tegishli, uyni tartiblashga oid ish deb o‘ylab kelganmiz.
Yodda tuting! Din ko‘rsatmasi bo‘lmagan hayotning biror go‘shasi yo‘q. Barchamiz xolis qaraylik, shu narsaga e’tibor beramizmi, o‘zgalarga aziyat yetmasligi uchun umumiy narsalarni ishlatgandan keyin ularni tayin qilingan joyiga qo‘yamizmi? Aslida, bu narsalar arzimagandek tuyuladi, lekin unga bee’tiborlik sababli gunohlarga mubtalomiz. Sababi, biz dinni to‘la tushunmaymiz, uning uchun qayg‘urmaymiz, ko‘pchiligimizda Alloh taoloning huzurida turish hissi yo‘q. Ikkinchi tarafdan, johillik va bexabarlik ham ancha urchigan.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan