Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Musulmonlar idorasi tavsiyasi bilan ovoz kuchaytirgichda azon aytish to‘xtatildi”, degan sarlavha bilan boshlangan xabarda go‘yoki Namangan shahridagi masjidlarda azonni ovoz kuchaytirgichlar orqali aytish to‘xtatilgani iddao qilingan. Ushbu bo‘hton ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozalarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu voqeaning kelib chiqish sabablariga aniqlik kiritish maqsadida, Namangan viloyati vakilligi mutaxassislari bilan bog‘landi. Ushbu viloyat vakilligi mas’ul xodimlari va mazkur hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari Namangan shahridagi masjidlarda azonni ovoz kuchaytirgichlar orqali aytish to‘xtatilgani haqidagi xabar mutlaqo yolg‘on hamda asossiz ekanini qat’iy ta’kidladilar.
Alloh taoloning izni ila diyorimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlarni namozga chorlovchi azon sadolari bundan buyon ham yangrayveradi. Buning isboti sifatida mamlakatimizning barcha hududlaridagi masjidlarda musulmonlarimizni namozga chorlayotgan, shu jumladan kuchaytirichlar orqali aytilayotgan azon sadolari dalil bo‘ladi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda turli xil yolg‘on va bo‘hton xabarlar tarqatayotgan kimsalarga Allohdan qo‘rqing deymiz. Haq taolo mo‘min-musulmonlarni “Hujurot” surasining 6-oyatida quyidagicha ogohlantiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan, bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.
Demak, har qanday xabarni kim yetkazganiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Ta’kidlash joizki, azon masalasida soxta xabarlarni tarqatayotgan manbalarning maqsadlari yurtimiz musulmonlari orasida fitna urug‘ini sochishdan boshqa narsa emas.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi yurtimiz masjidlarida azon sadolari bardavom bo‘lishini ta’kidlagan holda Islom dini qadriyatlari, ulamolar va Diniy idora sha’niga nisbatan aytilgan har qanday asossiz gaplarga nisbatan doimo murosasiz ekanini ma’lum qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati