Ulamolarimizning ta’kidlashlaricha, imomga iqtido qilgan inson qiroat qilmaydi. Xususan, «ad-Durrul muxtor» asarida «Tanvir»ning «Imomga iqtido qilgan shaxs mutlaqo qiroat qilmaydi», degan iborasi quyidagicha sharhlanadi: «ya’ni fotihani ham, boshqa surani ham garchi, u maxfiy namoz bo‘lsa ham. Bunga uchala katta imomlarizning ittifoqi bor». Shuningdek, mazkur kitobda «Bu sahobalarning bir nechtasidan rivoyat qilingan», deyiladi. Ibn Obidiyn ushbu iborani sharhlab quyidagilarni aytadi: «Muqtadiyni qiroatdan qaytarish sakson nafar katta sahobalardan, jumladan Ali Murtazo, Abodila (Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Amr ibn Os, Abdulloh ibn Abbos va Abdulloh ibn Zubayrlar) dan rivoyat qilingan. Hadis olimlari ularning barchasini ismlari bilan keltirishgan».
«Hidoya» kitobida «Muqtadiy imomning ortida qiroat qilmaydi». Bunga imom Shofe’iy xilof qiladi. «Fotihani qiroat qilish ruknlardan bir rukn ekanligi u zotning dalilidir. (Ya’ni shofe’iylarga ko‘ra, boshqa ruknlarda imom va muqtadiy sherik bo‘lganidek, ushbu ruknda ham ular sherikdirlar. Shu bois har ikkisiga ham «Fotiha» o‘qish farzdir). Bizga Rasululloh sollallohu alayh va sallamning «Kimning imomi bo‘lsa, imomning qiroati unga qiroatdur», degan so‘zlari dalildir va bunga sahobalarning ijmosi bor. (To‘g‘ri shofe’iylar aytganidek) qiroat u ikkovi (imom va muqtadiy) o‘rtasida mushtarak rukn. Lekin, bu o‘rinda muqtadiyning ulushi jim turishdir. Shuningdek, Nabiy alayhissalom «Imom qiroat qilsa, tek turinglar» deganlar», deyiladi.
Alloma Anvarshoh Kashmiriy ushbu masala borasida «Faslul xitob fi mas’alati Ummil kitob» asarini yozgan. Unda bu xususda kelgan oyat va hadislarni chuqur tahlil qilgan va muqtadiyning imom ortida qiroat qilmasligi oyat va hadislarga muvofiq ekanini isbotlagan. Shu o‘rinda ulamolarimizning yuksak zakovatiga dalolat qiluvchi bir narsani aytib o‘tamiz Alloma. Kashmiriy kitobda ajoyib tarzda so‘z o‘yini ishlatgan. U kitob yakunida «Men ushbu satrlarni shofe’iylarga raddiya sifatida yozmadim, balki hanafiylarning qiroatni tark etish sabablarini ma’lum qilish uchun yozdim. Shu bois men jim turuvchilardan bo‘ldim, tortishuvchilardan emas», deydi. Alloma bu so‘zlari bilan «Qachon sizlarga Qur’on o‘qilsa jim turinglar» oyati hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ortilaridagi iqtido qiluvchilar qiroatini eshitib norozi ohangda «Nega qiroatda men bilan tortishilyapti?» degan so‘zlariga ishora qilmoqda. Ushbu asarda «Jamoatga kelib ruku’ga ulgirgan insondan qiroat soqit bo‘lishi ba’zilar aytganidek zarurat uchun emas, balki muqtadiyga qiroat shart emasligini ifodasi uchun», degan fiqhga oid foydali ma’lumotni ham uchratishingiz mumkin.
Endi bu masala xususida keltirilgan dalillar bilan tanishamiz.
Alloh taolo aytadi: «Qachonki Qur’on o‘qilsa, unga quloq tutingiz va jim turingiz! Shoyad (Alloh tarafidan) rahmatga sazovor bo‘lsangiz» (A’rof surasi, 204 oyati)
Alloh taolo Qur’oni karim insonlarga hidoyat va rahmat ekanini eslatgach, bandalar undan foyda olishlari va hidoyatga yurishlari uchun, qolaversa, Qur’onga hurmat yuzasidan mo‘minlarni uning tilovatiga quloq solishga amr qilmoqda.
Muoviya ibn Qurra rivoyat qiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalaridan bo‘lgan ba’zi ustozlarimdan so‘radim (menimcha, u Abdulloh ibn Mug‘affal edi): «Qur’onni eshitgan har bir kishiga unga quloq tutish va jim turish vojib bo‘ladimi?», shunda u: «Albatta, «Qachonki Qur’on o‘qilsa, unga quloq tutingiz va jim turingiz!» oyati imom ortidan qiroat qilish haqida nozil bo‘lgan. Agar imom qiroat qilsa, unga quloq sol va jim tur», dedi». (Ibn Abu Shayba, Ibn Abu Hotim, Ibn Mardavayh “Tafsir”da rivoyat qilgan)
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Ushbu oyat namozda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ortlarida turib ovoz chiqarish haqida nozil bo‘lgan». (Ibn Jarir, Ibn Abu Hotim, Ibn Mardavayh va Ibn Asokir rivoyati)
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam namoz o‘qiganlarida bir guruh odamlar u zotning orqalarida turib qiroat qildi. Shunda «Qachonki Qur’on o‘qilsa, unga quloq tutingiz va jim turingiz!» oyati nozil bo‘ldi». (Ibn Mardvayh rivoyati)
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ovoz chiqarib qiroat qilgan namozdan forig‘ bo‘lib: «Hozir sizlardan birontasi men bilan birga qiroat qildimi?» deb so‘radilar. Shunda bir kishi: «Ha, men (qiroat qildim), ey Rasululloh», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Aytdim-a, nima sababdan Qur’on (qiroati)da jazb qilyapman, deb», dedilar. Bas, odamlar buni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitgach, endi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ovoz chiqarib qiroat qiladigan namozlarda u zot bilan birga qiroat qilishdan to‘xtadilar». (Sunan sohiblari, Ahmad, Molik, Tabaroniy, Daroqutniy va Ibn Hibbon rivoyati)
Abu Iso: «Bu hadis hasandir», degan.
Jobir roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: «Kimning imomi bo‘lsa, bas, o‘sha (imom)ning qiroati uning uchun ham qiroatdir». (Ahmad, Daroqutniy va Ibn Ibn Abu Shayba rivoyati)
Ushbu hadisning aytilishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam namoz o‘qidilar. Ortlarida bir kishi qo‘shilib qiroat qildi. Sahobalardan biri uni imom orqasidan qiroat qilishdan qaytargan edi, u: «Meni Allohning Payg‘ambari ortidan qiroat qilishdan qaytarasan-mi?» dedi. Ular janjallashib qolib, oxiri Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga borishgan edi, u zot: «Kim imomning orqasida (turib) namoz o‘qisa, bas, imomning qiroati uning uchun ham qiroatdir», dedilar (Ibn Adiy rivoyati)
Mana shu hadis hanafiylarning eng kuchli dalillaridan biri sanaladi. Unga ko‘ra, jamoat namozlarida imomning qiroati iqtido qiluvchilarga ham yetarli. Ular o‘zlari uchun alohida qiroat qilishlari shart emas.
Bu yerda jahriy namozlarda imom qiroati muqtadiylarga ham kifoya qiladi, maxfiy qiroat qilinadigan namozlarda namozxonlar qiroat qilsinlar, degan gap yo‘q. Demak, bu hadisni mutloq, umumiy ma’noda tushunish kerak.
Abu Nu’aym Vahb ibn Kayson Jobir ibn Abdullohning shunday deganini eshitgan ekan: «Kimki bir rak’at namoz o‘qib, unda Ummul Qur’on (Fotiha surasi)ni qiroat qilmasa, bas, u namoz o‘qimabdi. Faqat imomning orqasida bo‘lsagina (Fotihani qiroat qilmaydi)». (Termiziy rivoyat qilgan va: «Bu hadis hasan-sahihdir», degan).
Fotiha surasi qiroatisiz namoz durust bo‘lmaydi. Albatta uni o‘qish kerak. Lekin jamoat namozlarida muqtadiylar Fotiha va zam surani tilovat qilishlari shart emas. Chunki imomning qiroati ularga kifoya qiladi.
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Imom unga ergashishlik uchun qo‘yilgandir. Bas, agar u takbir aytsa, sizlar ham takbir aytinglar. Agar qiroat qilsa, sizlar jim turinglar!», dedilar». (Muslim, Nasoiy, Ibn Moja va Ibn Abu Shayba rivoyati)
Jamoat namozlarida iqtido qiluvchilar imomga to‘liq ergashishlari, u nima qilsa, shuni qilishlari kerak. Faqatgina qiroatni imomning o‘ziga qoldiradilar. Sababi u qiroati eng chiroyli va tajvidli bo‘lgani uchun imomlikka o‘tadi.
Ba’zilar ushbu hadis jahriy qiroat qilinadigan namozlar haqida aytilgan, deyishadi. Bu fikrga quyidagi hadis raddiya bo‘ladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: «Imom xoh maxfiy, xoh jahriy o‘qisin, uning qiroati senga kifoya qiladi». (Daroqutniy «Sunan»da rivoyat qilgan)
Demak, namoz xoh jahriy – ovoz chiqarib o‘qilsin (shom, xufton, bomdod), xoh maxfiy – ichda o‘qilsin (peshin, asr), imomning qiroati iqtido qiluvchilar uchun yetarli bo‘ladi.
Quyidagi rivoyat ham bu firkni quvvatlaydi. Ubaydulloh ibn Miqsam rivoyat qiladi: «Men Jobir ibn Abdullohdan: «Peshin va asr namozlarida imom orqasida turib qiroat qilasanmi?» deb so‘radim. U: «Yo‘q», deb javob berdi». (Abdurazzoq «Musonnaf»da rivoyat qilgan)
Sha’biy aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Imomning ortida qiroat (qilish) yo‘q», deganlar». (Daroqutniy mursal tarzda rivoyat qilgan)
Abdurahmon ibn Zayd ibn Aslam otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam imom orqasida qiroat qilishdan qaytarganlar».
Muso ibn Uqba rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, Abu Bakr, Umar, Usmon roziyallohu anhumlar imom orqasidan qiroat qilishdan qaytarar edilar.
Zayd ibn Aslam rivoyat qiladi: “Ibn Umar roziyallohu anhu imom ortidan qiroat qilishdan qaytarar edi”.
Abu Is'hoq aytadi: «Abdulloh ibn Mas’udning birodarlari imom ortidan qiroat qilmas edilar».
Ibn Zakvon aytadi: «Zayd ibn Sobit va Ibn Umarlar imom ortidan qiroat qilmas edilar». (Mazkur asarlarni barchasi Abdurazzoq rivoyatida kelgan)
Sha’biy aytadi: «Men Badrda qatnashganlarning yetmishtasi bilan uchrashdim. Ularning hammasi imomga iqtido qiluvchini qiroatdan qaytarishar edi».
Abdulloh ibn Zayd ibn Aslam otasidan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam sahobalaridan o‘ngga yaqini imom orqasida turib qiroat qilishdan qattiq qaytarishardi. Jumladan, Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abdulloh ibn Mas’ud, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abboslardan ushbu amaldan qaytarganlar».
Xulosa qilib aytish mumkinki, imomga iqtido qilgan inson uchun imomning qiroati kifoya qilar ekan. Muqtadiy imom ortida turib umuman qiroat qilmas ekan. Ushbu hukm oyat va hadislar, hamda sahobai kiromlarning aksarlarlari tutgan yo‘lga muvofiq ekan.
Jo‘raboyev Habibulloh
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistranti,
Toshkent islom instituti
“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi