Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinkim, diniy adabiyotlarimiz ko‘payib, xalqimizning diniy bilimlarga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmoqda.
Joriy yilning 29 oktyabr kuni «Jo‘ybori Kalon» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtida «Hilol-nashr» tomonidan taqdim qilingan kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Odatdagidek, taqdimot marosimi Qur’oni Karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. Bilim yurti ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari Rohat Muhammadshoyeva “Hilol-nashr” faoliyati va undagi nashr qilingan aksar kitoblarning yozilish tarixi, ularning yozilishiga turtki bo‘lgan omillar haqida gapirib berish uchun so‘zni bilim yurti mudiri Azizxo‘ja Inoyatovga berdi.
Bilim yurti mudiri Azizxo‘ja Inoyatov fazilatli shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning bugunga qadar nashr etilayotgan kitoblari haqida to‘xtalib, kitoblarning o‘ziga xos xususiyatlari, tarkibi haqida batafsil ma’lumot berdi, har bir o‘zbek xonadonida shu kabi kitoblar bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Bilim yurti ARM rahbari Go‘zal Najmiddinova tomonidan talabalarga kitoblarni o‘qish uchun tartibli usullari va yo‘nalishlarini eslatib o‘tdi.
Taqdimot davomida ushbu nashrlar ustida ko‘p kishilik ijodiy jamoa ishlagani, jumladan musavvirlar, dizaynerlar, texnik mutaxassislar, sahifalovchilar kitobga o‘zgacha mehr bergani holda nashrga tayyorlashgani, bosmaxona jamoasi ushbu kitoblarning yuqori sifatda bosilishida alohida jonbozlik ko‘rsatishgani alohida e’tirof qilindi.
Bilim yurti talabalari Hazratning «Tafsiri Hilol», «Xislatli hikmatlar», «Islom tarixi», «Zikr ahlidan so‘rang» kabi bir qator kitoblariga ko‘z yugurtirar ekan, kutubxonalari qanday ulkan xazina bilan boyiganidan mamnun bo‘ldilar.
Ustoz Azizxo‘ja Inoyatov bugungi tadbirda taqdim etilayotgan kitoblarning mualliflarini, nashriyot xodimlari va ularning chop etilishida o‘z hissasini qo‘shgan barcha xodimlarni va avvalo, hazratimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh hamda u kishining xayrli ishlarini davom ettirayotgan o‘g‘illari Ismoil Muhammad Sodiq haqlarida duoi xayrlar va samimiy tashakkurini izhor qildi.
Rohat Muhammadshoyeva
Bilim yurti mudarrisasi
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).