Volidangning oy chehrasiga qaraganingda yuzingda tabassum, quvonch balqiydi. Endi sening va ota-onangning Robbi bo‘lgan Zotning karamli jamoliga nazar solish haqida nima deb o‘ylaysan?!
*****
Banda eng ko‘p xursand bo‘ladigan narsa musulmonligi uchun xursand bo‘lishidir. Banda Alloh taologa o‘zini musulmonlardan qilgani uchun ko‘p shukr qilib, hamda aytadi. Allohning bizga rahmati sababli biz musulmon holda tug‘ildik. Ha, Alloh taolo bizga Islomni biz so‘ramasimizdanoq berib qo‘ydi. Endi O‘zidan so‘raymiz: “Ey Robbim, bizni jannating bilan rizqlantirgin!”
*****
Har bir bandaning Alloh taolo rahmatidan oladigan nasibasi Alloh taoloning azamati o‘sha bandaning qalbida qanchalik ekani bilan belgilanadi.
*****
Ibn Abbos roziyallohu anhu dedilar: “Allohga qasamki, onaga yaxshilik qilishdan ko‘ra Alloh taologa mahbubroq amalni bilmayman”.
*****
Oqil kishi hech bir musulmon bilan xusumatlashishda mubolag‘a qilib yubormaydi. Chunki, sen uning Alloh taolo huzurida qanday martabada ekanini bilmaysan.
Oqil kishi bu dunyoda Alloh taoloning roziligi uchun solih amallarni ko‘plab zaxira qiladi. Shunda qiyomat kuni Alloh taolo o‘sha bandasiga ko‘plab ne’matlarini, mukofotlarini ato etadi.
*****
Badbaxt kim? Badbaxt – Alloh taoloning huzuriga borganda xursand qiladigan amallari bo‘lmagani sababli xursand bo‘lolmaydigan kimsadir.
*****
Allohga qasamki, sen uchun Alloh taolodan ko‘ra rahmliroq, mehribonroq hech kim yo‘q. Agar Alloh senga rahm qilmasa, boshqa hech kim rahm qilmaydi.
*****
Kim Alloh taoloni yaxshi tanisa, kech bo‘lganda Robbidan O‘ziga yaqinlashtirishini, O‘zining do‘stlaridan qilishini, qalbida O‘zidan boshqani qoldirmasligini so‘rab, Unga munojot qiladi hamda U Zot subhanahu va ta’oloning ushbu qavlini esga oladi:
قُلْ إِنَّ صَلاَتِي وَنُسُكِي وَمَحْيَايَ وَمَمَاتِي لِلّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ لاَ شَرِيكَ لَهُ وَبِذَلِكَ أُمِرْتُ وَأَنَاْ أَوَّلُ الْمُسْلِمِينَ
“Sen: “Albatta, mening namozim, ibodatlarim, hayot va mamotim olamlarning Robbi Alloh uchundir. Uning sherigi yo‘q. Ana shunga buyurilganman. Va men eng avvalgi musulmonman... deb ayt” (An’om surasi, 162-163-oyatlar)
*****
Salafi solihlardan birlari shunday degan ekanlar: “Allohga qasamki, agar menga qiyomat kuni Alloh taolo O‘zi hisob qilishi yoki onam meni hisob qilishini tanlash imkonini berganida, men Robbim meni hisob qilishini tanlagan bo‘lardim. Albatta, Alloh taolo menga onamdan ham rahmlidir”.
*****
Barchamiz Alloh taolodan bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham ofiyat, afv berishini so‘raymiz.
Shayx Solih Mag‘omisiy hafizahullohning mav’izasidan
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Vafot etishingiz bilan dastlab nomingiz odamlar yodidan ko‘tariladi. G‘assol kelsa: “Mayit qayerda” – deydi. Mansabingizni ham, nasabingizni ham va hatto ismingizni ham so‘ramaydi. Janozangizni o‘qishdan oldin Imom: “Marhumning yoshi nechchida edi?” – deydi. Mansabingiz ham, nasabingiz ham va hatto nomingiz ham zikr qilinmaydi. Keyin: “Tobutni ko‘taringlar!” – deyiladi. Bunda ham na mansabingiz, na nasabingiz va na nomingiz eslanadi. Hayotda tez unutilasiz, shunchaki xotiraga aylanasiz. Esingizdan chiqarmang, hamma narsa o‘tkinchi sizdan faqat yaxshilik qoladi xalos..!
Xulosa shuki, bugun sizu bizga ALLOH tomonidan umr berildi. Bugun yangi tong otdi. Siz uyg‘ondingiz, buning uchun ALLOHga hamd aytishni unutmang. Dunyoning qaysidir burchagida qanchadan-qancha odam bugun uyg‘onmadi.
Avvalo, yoningizda bo‘lishsa, ota-onangizning hollaridan xabar oling, yoningizda bo‘lishmasa telefon orqali avhol so‘rang. Har kuni ko‘chaga chiqishingizdan avval ALLOH nomini zikr qiling, hamd aytib, ota-onangizni duolarini oling. ALLOH kasbingizga molingizga rizqingizga, albatta, baraka beradi, inshaalloh. Agar bu olamdan o‘tgan bo‘lsalar haqlariga ko‘p-ko‘p duolar qiling. Shunda ham ularning haqlarini ado eta olmaysiz.
ALLOH bergan va berayotgan barcha ne’matlarni qadriga yetaylik!
Akbarshoh RASULOV