بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيم
So‘zboshi
Butun olamlarning Parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! Faqat Alloh taolo hamdu sanolarga loyiqdir. Payg‘ambarlarning so‘nggisi Hazrati Muhammadga, sollallohu alayhi vasallam, u zotning pok oilalariga, barcha sahobalariga salovot va salomlar bo‘lsin.
Pok va behojat Parvardigorga muhtoj, hanafiy mazhabiga mansub Abul-Ixlos Hasan al-Vafoiy Shurunbiloliy aytadi: ba’zi do‘stlarim – Alloh menga va ularga lutfu karami bilan muomala qilsin – mendan ibodatlar haqida xossatan, fiqh ilmi bilan yangi shug‘ullana boshlaganlar uchun katta kitoblarda tarqoq holda berilgan masalalarni sodda, ixcham shaklda to‘plab boshlang‘ich bir kitob yozishimni so‘raydilar. Alloh taolodan yordam so‘rab, savob umidida mazkur talablarni qabul qildim va amalga oshirdim. Ushbu kitobga faqatgina tanlash vakolatiga ega bo‘lgan olimlar to‘g‘ri deb qat’iy qaror qilgan masalalarni jamladim. Uzundan-uzun, ortiqacha tafsilotlarga kirishmadim. Bu kitobni “Nurul izoh va najotul arvoq” deb nomladim. Parvardigorimdan bu kitobni bandalariga foydali qilishini va bu foyda qiyomatgacha davomli bo‘lishini so‘rayman.
Abul Ixlos Hasan
Al-VAFOIY SHURUNBILOLIY
* * *
Butun olamlarning Parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! Hamdu sano faqat Alloh taologa maxsusdir. Taqvodorlarning eng sharaflisi Hazrati Payg‘ambarimizga va u zotning oila a’zolariga, sahobalari hamda qiyomatgacha u zotning yo‘llaridan borganlarga salovot va salomlar bo‘lsin.
“Nurul izoh va najotul arvoq”, ibodatlar haqidagi uzun kitoblarda berilgan tarqoq masalalarni fiqh ilmi bilan yangi shug‘ullana boshlaganlar uchun sodda va ixcham shaklda bir joyga to‘plagan risoladir. Bu hajmi jihatidan kichik, ammo ko‘p to‘g‘ri hukmlarni qamrab olgan juda foydali kitobdir.
Ushbu kitob juda sodda, ochiq jumlalar bilan yozilgan, bo‘lsa-da, yangi boshlovchilarga maqsad va ma’nilarni tushunishni yanada osonlashtiruvchi izoh talab qilinar edi.
Alloh taolo meni man shu maqsad va ehtiyojlarga javob bera oladigan, juda ham foydali, hajmi kichik bo‘lishiga qaramay, qamrab olgan masalalari jihatidan kattagina sharh yozishga muvaffaq qildi. Unga “Al-Miftoh sharhu Nurul izoh” deb nom berdim. Kitob yanada foydali bo‘lsin deb unga haj va zakot haqida yozgan “Manohatul fattoh” nomli risolamni ham ilova qildim. Shu tufayli endi o‘quvchilar va ilm talabida bo‘lganlar bracha ibodatlarga oid masalalarni bir muqova ichida topishlari mumkin. Parvardigordan ushbu kitobni mo‘minlarga foydali qilishini so‘raymanyu u duolarni qabul qiluvchi va umidlarni ro‘yobga chiqaruvchi Zotdir.
Abu Zayd SHIBLIY
FIQHNING TA’RIFI
"Fiqh" so‘zining lug‘aviy ma’nosi «idrok etmoq», «anglamoq», «tushunib yetmoq»dir. Istilohda esa bu so‘z, ochiq dalillar bilan buyurilgan amallar, ya’ni bevosita e’tiqodga tegishli bo‘lmagan namoz, ro‘za, zakot kabi masalalarga oid shar’iy hukmlarni o‘rganish ilmini anglatadi.
*** Foydalari:
— Alloh taoloning rizoligiga mos amallarni to‘g‘ri ado etishni o‘rgatadi;
— dunyoda baxtli, saodatli bo‘lish, jaholat jarligidan bilim cho‘qqisiga yuksalish yo‘lini ko‘rsatadi;
— insonlarga foydali va zararli bo‘lgan narsalarni bayon qilish imkoniyatini beradi;
— oxiratda esa, do‘zaxdan saqlanib, jannatdagi abadiy ne’matlarga yetishuvimizga sabab bo‘ladi.
*** Shar’iy hukmlarning qismlari ***
Shar’iy hukmlar quyidagi qismlarga ajratilgan:
*** 1.Farz ***
Farz qat’iy, ochiq shar’iy dalil bilan bajarilishi amr etilgan amaldir. Besh vaqt namoz, ro‘za, zakot kabi.
Farzning hukmi
Farzni inkor qilgan kishi kofir bo‘ladi. Ishonib, amal qilmagan kishi fosiq bo‘lib, Alloh taolo tomonidan belgilangan jazoga loyiq bo‘ladi.
Farz ham ikki qismdir: farzi ayn va farzi kifoya.
a) Farzi ayn mukallaf har bir kishi bajarishi shart bo‘lgan farzdir. Besh vaqt namoz, ro‘za, zakot kabi.
Mukallaf har bir kishi bu amallarni shaxsan o‘zi bajarishi zarur. Bir qism odamlarning farzi aynni bajarishi boshqalar zimmasidan bu mas’uliyatni soqit kilmaydi.
b) Farzi kifoya ba’zi musulmonlar bajarishi bilan boshqalar zimmasidan tushadigan farzdir. Masalan, janoza namozini o‘qshp kabi.
Farzi kifoyani hech kim ado etmasa, barcha gunohkor bo‘ladi.
*** 2. Vojib ***
Ochiq bo‘lmagan shar’iy dalillar bilan bajarilishi ta’kidlangan amal (Ramazon va Qurbon hayiti namozlari, namozda (zam suradan avval) Fotiha surasini o‘qish kabi).
Hukmi
Bajarilishi lozim (vojib) bo‘lib, uni inkor etgan kishi kofir bo‘lmaydi. Vojibni bajargan kishi savob oladi. Tark qilgan kishi esa, jazoga loyiq bo‘ladi.
*** 3. Sunnat ***
Sunnat ikki qismga bo‘linadi:
a) Sunnati muakkada: Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, har doim bajarib, juda kam holatlarda tark kilgan sunnatlaridir. Tahoratda og‘izni suv bilan chayish kabi.
b) Sunnati g‘ayri muakkada: Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, ba’zan bajarib, ba’zan tark kilgan sunnatlaridir.
Hukmi
Sunnit amalni bajargan kishi savobga erishadi. Uni tark qilish karih va zararlidir.
*** 4. Harom ***
Qatiy, ochiq shar’iy dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amal. Zino, o‘g‘rilik qilmoq kabi.
Hukmi
Harom shipi qilgan kishi do‘zax azobiga giriftor bo‘ladi. Tark qilgan kishi esa, Allohning amriga itoat qilgani uchun savobga erishadi, haromni inkor qilgan odam kofir bo‘ladi.
*** 5. Karohati tahrimiya ***
Ochiq bo‘lmagan dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amal. Boshqa kishining savdo-sotig‘iga daxl qilib, u olmoqchi bo‘lgan molni olish yoki boshqa kishi sovchi qo‘ygan qiz yoki ayolning qo‘lini, u voz kechmasidan oldin so‘rash kabi.
Hukmi
Buni qilgan odam harom ishni bajargan kabi azobga duchor bo‘ladi. Lekin inkor qilgan kishi kofir bulmaydi.
*** 6. Karohati tanzihiya ***
Ochiq bo‘lmagan shar’iy dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amallar.
Hukmi
Bu amalni bajargan kishiga hech qanday jazo va dashnom berilmaydi. Lekin yaxshi va fazilatli amallarning aksini qilgan bo‘ladi.
*** 7. Muboh ***
Qilish yoki qilmaslikda insonlar erkin bo‘lgan amal.
Hukmi
Bajarilgan paytda savob ham, tark etilgan paytda jazo ham berilmaydi.
KЕYINGI MAVZULAR:
TAHORAT KITOBI:
Suvlarning turlari;
Suv tabiiy holatining o‘zgarish me’yori qanday?
Surning (ichilgan suvdan qolgani) hukmlari;
Idishlar va kiyimlarning tozasini tanlash;
Quduqlar va ularni tozalash;
Istinjo;
Istinjoning hukmi;
Istinjo qilish tartibi;
Istinjoda qo‘llash makruh bo‘lgan narsalar;
Hojatxona odobi;
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi