Qozonda Tatariston musulmonlari idorasining eng muhim loyihalaridan biri – namoz va Islom asoslarini o‘rgatuvchi tezkor kurs bo‘lmish “Bir kunlik maktablar” qaytadan ish boshladi. Maktablarning tantanali ochilish marosimi idoraning majlislar zalida bo‘lib o‘tdi.
Birinchi darsga yuzdan ortiq ayol va erkaklar tashrif buyurgani qayd etilgan. “Maktab” 6 darsda ularga namoz o‘qish tartibi va Islom asoslari bo‘yicha bilim beradi.
Ahamiyatlisi shundaki, bu safargi darslarga ilk bora musulmonlar oilasi bilan yozildi. Shuningdek, eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlar ham maktabda ta’lim olish istagini bildirishgan. Ular uchun maxsus surdo tarjimalar tashkil etilgan.
Darslarda qatnashayotganlarning har biriga “Islom. Birinchi qadam” ish daftari taqdim etilgan. Unda har bir musulmon uchun eng zarur bo‘lgan bilimlar tushunarli qilib joylangan. Eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlar bilan ham mashg‘ulotlar boshlanib, dastavval tahorat olish ko‘nikmalari bilan tanishdilar. Har bir dars nazariy va amaliy qismdan iborat tarzda olib borilishi nazarda tutilgan.
7 dekabrda darslar o‘z yakuniga yetadi va Tatariston muftiyi tomonidan ishtirokchilarga “Bir kunlik maktab” loyihasida ta’lim olganligini tasdiqlovchi guvohnomalar topshiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati