بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ وَجَعَلَهُ أُسْوَةً حَسَنَةً لِلْمُؤْمِنِيْنَ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا الرَّؤُوفِ بِالْمُؤْمِنِيْنَ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ
MAVLIDUN NABIY MUBORAK!
Muhtaram jamoat! Alloh taoloning habibi, sarvari koinot, olamlarga rahmat qilib yuborilgan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning tavallud oylari barchamizga muborak bo‘lsin! Ma’lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam milodiy 571 yili Rabiul avval oyining 12 kuni Makkai Mukarramada Quraysh qabilasida tavallud topganlar. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam – payg‘ambar va rasullarning oxirgisi, Havzi kavsar sohibi, ummatlari jannat ahlining uchdan bir qismini tashkil qiladigan Zotdirlar. Hatto payg‘ambarlar ham U Zotga ummat bo‘lishni orzu qilganlar.
Darhaqiqat, Muhammad sallallohu alayhi vasallam – payg‘ambarlarning eng ulug‘i va xotimalovchisi, butun olamga rahmat qilib yuborgan elchi, insoniyat faxri, odamlarnin eng yaxshisi, eng yaxshi xulqlisi va komilidirlar. Alloh taolo O‘z Rasuliga xitob qilib, uni butun olamga rahmat elchisi ekanini tasdiqlab, Qur’oni karimda bunday degan:
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ
ya’ni: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi 107-oyat).
Oyatdagi “rahmat” juda keng ma’noni anglatadi. Ularni bilish uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning odob-axloqlari, siyrat va shamoillari, shariatlarining bag‘rikengligi, g‘ayridinlarga ham zulmni ravo ko‘rmasligi, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanidan xabardor bo‘lish zarur.
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi, aniq misollar, rivoyatlar bilan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hayotlari va axloqlari haqida gapirib beradilar...).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning martabalari sababli o‘tgan barcha payg‘ambar va rasullar Qiyomat kuni Payg‘ambarimiz alayhissalomning bayroqlari ostida bo‘ladilar. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan:
أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ القِيَامَةِ وَلَا فَخْرَ، وَبِيَدِي لِوَاءُ الحَمْدِ وَلَا فَخْرَ، وَمَا مِنْ نَبِيٍّ يَوْمَئِذٍ آدَمُ فَمَنْ سِوَاهُ إِلَّا تَحْتَ لِوَائِي
(رواه الإمام أحمد والإمام الترمذي عن أبي سَعِيدٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Qiyomat kuni men – Odam farzandining sayyidiman va faxrlanish emas-ku, qo‘limda hamd bayrog‘i bo‘ladir. O‘sha kunda hech bir nabiy yo‘qki, Odam(alayhissalom) ham, boshqa ham mening bayrog‘im ostida bo‘ladi” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).
Birinchi bo‘lib qabrdan chiqadigan va birinchi bo‘lib shafoat qilishni boshlaydigan Zot ham janob Payg‘ambarimiz alayhissalom bo‘ladilar. Bu haqda shunday deganlar:
أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، وَأَوَّلُ مَنْ يَنْشَقُّ عَنْهُ الْقَبْرُ، وَأَوَّلُ شَافِعٍ وَأَوَّلُ مُشَفَّعٍ
(رواه الإمامُ مسلمٌ عن أبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Qiyomat kuni men – Odam farzandining sayyidiman. Qabrdan birinchi chiqadigan shaxsman. Birinchi shafoat qiluvchiman. Birinchi shafoati qabul qilinuvchiman” (Imom Muslim rivoyatlari).
Hurmatli azizlar! Alloh taologa beadad va behisob hamdu sanolar bo‘lsinki, sizu bizni mana shunday ulug‘ Zotning ummati qildi.
Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning yuksak martabalari va ulug‘liklarini yaxshi bilganliklari uchun ham U Zotga munosib muomala va munosabatda bo‘lib, qattiq muhabbat qo‘yganlar.
Tarixdan ma’lumki, Makka mushriklari elchisi Urva ibn Mas’ud as-Saqafiy Hudaybiya sulhi kuni sahobalarning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan munosabatlarini, U Zotni qanday hurmat-ehtirom qilishlarini diqqat bilan kuzatgach va qavmiga qaytib borgach shunday dedi:
وَاللهِ لَقَدْ وَفَدْتُ عَلَى الْمُلُوكِ عَلَى قَيْصَرَ وَكِسْرَى وَالنَّجَاشِي فَوَاللهِ مَا رَأَيْتُ مَلِكًا يُعَظِّمُهُ أَصْحَابُهُ مَا يُعَظِّمُ أَصْحَابُ مُحَمَّدٍ مُحَمَّدًا،... وَإِذَا أَمَرَهُمْ أَمْرًا اِبْتَدَرُوا أمْرَهُ، وَإِذَا تَوَضَّأَ كَادُوا يَقْتَتِلُونَ عَلَى وَضُوئِهِ، وَإِذَا تَكَلَّمَ خَفِضُوا أَصْوَاتَهُمْ عَنْهُ، وَمَا يُحِدُّونَ النَّظَرَ إِلَيْهِ تَعْظِيْمًا لَهُ
ya’ni: “(Ey qavmim), qasamki, men ko‘p podshohlar, jumladan, Qaysar, Kisro va Najoshiy huzurida bo‘lganman. Allohga qasamki, biron-bir podshohning ayonlari Muhammadning as'hobi Uni ulug‘laganidek ulug‘laganini ko‘rmaganman... Agar bir ishga buyursa, uni ado etishga shoshilishadi. U gapirsa, ovozlarini chiqarmay, jim quloq solishadi. Uni hurmat qilganlaridan yuziga tik boqishmaydi” (Shu mazmundagi hadisni Imom Buxoriy rivoyat qilganlar).
Bir kishi Nabiy sallallohu alayhi vasalamning huzurlariga kelib: “Qiyomat qachon bo‘ladi?” – deb so‘radi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasalam unga:
"مَاذَا أَعْدَدْتَ لَهَا؟" قَالَ: لاَ شَيْءَ، إِلاَّ أَنِّي أُحِبُّ اللهَ وَرَسُولَهُ صَلَّى اللهُ عليه وَسَلَّمَ، فَقَالَ: "أَنْتَ مَعَ مَنْ أَحْبَبْتَ
(رواه الإمامُ البخاري والإمامُ مسلمٌ عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عنه)
ya’ni: “Qiyomat uchun nima tayyorlagansiz o‘zi?” – dedilar. U “Hech narsa. Lekin men Alloh va Uning Rasulini yaxshi ko‘raman”, – dedi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Siz o‘zingiz yaxshi ko‘rganlar bilan birga bo‘lasiz!”, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Rasululloh sallallohu alayhi vasalamning xodimlaridan bo‘lmish Savbon raziyallohu anhu bir kuni Payg‘ambarimiz alayhissalomning huzurlariga rangi o‘zgargan, xafa holida keldi. Shunda Rasululloh unga: “Sizga nima bo‘ldi?” – dedilar. Savbon raziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, menda hech qanday bemorlik va og‘riq yo‘q, lekin biroz Sizni ko‘rmasam sog‘inib, og‘ir ahvolga tushaman. Yo Rasululloh! Keyin Sizni jannatdagi maqomingizni o‘yladim. Siz payg‘ambarlar bilan eng oliy martabada turasiz. Men jannatga kirgan taqdirimda ham past martabada bo‘laman. Mabodo jannatga kira olmasam, Sizni abadul-abad ko‘ra olmayman. Shundan g‘amginman, yo Rasululloh!” – dedi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam biror narsa demay, jim qoldilar. Bir ozdan so‘ng quyidagi oyati karima nozil bo‘ldi:
وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَأُولَئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِمْ مِنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ وَالصَّالِحِينَ
وَحَسُنَ أُولَئِكَ رَفِيقًا. ذَلِكَ الْفَضْلُ مِنَ اللَّهِ وَكَفَى بِاللَّهِ عَلِيمًا
ya’ni: “Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, aynan o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go‘zaldir! Bu Allohdan (bo‘lgan) fazldir. Alloh yetarli (darajada) bilimdondir” (Niso surasi 69-70 oyatlar).
Oyatdagi “Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa” degani – dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilsa, deganidir. Demak, shariatda buyurilgan amallarni bajarib, qaytariqlardan qaytish – Alloh va Payg‘ambarga itoat qilish hisoblanadi. Bunday kishiga Qiyomat kuni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih qishilar bilan birga bo‘lishdek martaba ato etiladi.
Qaysi bir musulmon Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasalamni chin dildan yaxshi ko‘rsa, albatta jannatda U Zot bilan hamroh bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ladi. Ulamolarimiz kishining Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbati qanchalik chin ekanligiga bir nechta amallar dalolat qiladi, deganlar. Quyida ulardan eng zarurlarini keltiramiz:
Payg‘ambarimiz alayhissalomga salavot aytishni Alloh taolo Qur’oni karimda biz ummatlarga buyurib, shunday degan:
إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا
ya’ni: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!” (Ahzob surasi 56-oyat).
“Ummatim!” deb yashagan suyukli Payg‘ambarimiz alayhissalomga Alloh taolo va farishtalar salavot aytib turganda, biz aytmasak, ummatlik vazifamizni go‘zal holatda ado qilgan bo‘lmaymiz. Qolaversa, salavot aytish juda savobli amal hisoblanib, hadislarda ham unga targ‘ibotlar bisyordir. Jumladan, hadisi sharifda salavotning fazilati haqida shunday deyilgan:
مَنْ صَلَّى عَلَيَّ صَلَاةً وَاحِدَةً صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ عَشْرَ صَلَوَاتٍ وَحُطَّتْ عَنْهُ عَشْرُ خَطِيئَاتٍ وَرُفِعَتْ لَهُ عَشْرُ دَرَجَاتٍ
(رواه الإمامُ أحمدُ والإمامُ النسائي عن أنسٍ رَضِيَ الله عنه)
ya’ni: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta rahmat yo‘llaydi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi. O‘n daraja martabasi ko‘tariladi” (Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyatlari). Yana bir hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:
مَنْ صَلَّى عَلَيَّ حِيْنَ يُصْبِحُ عَشْرًا، وَحِيْنَ يُمْسِيْ عَشْرًا، أَدْرَكَتْهُ شَفَاعَتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ
(رواه الإمامُ الطبراني عن أبي الدرداء رَضِيَ الله عنه)
ya’ni: “Kim menga ertalab o‘n marta, kechqurun o‘n marta salavot aytsa, Qiyomat kuni men uni shafoat qilaman” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasalamga bo‘lgan muhabbatlarimizni isbotlab, doimo imkon qadar salavot aytib yurishga odatlanishimiz maqsadga muvofiqdir. Hech bo‘lmaganda eng qisqa salavotlarni turgan va yurganimizda aytishimiz kerak. Eng qisqa salavotlar:
اَللَّهُمَّ صَلِّى وَسَلِّمْ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّد صَلَّى اللهُ عَلَيْكَ يَا رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمْ
Har birimiz Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlari va hayotlarini yanada kengroq o‘rganib, barcha ish va amalimizda U Zotga ergashish, U Zotning xulqlariga muvofiq hayot kechirishimiz kerak. Chunki, qancha Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rgansak, o‘z-o‘zidan U Zotga bo‘lgan muhabbatimiz yana ham ortadi. Shu bilan birga shariatimizning ba’zi hukmlarini yanada yaxshiroq anglaymiz.
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi, aniq misollar, rivoyatlar bilan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hayotlari va axloqlari haqida gapirib beradilar...).
Shunday ekan, bu ulug‘ oyni g‘animat bilib, ota-onalar farzandlari bilan kitobxonliklarni tashkil qilsalar, ayni muddao va muhabbatning bir nishonasi bo‘ladi. Beadad shukrlar bo‘lsinki, hozirgi kunda kitob do‘konlarida yurtimiz ulamolari tomonidan yozilgan Payg‘ambarimiz alayhissalomning tarixlariga doir, o‘zbek tilidagi adabiyotlar yetarlicha mavjud. Faqat undan foydalanishimiz kerak, xolos.
Ma’lumki, bu ulug‘ oyda yurtimizda mavlud marosimlari o‘tkaziladi. Musulmon ommasi taqriban ming yillardan buyon bu xayrli marosimni o‘tkazib kelmoqdalar. Mavlud marosimida Qur’on tilovat qilinib, salovotlar aytiladi. Payg‘ambarimizning ota-bobolari, nasl-nasablari, tug‘ilishlari, xulq-atvorlari va hayotlari haqida nazm va qasidalar o‘qiladi. Bu ezgu ish – Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlarini o‘rganishga yana bir turtki bo‘ladi.
Mavlud marosimini o‘tkazish fazilatlari va asoslari haqida bir qancha dalillar mavjud bo‘lib, ulardan faqat bittasini e’tiboringizga havola qilamiz:
“Majmuatul fatovo” kitobida Abdulhay Laknaviy hazratlari mavlid o‘qishga dalil keltirib shunday deganlar: “Payg‘ambarimiz davrlarida yashab ijod qilgan shoir Hasson raziyallohu anhuga Rasululloh sallallohu alayhi vasallam O‘zlarining madhlari bitilgan baytlarini o‘qitganlari mavlid o‘qishga dalil bo‘ladi. Chunki, uning qasidalarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sifatlari, mo‘jizalari, nasl-nasablari, tug‘ilishlari borasida so‘z yuritilgan edi. Shu yerda ta’kidlash lozimki, buyuk sahoba va shoir Hasson raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin ham odamlar to‘plangan joylarda, xususan, masjidda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qurdirgan minbarda turib, o‘z qasidalarini odamlarga o‘qib berganlar. Bu borada sahih hadis to‘plamlaridagi dalillar yetarlidir. Mavlid o‘qishning mustahab va mandub amal ekaniga Hazrati Bilol raziyallohu anhuning o‘sha davrda ko‘chalarda va bozorlarda odamlarni to‘plab, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni zikr qilib, aytib berib yurganlarini ham dalil sifatida keltirish ham mumkin”.
Odatda insonlar o‘z millati, yurti insonlari uchun ko‘p yaxshi ishlar qilgan, odamlarga faqat foyda keltirib, jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shgan davlat arboblari, yurt qahramonlari, sarkardalarning tug‘ilgan kunlarini nishonlashni odat qilib oladilar. Bunda o‘sha insonning shu yurt taqdiriga bitilganidan quvonish, u sabab yuz bergan yaxshiliklarni eslash, qadriga yetish kabi maqsadlar ko‘zlanadi.
Endi bir o‘ylab ko‘raylik, butun olamlarga rahmat o‘laroq yuborilgan, arabu ajam, rumu forsning hidoyatiga sabab bo‘lgan, Alloh taolo butun insoniyatni jaholatdan qutqarilishiga vosita qilgan Zot – Payg‘ambar, Islohotchi, Rahbar, Taqvodorlar imomi, Mehribon er, Rahimdil ota, Buyuk muallim, Insoniyat tarbiyachisi, Yuksak xulqlar va kamtarlik timsoli bo‘lgan, Alloh taoloning O‘zi “buyuk xulq uzradirsiz!” deb maqtagan Zotning tug‘ilgan kunidan shodlanish, bu kunni salavotu salom bilan o‘tkazish, o‘z Shafoatchisi, Payg‘ambari, Yo‘lboshchisi bo‘lgan Eng komil insonni mo‘minlarga tanitish, Alloh unda jamlagan go‘zal sifat va xulqlarini eslatib, ularni mazkur xulqlar bilan ziynatlanishga chaqirish –nahotki jinoyat, nojoiz va mo‘minni adashtiradigan amal bo‘lsa?!
Qaysi sog‘lom aql, Rasulullohga muhabbatni da’vo qiladigan qaysi qalb buni hazm qila oladi?! Axir xorijdagi bir hovuch esipastlarning aljirashiga uchib, mavlid haqida bu kabi puch da’volarni ko‘tarib yurgan kishilar shu ishlari bilan shaytonni quvontirmayaptilarmi?! Butun ummat ming yillar davomida go‘zal suratda qilib kelgan mandub amalni “harom” deb e’lon qilib, musulmonlarning o‘rtasidagi ixtilof, janjal va dilxiraliklardan boshqa nimaga erishdilar?!
Eng achinarlisi shundaki, mavlidni bid’at, mazhabni zalolat deb ayyuhannos soladigan o‘sha johillar musulmonlar orasiga kirib, o‘zini-o‘zi portlatishni “shahidlik” deb talqin etadilar. Kuni kecha tinch bo‘lib turgan yurtga qo‘lda qurol bilan kirib borib, ho‘lu quruqni barobar yoqayotgan, bolalarni yetim, ayollarni beva qilayotganlarni “mujohid” va shu jirkanch ishi asnosida xor-zor bo‘lib, o‘lim topganlarni esa “shahid” deb jar solmoqdalar. Bular dinimizni do‘stlarimi yo dushmanlarimi?
Bu kabi nodon kimsalar bu bilan nafaqat o‘zlarini, balki ko‘plab aybsiz kishilarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lmoqdalar. Holbuki, nohaq odam o‘ldirish yoki o‘zini-o‘zi o‘ldirish Islom shariatida qattiq qoralangan va eng katta gunoh deb sanalgan. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا
ya’ni: “(Ey, imon keltirganlar!) o‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi 29-oyat).
Demak, bu iddaolar osiylikdan boshqa narsa emas!
Shunday ekan, azizlar, mo‘min-musulmonlarning boshida qanchadan-qancha muammo, alam va qiyinchiliklar ko‘lanka bo‘lib turgan bir vaqtda faoliyati faqatgina musulmonlarni ahli bid’atga chiqarish, Payg‘ambarga muhabbatni shariatga zid deb sifatlashdan nariga o‘tmaydigan nusxalarning gaplariga uchib tuban ketishdan o‘zimizni saqlaylik!
Alloh taolo barchalarimizning qalbimizga Rasulining muhabbatini jo qilsin! Qiyomatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “hamd” bayroqlari ostida turish va U Zotning muborak shafoatlariga erishish hamda jannatda Rasuliga qo‘shni bo‘lish baxtini nasib etsin! Omin!
Muhtaram imom domla! Rabi’ul avval oyi kirib kelganligi munosabati bilan imkoniyatingizga qarab, mana shu oyning biror jumasida Imom Barzanjiyning “Mavlidun Nabiy” kitobidan o‘qib berishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ISLOMDA AYOLLARGA MUNOSABAT” mavzusida bo‘ladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.