Qalb, lug‘atda bir narsani ag‘darish ma’nosida ishlatiladi. U bir xil turmay, u yoqqadan bu yoqqa ag‘darilib turgani uchun ham “Qalb” deb ataladi.
Demak, o‘z nomiga ko‘ra qalb hech qachon bir xilda, sof, toza holda turishi yoki aksincha qorayib qattiq holatda bo‘lishi biroz haqiqatga mos emas. Atrof muhit, oiladagi tarbiya, aql va dunyo qarashdagi o‘zgarishlar qalbga albatta ta’sir o‘tkazadi.
Demak, bugun ko‘pchilik orasida “men falon yomon ishni qilsamda qalbim pok” deya ta’kidlayotgan yoki ota-onasiga qo‘l ko‘tarib, zino, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, zo‘ravonlik va boshqa jinoyat va gunoh ishlarni qilib, odamlarga qo‘li va tili bilan ozor bera turib o‘zini “qalbi toza”likda davo qilayotganlarning so‘zlarida kattagina yolg‘on bor.
Xo‘sh, aslida toza qalb qanday bo‘ladi? Bu haqda Alloh taoloning Kalomi Qur’oni karim hamda Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida keltirilgan qalb haqidagi oyat va hadislarning ayrimlari bilan tanishib o‘tamiz!
Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida shunday marhamat qiladi:
“U kunda na molu davlat va na bola-chaqa foyda bermas. Alloh xuzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)” (Shuaro surasi, 88-89-oyatlar).
“Ular imon keltirgan va qalblari Allohni zikr qilish bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘linglarki, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom oladi!” (Ra’d, 28-oyat).
“Alloh zikr qilinganda mo‘minlar qalbi qo‘rquvga tushadi” (Anfol surasi 2 oyat).
“Magar kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)” (Shuaro surasi, 89 oyat).
Hadisi shariflarda esa qalbga quyidagicha ta’rif beriladi:
No‘mon ibn Bashr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ogoh bo‘lingkim! Albatta jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur. Ogoh bo‘lingkim (ushbu narsa qalbdir)”, deganlar”.
Qalbning solih bo‘lishi nima bilan bilinadi? Ko‘pchilik o‘zini solih ya’ni toza qalb sohiblari deb biladilar. Aslidachi?
Qalbning oynasi insonning a’zolaridir. Agar insonning a’zolari Allohning buyruqlari va qaytariqlariga muvofiq harakatlanayotgan bo‘lsa, demak, bu qalb solih qalbdir. Aksincha, uning a’zolari Allohning buyruqlariga bo‘ysunmasa, qaytariqlaridan qaytmasa, bu qalb fasod qalbdir, garchand uning sohibi har qancha poklikni, tozalikni da’vo qilsa ham.
Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga quyidagi duolarni aytib yurishimizni o‘rgatar edilar: “Allohim! Albatta men Sendan ishda sobitlikni so‘rayman va rushdda (to‘g‘ri yurishda) azmu qarorni so‘rayman. Men Sendan ne’matinga shukur qilishni, ibodatingni go‘zal qilishni so‘rayman. Men Sendan sodiq til va solim(sog‘lom) qalb so‘rayman. Men Sendan o‘zing bilgan narsalarning sharridan (yomonligi)panoh so‘rayman. Men Sendan o‘zing biladigan narsalarning xayridan (yaxshiligi)so‘rayman. Men Sendan o‘zing biladigan narsalardan istig‘for so‘rayman. Albatta, Sen o‘zing g‘ayblarni o‘ta yaxshi bilguvchidirsan”, deganlar”.
Mazkur mashhur duoni mavzumizga tegishli bo‘lgan qismiga e’tibor beradigan bo‘lsak, “Allohim men Sendan, sodiq til va solim qalb so‘rayman”, degan qismidir.
Sodiq til degani ishonchli, yaxshi so‘zlarni so‘zlaguvchi deganidir. So‘zimizning avvalida qalbni o‘zgaruvchan, doimo bir xilda turmaydigan deya ta’kidlab o‘tdik. Xulosa shuki, qalbni doimo tarbiyalab, asrab avaylab, uni gunoh va masiyat orzularidan, dunyo muhabbatidan tozalab turmog‘imiz lozim! Shundagina butun tanamiz pok bo‘ladi va biz haqiqiy toza qalb sohibiga aylanamiz!
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan