Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

O‘zingizni tekshirib ko‘ring-chi?!

28.10.2019   2897   4 min.
O‘zingizni tekshirib ko‘ring-chi?!

Qalb, lug‘atda bir narsani ag‘darish ma’nosida ishlatiladi. U bir xil turmay, u yoqqadan bu yoqqa ag‘darilib turgani uchun ham “Qalb” deb ataladi.

Demak, o‘z nomiga ko‘ra qalb hech qachon bir xilda, sof, toza holda turishi yoki aksincha qorayib qattiq holatda bo‘lishi biroz haqiqatga mos emas. Atrof muhit, oiladagi tarbiya, aql va dunyo qarashdagi o‘zgarishlar qalbga albatta ta’sir o‘tkazadi.

Demak, bugun ko‘pchilik orasida “men falon yomon ishni qilsamda qalbim pok” deya ta’kidlayotgan yoki ota-onasiga qo‘l ko‘tarib, zino, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, zo‘ravonlik va boshqa jinoyat va gunoh ishlarni qilib, odamlarga qo‘li va tili bilan ozor bera turib o‘zini “qalbi toza”likda davo qilayotganlarning so‘zlarida kattagina yolg‘on bor.

Xo‘sh, aslida toza qalb qanday bo‘ladi? Bu haqda Alloh taoloning Kalomi Qur’oni karim hamda Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida keltirilgan qalb haqidagi oyat va hadislarning ayrimlari bilan tanishib o‘tamiz!

Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida shunday marhamat qiladi:        

 “U kunda na molu davlat va na bola-chaqa foyda bermas. Alloh xuzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)” (Shuaro surasi, 88-89-oyatlar).                                                                                              

“Ular imon keltirgan va qalblari Allohni zikr qilish bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘linglarki, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom oladi!” (Ra’d, 28-oyat).

“Alloh zikr qilinganda mo‘minlar qalbi qo‘rquvga tushadi” (Anfol surasi 2 oyat).

“Magar kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar) (Shuaro surasi, 89 oyat).

Hadisi shariflarda esa qalbga quyidagicha ta’rif beriladi:      
No‘mon ibn Bashr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ogoh bo‘lingkim! Albatta jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur. Ogoh bo‘lingkim (ushbu narsa qalbdir)”, deganlar”.

Qalbning solih bo‘lishi nima bilan bilinadi?  Ko‘pchilik  o‘zini solih ya’ni toza qalb sohiblari deb biladilar. Aslidachi?

Qalbning oynasi insonning a’zolaridir. Agar insonning  a’zolari Allohning buyruqlari va qaytariqlariga  muvofiq harakatlanayotgan bo‘lsa, demak, bu qalb solih qalbdir. Aksincha, uning a’zolari Allohning buyruqlariga bo‘ysunmasa, qaytariqlaridan qaytmasa, bu qalb fasod qalbdir, garchand uning sohibi har qancha poklikni, tozalikni da’vo qilsa ham.

Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga quyidagi duolarni aytib yurishimizni o‘rgatar edilar: “Allohim! Albatta men Sendan ishda sobitlikni so‘rayman va rushdda (to‘g‘ri yurishda) azmu qarorni so‘rayman. Men Sendan ne’matinga shukur qilishni, ibodatingni go‘zal qilishni so‘rayman. Men Sendan sodiq til va solim(sog‘lom) qalb so‘rayman. Men Sendan o‘zing bilgan narsalarning sharridan (yomonligi)panoh so‘rayman. Men Sendan o‘zing biladigan narsalarning xayridan (yaxshiligi)so‘rayman. Men Sendan o‘zing biladigan narsalardan istig‘for so‘rayman. Albatta, Sen o‘zing g‘ayblarni o‘ta yaxshi bilguvchidirsan”deganlar”.

Mazkur  mashhur duoni mavzumizga tegishli bo‘lgan qismiga e’tibor beradigan bo‘lsak, “Allohim men Sendan, sodiq til va solim qalb so‘rayman”, degan qismidir.

Sodiq til degani ishonchli, yaxshi so‘zlarni so‘zlaguvchi deganidir. So‘zimizning avvalida qalbni o‘zgaruvchan, doimo bir xilda turmaydigan deya ta’kidlab o‘tdik. Xulosa shuki, qalbni doimo tarbiyalab, asrab avaylab, uni gunoh va masiyat orzularidan, dunyo muhabbatidan tozalab turmog‘imiz lozim! Shundagina butun tanamiz pok bo‘ladi va biz haqiqiy toza qalb sohibiga aylanamiz!

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Vatan har kishining qalbidan boshlanadi

13.01.2025   3120   4 min.
Vatan har kishining qalbidan boshlanadi

Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.


Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli  muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.


Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.


Bir  so‘z  bilan  aytganda,  ming  yillar  davomida  yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.


Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin. 


Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.


Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.


Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi

 

MAQOLA