OLTI DINIY KALIMA
Laa ilaha illalloh, Muhammadur rosululloh.
Ma’nosi: Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir! Muhammad Allohning rasulidir.
Ashhadu al laa ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan ’abduhu va rosuluh.
Ma’nosi: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad (alayhissalom) Allohning bandasi va rasuli ekaniga iqrorman.
Ashhadu al laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lah, lahul mulku va lahul hamd(u) yuhyi va yumiyt(u) va huva hayyul laa yamut(u), biyadihil xoyr(u) va huva ’ala kulli shay’in qodir.
Ma’nosi: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga iqrorman! Allohning sherigi yo‘qdir. Mulk Allohnikidir. Maqtov Allohgadir. (Alloh) tiriltiradi va o‘ldiradi. Ammo O‘zi tirikdir, o‘lmaydi. Yaxshilik Uning ixtiyoridadir va U hamma narsaga qodirdir!
Allohumma inni a’uzu bika min an ushrika bika shay’an va ana a’lam. Va astag‘firuka lima la a’lam. Innaka antal ’allamul g‘uyub.
Ma’nosi: Yo Alloh, Sendan o‘zim bilganim holda Senga biror narsani sherik qilishimdan asrashingni so‘rayman. Sendan o‘zim bilganim holda shirk qilib qo‘ygan bo‘lsam, kechirishingni tilayman. Albatta, Sen g‘ayblarni bilguvchi Zotsan.
Astag‘firulloh, astag‘firulloh, astag‘firulloha ta’ala min kulli zambin aznabtuhu ’amdan av xotoan sirron va ’alaniyah. Va atubu ilayhi minaz zambillaziy a’lamu va minaz-zambillaziy la a’lam. Innaka antal ’allamul g‘uyub.
Ma’nosi: Yo Alloh, gunohlarimni kechirishingni so‘rayman. Yo Alloh gunohlarimni kechirishingni so‘rayman. Ataylab yo adashib, yashirin yo oshkora qilgan hamma gunohlarimni kechirishingni so‘rayman. O‘zim bilgan va bilmagan gunohlarimdan Allohga tavba qilaman (qaytaman). Albatta, Sen g‘ayblarni bilguvchi Zotsan.
Subhonallohi val hamdu lillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar. Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyyil ’azim. Ma shaa Allohu kaana va maa lam yasha’ lam yakun.
Ma’nosi: Allohning aybu nuqsoni yo‘qdir. Maqtovlar Allohgadir. Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir! Alloh ulug‘dir. Harakat va kuch-quvvat faqat qudratli va buyuk Alloh taoloning xohishi bilan bo‘ladi. Alloh nimani xohlasa, bo‘ladi, nimani xohlamasa, bo‘lmaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.