Hazrat Sulaymon alayhissalom daryoning bo‘yida o‘tirardi. Nigohi bir dona donni daryo tomon ko‘tarib borayotgan chumoliga tushdi. Sulaymon alayhissalom chumolini kuzatishda davom etdi. Chumoli donni suv bo‘yigacha sudrab bordi. Shu payt suv ichidan qurbaqa paydo bo‘ldi va og‘zini katta ochdi. Chumoli doni bilan qurbaqaning og‘ziga kirib ketdi. Qurbaqa og‘zini yopdi va suvga sho‘ng‘idi. Bir muddat o‘tgach, qurbaqa suvga sho‘ng‘igan joyidan paydo bo‘ldi va og‘zini yana ochdi. Ichidan chumoli o‘rmalab chiqdi. Ammo bu safar bug‘doy doni yo‘q edi.
Sulaymon alayhissalom chumolini yoniga chaqirdi va o‘z amali asrorini so‘zlab berishni so‘radi. Chumoli tilga kirdi:
– Ey Allohning payg‘ambari! Daryoning qa’rida ichi bo‘sh bir tosh yotibdi. O‘sha toshning ichida bir qurt yashaydi. Xudo qurtni o‘sha yerda yaratgan. U daryodan tashqariga chiqa olmaydi. Menga uning nasibasini yetkazib turish vazifasi yuklatilgan. Qurbaqaga esa meni suvning tubiga olib tushish amr etilgan. Men har kuni bir bug‘doy donasini daryo bo‘yiga keltiraman. Qurbaqa meni og‘ziga solib, suv ostiga, tosh yoniga qadar olib tushadi. Men u yerdagi teshik orqali bug‘doy donini qurtning og‘zigacha olib boraman. So‘ngra, qurbaqa meni yana og‘ziga olib qirg‘oqqa qadar chiqarib qo‘yadi.
Hazrat Sulaymon alayhissalom chumoliga dedi: – Bug‘doy donasini qurtga eltganingda undan biror gap eshitganmisan?
Chumoli javob berdi: – Ha. U doimo shunday deydi: “ – Ey mening rizqimni daryo tubidagi tosh ichiga qadar yetkazib berishni unutmaydigan Xudo! Iymonli bandalaringga nisbatan bo‘lgan rahmatingni unutma”.
***
Sulaymon alayhissalom bir chumolini ko‘rib undan:
- Bir kunda qancha bug‘doy yeysan? - deb so‘rabdilar. Chumoli:
- Bir dona, deb javob beribdi.
Sulaymon alayhissalom uning oldiga bir dona bug‘doyni qo‘yibdilar-da, ustidan bir kosani ag‘darib: "Kunlik rizqingni men keltirib turaman!" debdilar.
Ertasiga kelib, kosani olib qarasalar chumoli bir dona bug‘doyning yarmini yeb, qolgan yarmini ushlab o‘tirganmish. Sulaymon alayhissalom chumoliga:
- Menga, bir dona bug‘doyni bir kunda yeyman, degan eding. Yarmi ortib qolibdi-ku, debdilar. Chumoli u zotga qarab:
- Rizqim Allohning zimmasida ekan, U Zot menga kunlik rizqimni yetkazishni unutmaydi. Bunga ishonchim komil. Lekin kunim sizga qolgach, esingizdan chiqib qolsam-chi, degan xavotir bilan yarmini olib qo‘ydim. Chunki bandaga ishonch yo‘q, – deb javob qilibdi.
***
Muhammad ibn Bahrin ash-Shajiniy shunday degan:
– Mol-mulkim ko‘pligiga qaramay, faqirlikdan juda qo‘rqar edim. Kunlardan bir kuni Abu Hafs Haddod menga: “Agar peshonangga faqirlik yozilgan bo‘lsa, hech kim seni boy qila olmaydi”, dedi. Bu gapni eshitganim zahoti faqirlik qo‘rquvi qalbimni tark etdi.
***
Alixonto‘ra Sog‘uniy shunday deganlar:
Hech kimsa eng so‘nggi rizqini yeb tugatmaguncha dunyodan ketmas,
Rizqi tugamagan bandaning o‘lishi mumkin emas,
Uning rizqini ozaytirish yoki ko‘paytirish hech kimning qo‘lidan kelmas. Bandaga rizq kelishi har qancha kechikib qolsa ham,
Yana unga o‘lchangan rizqi yetmay qolmas.
Halollik bilan kasb qilinsa,
Halol rizq yetkazishlikka Alloh kafildur.
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati