Bu dunyo ajib bir dunyodir. Unda ba’zilar yeganini hazm qilish uchun bir necha mil piyoda yursa, boshqalari esa qornini to‘ydirish uchun bir necha millab taom izlaydi. Biri berilgan ne’matni isrof qilsa, boshqa biri berilgan ne’matni past sanab noshkurlik qiladi.
Doimo chanqaganimizda suv yoki biror bir sharbatlarni ichamiz. Och qolganimizda esa bir necha xil taomlarni tanovul qilamiz. Biroq, ko‘pchiligimiz aksar hollarda bu ne’matlarni kim yaratganligi va qanday qilib bizga nasib qilganini eslashni unitib qo‘yamiz.
Taomlanishdan oldin “Bismillah”ni va yeb bo‘lgach “Alhamdulillah”ni unutib, o‘zimizni go‘yoki bu ne’matlar ota-bobolarimizdan bizga meros qolganday tutamiz.
Agar taomda ta’m va lazzatni his qilishni istasak, avvalo “Bismillah” bilan boshlashimiz va “Alhamdulillah” bilan tugatishga odatlanishimiz kerak bo‘ladi. Bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lib, shu bilan bir qatorda ushbu kichik bir so‘zda juda ko‘plab hikmatllar va foydalar bor.
Inson taom yer ekan har zamon “Alhamdulillah” desa, yeyayotgan taomi haqida tafakkur qiladi. Natijada faqirlarni, yetim-yesirlarni va nochorlarni eslab, Alloh taologa shukr qiladi. Bu ishi bilan yeyayotgan narsasining ta’mini va lazzatini his etadi.
Ammo hayvon kabi shosha-pisha, kam nafas olib va pala-partish yeydigan kimsalar esa, na hamd aytadi va na shukr qiladi. Natijada odobsiz taomlanib, taomning ta’mini ham, lazzatini ham his qilmaydi. Bu esa eng xunuk holatdir.
Demak, kimda kim suv ichar ekan uni kim yaratganini, taom yer ekan uni kim ato qilganini tafakkur qilsa, o‘zga hayot va o‘zga olamni his qiladi hamda ruhan taskin topadi.
Xulosa shuki, agar toamimizni ta’mi va lazzatini topishni istasak, ularni yaratgan va bergan Zotni eslashimiz lozim bo‘ladi.
Ey Robbimiz, bizni bu ne’matga sazovor qilgin.
TII o‘qituvchisi, “Shayx Zayniddin” masjidi imom xatibi Abduraxmanov Yahyo