Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo Qur’oni karimda “Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi” (G‘ofir, 60) deb marhamat qilgan. Boshqa bir oyatda esa “...Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman...” (Baqara, 186) degan.
Ushbu oyatlarga nazar solsak, Alloh taolo duo qiluvchining duosini ijobat qilishini va’da qilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Xo‘sh, unda nega duolarimiz qabul bo‘lmayapti? Axir Alloh azza va jalla va’dasiga xilof qilmaydigan zotku! Albatta, hamma narsaning o‘z qonun-qoidasi bo‘lganidek, duo qilishning ham o‘ziga yarasha qoida va shartlari mavjud. O‘sha shartlarga amal qilinsagina duolar qabul bo‘ladi. Duo qabul bo‘lishining ba’zi shartlarini keltirib o‘tamiz.
1. Ixlos.
Duoning ibodat ekanligi hadislarda aytilgan. Inson duo qilar ekan, ushbu ibodatni ham chin ixlos bilan, Alloh taologa butun qalb qo‘ri bilan yuzlanib, Uning duolarni qabul qiluvchi Zot ekaniga ich-ichidan ishonib, ijobatni ham yolg‘iz Uning O‘zidan kutsa, albatta, duolari qabul bo‘ladi.
2. Allohga muhtojlikni his etish.
Duo qilayotgan kishi o‘zini Allohga muhtoj deb bilmog‘i, musibatlardan qutqaruvchi Uning O‘zi ekanligiga qalbidan ishonishi kerak. O‘zini Allohdan behojat hisoblab, shunchaki til uchida, naridan beri duo qiladiganlarning duosi hech qachon ijobat bo‘lmaydi.
3. Harom luqmadan saqlanish.
Duo qiluvchi, avvalo, harom luqmadan uzoq bo‘lishi lozim. Chunki, harom luqma duo qilayotgan shaxs bilan ijobatning o‘rtasida to‘siq bo‘lib qoladi. Qolaversa, luqmaning halol bo‘lishi boshqa ibodatlarning qabul bo‘lishida ham eng zarur omillardan hisoblanadi.
Zero, hadisda Payg‘ambar alayhissalom: “Albatta, Alloh pokdir. U zot faqat pok narsani qabul qiladi. Payg‘ambarlarini nima narsaga buyurgan bo‘lsa, mo‘minlarni ham shu narsalarga buyurgandir” dedilarda, quyidagi oyatlarni o‘qidilar: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!”, “(Payg‘ambarlarimizga shunday dedik:) “Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz!”. Keyin Payg‘ambar alayhissalom uzoq safarga chiqib, sochlari to‘zib, ust-boshi chang bo‘lib ketgan bir odamni zikr qildilar. “U odam qo‘llarini samoga ko‘tarib: “Ey Robbim, ey Robbim” deb duo qiladi. Vaholanki uning yeyishi harom, kiyishi harom, o‘zi ham harom bilan ozuqalanib o‘sgan. Uning duosi qayerdan ijobat bo‘lsin” dedilar.
Hadisda Payg‘ambar alayhissalom unday odamning duosi qabul bo‘lmasligini bildiryaptilar. Nega uning duosi ijobat bo‘lmaydi? Axir u zohiriy sabablarni bajardiku! Ya’ni, ikki qo‘lini samoga ko‘tardi. Chunki, Alloh samodagi arshdan oliy bo‘lgan zotdir. Qo‘llarni yuqoriga ko‘tarish ijobat sabablaridan biridir. Keyin Allohga Robb ismi bilan duo qildi. Zero, Qur’onda ham duolar asosan Robb ismi bilan boshlanadi.
“Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin!
Ey, Rabbimiz! Kimni Sen do‘zaxga kirgizsang, albatta, uni xor qilgan bo‘lasan. Zolimlarga esa yordamchilar yo‘qdir.
Ey, Rabbimiz! Biz “Rabbingizga imon keltiring!” deb, imonga chorlagan jarchini (Muhammadni) eshitdik va darhol unga imon keltirdik.
Ey, Rabbimiz! Bizning gunohlarimizni kechir, xatolarimizni o‘chir va bizlarni solih kishilar qatorida vafot ettir!
Ey, Rabbimiz! Yana bizlarga (barcha o‘tgan) payg‘ambarlaringga (ularning vositasi ila ummatlariga) va’da qilgan narsalaringni (savob va yordamingni) ato et va bizlarni qiyomat kunida sharmisor qilmagin! Albatta, Sen va’daga xilof qilmagaysan”.
Bas, Parvardigorlari ularni (duolarini) ijobat etib, (dedi:) “Albatta, Men sizlardan amal qiluvchining – xoh erkak bo‘lsin va xoh ayol bo‘lsin – amalini zoye qilmasman” (Oli Imron, 191-195).
Demak, Allohning Robb ismi vasila qilinsa, duoning ijobatiga tezroq erishilar ekan.
Hadisdagi odam ham Allohning o‘sha Robb ismini vasila qilgan edi. Qolaversa, u odam musofir edi. Safar ham ijobatning sabablaridan biridir. Zero, safardagi inson o‘zining Allohga muhtojligini muqim holatidagidan ko‘ra ko‘proq his etadi. Bundan tashqari u sochlari to‘zib, ust-boshlari changga belangan holatda edi. Bunday holat ham duoning qabul bo‘lish omillaridan sanaladi. Shuncha sabablarni qilsa ham nega uning duosini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qabul bo‘lmaydi deyaptilar? Chunki, uning taomi harom edi! Kiyadigan kiyimlarini haromdan topgan edi! Yoshligidan harom luqma yeb ulg‘aygan edi! Shuning uchun Nabiy alayhissalom: “Uning duosi qayerdan ijobat bo‘lsin” demoqdalar. Agar o‘sha odam duo qilishning hamma shartlarini ado etish bilan bir qatorda luqmasi ham halol bo‘lganida edi, albatta, duosi ijobat bo‘lgan bo‘lardi.
Ba’zida barcha shartlar topilsa ham duo qabul bo‘lmasligi mumkin. Albatta, Robbimiz o‘zi biladigan hikmatga ko‘ra shunday bo‘ladi. Ehtimol, o‘sha duo ijobat bo‘lishdan ko‘ra birorta kattaroq gunohga kafforat bo‘lar. Yoki biror yomonlik yetishining oldini olar. Yoxud Alloh taolo uning ijobatini qiyomat kuniga zaxira qilib olib qo‘yar. Chunki, duo qilib, duosi qabul bo‘lmagan kishiga Alloh taolo ikki hissa ajr beradi-da! Biri duo qilgani uchun, ikkinchisi ijobat bo‘lmaganiga sabr qilgani uchun.
4. Duoning ijobatiga shoshilmaslik.
Inson duo qilar ekan, duoyim qabul bo‘lmayapti deb shoshqaloqlik qilmasligi kerak. Bu ham duoning qabul bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Duoning ijobatida shoshqaloqlik qilmasangiz, albatta, u ijobat bo‘ladi”. Shunda sahobalar: “Shoshqaloqlik qanday bo‘ladi, ey Allohning Rasuli?” deyishdi. U zot: “Duo qiluvchining “Duo qildim, duo qildim, duo qildim, qabul bo‘lmadi” deyishidir” dedilar.
Duoning tez ijobat bo‘lishini kutish bora-bora insonni duo qilishdan to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Vaholanki, duo qabul bo‘lmagan taqdirda ham u ibodat, Allohga yaqinlashish, ajrning ko‘payishi hisoblanadi. Shuning uchun inson duosining qabul bo‘lishini Allohdan so‘rashi, mabodo qabul bo‘lmasa ham duoning ibodat, ajrning ko‘payishi, gunohning to‘kilishi va eng asosiysi Allohga yaqinlashish vositasi ekanini yodda tutib doimo duoga haris bo‘lishi kerak.
5. Qalb hozir bo‘lishi.
Inson duo qilayotganda aytayotgan so‘zlarini qalbidan o‘tkazib, hushyor holatda turishi va o‘sha duosining qabul bo‘lishiga ishonishi lozim. Chunki, Alloh taolo beparvo, ijobatiga ishonmaydigan, g‘aflat holatidagi qalb sohibining duolarini qabul qilmaydi.
6. Qiblaga yuzlanish.
Modomiki, duo ibodat ekan, demak, u qiblaga qarab ado etilmog‘i lozim. Bu ham duo qabul bo‘lishining eng zurur omillaridan hisoblanadi.
7. Tahoratli holda bo‘lish.
Modomiki, duo ibodat ekan, demak, u tahoratli holda bajarilsagina ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
Alloh barchamizni duolari qabul bo‘ladigan bandalaridan qilsin. Omin!
Nozimjon Hoshimjon
Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.
Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.
Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.
Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmidingiz?!” – debdi.
Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.
Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.
Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday deydilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan boshqasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2] Shuro surasi, 40-oyat.