Yahyo ibn Main rahmatullohi alayh hayoti, kuch-g'ayratini ilm olish va o'rgatishga bag'ishladi. Hadis ilmida benazir, taqvodor rabboniy olim hamda ko'plab muhaddislarning ustozi.
Yahyo ibn Main ibn Avn Ziyod hijriy 158-yili Abbosiy xalifalaridan Abu Ja'far Mansur davrida, Iroqning Anbor shahrida dunyoga keldi (“Tarixul Bag'dod”). Kunyasi: Abu Zakariyo (“Al-asmo val lug'ot”).
Otasidan qolgan katta merosning barini ilm yo'lida, hadis eshitishga sarfladi. Hatto oyoq kiyimidan boshqa hech narsasi qolmadi (“Al-asmo val lug'ot”).
Ilm talabida Hijoz, Shom, Misr hamda Yaman shaharlariga bordi. Juda ko'p muhaddis va allomalar bilan uchrashib, tengi yo'q ilm sohibiga aylandi.
Mutafakkir Abdulloh Ibn Muborak, Hushaym, Ismoil ibn Ayyosh, Abbod ibn Abbod, Ismoil ibn Mujolid ibn Said, Mo'tamir ibn Sulaymon, Sufyon ibn Uyayna, G'undor, Hafs ibn G'iyos, Vaki', Yahyo ibn Qottan, Ibn Mahdiy va boshqa ko'plab hadis shayxlaridan dars eshitdi.
Olim ahli sunna va jamoa e'tiqodida bo'lsa-da, u yashagan davrda fitnalar urchib, “Qur'oni karimni maxluq” deyish avj olgandi. Shunga ko'ra, ba'zilar Yahyo ibn Main ham “Qur'oni karimni maxluq” deb aytgan deya tuhmat qiladilar. Aslida, “Qur'oni karim Allohning kalomi, u maxluq emas”, deya o'z e'tiqodini ochiq bildirgan (Mizziy. “Tahzibulkamal”) .
Abbos Duriy aytadi: «Ahmad ibn Hanbalni Rovhdagi majlisida ko'rdim. U Yahyo ibn Maindan turli masalalar haqida so'rar: “Bu hadisga nima deysiz?”, “Bu hadisning hukmi qanday?” deya ma'lumotlarini tekshirib olardi. Agar Yahyo tasdiqlasa, Imom Ahmad uni yozib olardi». Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh: “Yahyo bilan birga hadis eshitish kishiga surur bag'ishlaydi“, derdi (“Tarixu Bag'dod”). Yana bunday derdi: “Yahyo ibn Main bilmagan hadis – hadis hisoblanmaydi” (“Al-asmo val lug'ot”)
Ahmad ibn Uqba rahimahulloh aytadi: «Yahyo ibn Maindan: “Qancha hadis yozgansiz?” deb so'radim. U kishi: “Mana shu qo'llarim bilan 600 mingta hadis yozganman”, dedi».
Horun ibn Ma'ruf rahimahulloh bunday deydi: «Bir kuni huzurimizga hadis olimlaridan biri keldi. Undan hadis aytib berishini iltimos qildik. U kitobini qo'liga olgan vaqtida eshik taqilladi. Shayx u kim ekanini so'radi. “Ahmad ibn Hanbal”, degan javob bo'ldi. Kirishga ruxsat berildi. Shayx joyidan qimirlamadi. Shu tariqa Ahmad Davroqiy, Ibn Rumiy, Abu Hoysamalar ham izn so'rab kirishdi. Shayx bamaylixotir o'tirardi. So'ngra yana eshik taqilladi. Shayx kelgan kim ekanini so'radi. “Yahyo ibn Main” degan javob bo'ldi. Shu payt shayxning qo'llari qaltirab, kitobi erga tushib ketdi” (Hatib Bag'dodiy. “Tarixi Bag'dod”)
Abu Bakr Asram rahimahulloh aytadi: «Bir kuni Ahmad ibn Hanbal Yahyo ibn Mainni Ma'marning kitobidan mavzu' hadislarni yozib olayotganini ko'rdi va qattiq ajablandi. Shunda Yahyo ibn Main: “Men bularni to'qima hadis ekanini juda yaxshi bilaman. Biroq kimdir bu mavzu' hadislarni aytgan roviylarni menga maqtab, sobit qilmoqchi, qabul qilmoqchi bo'lsa, “Yolg'on aytibsan”, deya olishim uchun ham ularni yaxshi tanib olishim kerak”, dedi» (Mizziy. “Tahzibulkamal”). Shu bois Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh: “Ichimizda Yahyo ibn Ma'in hadis roviylarini eng yaxshi biladiganimiz”, degan edi.
Muhammad ibn Horun Fallos aytadi: “Agar biror kishi Yahyo ibn Main haqida yomon so'z aytsa, bilingki, o'sha odam yolg'onchi va to'qima hadis aytib yuradigan kimsadir. Chunki Yahyo ibn Main ana shundaylarni ochiq-oydin gapirgani uchun uni yomon ko'rishadi” (“Siyar a'lam an-Nubalo”).
Yahyo ibn Main Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadislari himoyachisi, ularni sahihidan to'qimasini ajratib olish uchun to'qima hadis aytib yuradigan kimsalarni ayab o'tirmasdi. Lekin o'zi olijanob, insonlarga nisbatan bag'rikeng olim edi. Yahyo ibn Main o'zi haqida bunday deydi: “Kimdir xato qilayotgan bo'lsa, darhol yashirdim. U haqda yaxshi gumonda bo'lishni xush ko'rdim. Biror kishining ro'parasidan u yomon ko'radigan narsa bilan chiqmadim. Lekin xatosi bo'lsa, o'zaro oramizda bildirib qo'ydim. Agar qabul etsa, meni foydam tekkani, qabul qilmasa, o'z holiga qo'yardim” ( “Tahzibulkamal”).
Yahyo ibn Maindan zamondosh va yaqin do'stlari Ahmad ibn Hanbal, Muhammad ibn Sa'd, Abu Hoysama, Hannod ibn Sariy; yana Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Abu Zur'a, Abu Hotim, Hanbal ibn Ishoq, Ja'far Firyobiy hamda Abu Ya'lo Mavsiliy kabi olimlar ta'lim olib, hadis rivoyat qildilar (“Siyaru a'lam an-nubalo”).
Yahyo ibn Main hijriy 233 sanada, Zulqa'da oyida, 75 yoshida Madinada vafot etdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallamni dafn etishda qo'yilgan o'rindiqqa uni ham yotqizdilar. O'shanda: “Mana, bu Payg'ambarimiz alayhissalomdan yolg'onni ketkazgan zotdir!” deya jar soldirishdi va Baqi' qabristoniga dafn etdilar.
Manbalar asosida
Toshkent islom instituti “Hadis va Islom tarixi”
kafedrasi o'qituvchisi Nilufar SAIDAKBAROVA tayyorladi.
1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.
2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.
3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.
4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.
5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.
6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.
7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.
8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.
9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.
10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.
11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.
12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay egasini ichini yondiradi.
13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.
14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.
15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin — chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.
16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.
17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.
18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.
19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV