Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2025   |   9 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:42
Xufton
21:07
Bismillah
03 Avgust, 2025, 9 Safar, 1447

Abdulxoliq G‘ijduvoniyning hayotlari

23.10.2019   6664   4 min.
Abdulxoliq G‘ijduvoniyning hayotlari

Xo‘jagon tasavvufiy tariqatining murshidi, keyinchalik naqshbandiya tariqati va ta’limotining haqiqiy asoschisi, ulug‘ insonparvar so‘fiy Abduxoliq G‘ijduvoniy hisoblanadi. Ulug‘ mutasavvuf olim, shayx Abduxoliq G‘ijduvoniy Xoja Yusuf Hamadoniyning to‘rtinchi xalfalari (muridlari) bo‘lib, 1103 yilda G‘ijduvon shahrida tavallud topganlar. Tasavvuf va sufiylik madaniyatiga bag‘ishlab ko‘plab asarlar yozib qoldirgan.

Ulardan quyidagilar: «Risolai sohibiya», «Maqomati shayxul-shuyux Yusuf Hamadoniy», «Nasihatnoma», «Vasiyatnoma», «Ruboiyyot» va boshqalar.

Ilk ustozi tafsir ilmining sultoni Imom Sadriddin hisoblanib, yigirma ikki yoshda Yusuf Hamadoniy bilan uchrashadi va uning muridiga aylanadi. Xoja Yusuf Hamadoniy Abduxoliq G‘ijduvoniy qalbida Allohga bo‘lgan cheksiz muhabbat borligini bilgach, sufiylar jamoasiga olib kiradi. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ustozi bilan bog‘liq tarixni o‘rganuvchi barcha musulmon va yevropalik olimlar "Rashaxot aynul hayot" asariga ishonchli manba sifatida murojaat etadilar.

Faxruddin Ali Safiy ibn Husayn Voiz Koshifiyning "Rashaxot ayn ul hayot" asarida Xo‘jai Jahon Abduxoliq G‘ijduvoniyning xo‘jagon naqshbandiya ta’limotining asoschisi ekanligi, bu ta’limotning mohiyati, o‘ziga xos tomonlari, bu ta’limotning barcha tabaqalar uchun ma’qul ekanligi haqida yozilgan. Bu manba Xo‘jagon tariqatining mohiyatini o‘rganishda keng kitobxonlar ommasiga yordam beradi.

XV asrning mo‘tabar adibi va mutafakkiri Abdurahmon Jomiy tasavvufning yirik namoyandalari haqida qomusiy ma’lumotlarni qoldirgan. Bu ulug‘ zotning hozircha - 2 ta asarida:  "Nafaxotul uns" va "Bahoriston"da Abduxoliq G‘ijduvoniy haqida yozib qoldirgan  ma’lumotlar bor. "Nafaxotul uns" (Quvonchli tuhfalar") Abdurahmon Jomiyning tasavvuf ahli tarjimayi holi va ijodini o‘z ichiga olgan tazkirasi 1475-1476 yillarda yozilgan. Asarda turli davrlarda yashagan tasavvuf tariqatining 600 dan ziyod vakili haqida ma’lumot beriladi. Asarning 242-243 betlarida Hazrat Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniyga oid tavsif   bayon   etilgan.   Alisher   Navoiy   bu   asarlardan   ilhomlanib, "Nasoyimul muhabbat" nomli asar yaratgan. Alisher Navoiyning "Nasoyimul muhabbat min shamoyimul futuvvat" tarixiy-falsafiy asarida ulug‘ zot haqida ma’lumot berib, Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy haqida tavsiflar ifodalangan.

"Abdullanoma" tarixiy asarining muallifi Hofiz Tanish Buxoriy (XVII asr) "Xojayi Jahon Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy" deb hurmat bilan ul zotning nomlarini tilga oladi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, u kishini Xo‘jai Jahon deganlar, shu manbada tug‘ilgan yili 1111, vafoti 1179 yil deb ko‘rsatilgan. Qabrlari o‘z ona yurtlari G‘ijduvonda deb ko‘rsatilgan.

Buxoro viloyati G‘ijduvon shahridagi “Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy” jome’ masjidi sohibikaromat Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari nomlari bilan ataladi. Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy  “Xo‘jai jahon”, “Zikr qalb sultoni”, “Ikki olam Xo‘jasi”, “Qutbi zamon”, “Ofoqi zamon” kabi juda ko‘p sifatlar berilgan. Hazrat Abdulxoliq G‘ijduvoniy “bo‘z to‘qish” kasbi bilan shug‘ullanganlar. Xo‘jagon tariqati asosi Qur’on va hadisga tayanib, bid’atu xurofot, soxta piru-muridlikka  qarshi qattiq kurashib, tama va minnatdan insoniyatni qaytarib xalol mehnat orqasidan kun kechirishga Alloh bergan rizqni ko‘pchilik bilan baham ko‘rishga undab kelganlar.

Buyuk ajdodlarimizdan sohibqiron Amir Temur Xitoy urushidan qaytgandan so‘ng Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlarining sharaflariga atab madrasa va maqbara qurishni niyat qiladi, ammo niyatini amalga oshirolmaydi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan bobosining yonida yurigan nevarasi Mirzo Ulug‘bek bu ezgu niyatni amalga oshirib, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy sharaflariga atab 1433 yilda bolalarni Qur’on va hadis, fiqx va tafsir ilmlari o‘rganishlari uchun mo‘jaz bir madrasa, G‘ijduvon shahrida kutubxona va toshhammom  qurdirib beradi. Buxoro amiri Amr Abdulloxon tomonidan Abdulxoliq G‘ijduvoniy sharaflariga atab masjid, minora va hovuz barpo etadi.

 

 Toshkent islom instituti

Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi

o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   12239   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).