Xo‘jagon tasavvufiy tariqatining murshidi, keyinchalik naqshbandiya tariqati va ta’limotining haqiqiy asoschisi, ulug‘ insonparvar so‘fiy Abduxoliq G‘ijduvoniy hisoblanadi. Ulug‘ mutasavvuf olim, shayx Abduxoliq G‘ijduvoniy Xoja Yusuf Hamadoniyning to‘rtinchi xalfalari (muridlari) bo‘lib, 1103 yilda G‘ijduvon shahrida tavallud topganlar. Tasavvuf va sufiylik madaniyatiga bag‘ishlab ko‘plab asarlar yozib qoldirgan.
Ulardan quyidagilar: «Risolai sohibiya», «Maqomati shayxul-shuyux Yusuf Hamadoniy», «Nasihatnoma», «Vasiyatnoma», «Ruboiyyot» va boshqalar.
Ilk ustozi tafsir ilmining sultoni Imom Sadriddin hisoblanib, yigirma ikki yoshda Yusuf Hamadoniy bilan uchrashadi va uning muridiga aylanadi. Xoja Yusuf Hamadoniy Abduxoliq G‘ijduvoniy qalbida Allohga bo‘lgan cheksiz muhabbat borligini bilgach, sufiylar jamoasiga olib kiradi. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ustozi bilan bog‘liq tarixni o‘rganuvchi barcha musulmon va yevropalik olimlar "Rashaxot aynul hayot" asariga ishonchli manba sifatida murojaat etadilar.
Faxruddin Ali Safiy ibn Husayn Voiz Koshifiyning "Rashaxot ayn ul hayot" asarida Xo‘jai Jahon Abduxoliq G‘ijduvoniyning xo‘jagon naqshbandiya ta’limotining asoschisi ekanligi, bu ta’limotning mohiyati, o‘ziga xos tomonlari, bu ta’limotning barcha tabaqalar uchun ma’qul ekanligi haqida yozilgan. Bu manba Xo‘jagon tariqatining mohiyatini o‘rganishda keng kitobxonlar ommasiga yordam beradi.
XV asrning mo‘tabar adibi va mutafakkiri Abdurahmon Jomiy tasavvufning yirik namoyandalari haqida qomusiy ma’lumotlarni qoldirgan. Bu ulug‘ zotning hozircha - 2 ta asarida: "Nafaxotul uns" va "Bahoriston"da Abduxoliq G‘ijduvoniy haqida yozib qoldirgan ma’lumotlar bor. "Nafaxotul uns" (Quvonchli tuhfalar") Abdurahmon Jomiyning tasavvuf ahli tarjimayi holi va ijodini o‘z ichiga olgan tazkirasi 1475-1476 yillarda yozilgan. Asarda turli davrlarda yashagan tasavvuf tariqatining 600 dan ziyod vakili haqida ma’lumot beriladi. Asarning 242-243 betlarida Hazrat Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniyga oid tavsif bayon etilgan. Alisher Navoiy bu asarlardan ilhomlanib, "Nasoyimul muhabbat" nomli asar yaratgan. Alisher Navoiyning "Nasoyimul muhabbat min shamoyimul futuvvat" tarixiy-falsafiy asarida ulug‘ zot haqida ma’lumot berib, Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy haqida tavsiflar ifodalangan.
"Abdullanoma" tarixiy asarining muallifi Hofiz Tanish Buxoriy (XVII asr) "Xojayi Jahon Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy" deb hurmat bilan ul zotning nomlarini tilga oladi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, u kishini Xo‘jai Jahon deganlar, shu manbada tug‘ilgan yili 1111, vafoti 1179 yil deb ko‘rsatilgan. Qabrlari o‘z ona yurtlari G‘ijduvonda deb ko‘rsatilgan.
Buxoro viloyati G‘ijduvon shahridagi “Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy” jome’ masjidi sohibikaromat Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari nomlari bilan ataladi. Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy “Xo‘jai jahon”, “Zikr qalb sultoni”, “Ikki olam Xo‘jasi”, “Qutbi zamon”, “Ofoqi zamon” kabi juda ko‘p sifatlar berilgan. Hazrat Abdulxoliq G‘ijduvoniy “bo‘z to‘qish” kasbi bilan shug‘ullanganlar. Xo‘jagon tariqati asosi Qur’on va hadisga tayanib, bid’atu xurofot, soxta piru-muridlikka qarshi qattiq kurashib, tama va minnatdan insoniyatni qaytarib xalol mehnat orqasidan kun kechirishga Alloh bergan rizqni ko‘pchilik bilan baham ko‘rishga undab kelganlar.
Buyuk ajdodlarimizdan sohibqiron Amir Temur Xitoy urushidan qaytgandan so‘ng Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlarining sharaflariga atab madrasa va maqbara qurishni niyat qiladi, ammo niyatini amalga oshirolmaydi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan bobosining yonida yurigan nevarasi Mirzo Ulug‘bek bu ezgu niyatni amalga oshirib, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy sharaflariga atab 1433 yilda bolalarni Qur’on va hadis, fiqx va tafsir ilmlari o‘rganishlari uchun mo‘jaz bir madrasa, G‘ijduvon shahrida kutubxona va toshhammom qurdirib beradi. Buxoro amiri Amr Abdulloxon tomonidan Abdulxoliq G‘ijduvoniy sharaflariga atab masjid, minora va hovuz barpo etadi.
Toshkent islom instituti
Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi