Bugungi kunda, internet, yanada aniqrog‘i ijtimoiy tarmoqlar ko‘plab insonlarning hayot maydoniga aylanib qoldi. Afsuski, ular bu hayotning noreal ekanligini anglab yetishmayapti. Achinarlisi, mana shu sohta hayotlarida, o‘zlari mutlaqo ilmga ega bo‘lmasdan, nodonlarcha u yer, bu yerdan eshitgan gaplariga asosan axmoqlikka qo‘l urib, musumlmonlarni, bo‘lganda ham Islom ulamolarini kufrda ayblashib, qattiq gunohga botishmoqda. Xo‘sh, dinimiz shariatiga ko‘ra bir insonni kufrda ayblab, uni kofir deyishning hukmi qanday?
Islom dini ta’limotiga ko‘ra, Allohning yagonaligi, Payg‘ambar alayhissalom Uning elchisi ekaniga iymon keltirgan, islom diniga e’tiqod qiladigan har qanday kishi mo‘min hisoblanadi. Hech kimga insonning iymonini o‘lchash, uning musulmon yoki kofirligini aniqlash huquqi berilmagan. Chunki iymon qalbda bo‘ladi. Qalb esa faqat Allohning hukmidadir. Alloh taolo bu haqda O‘z Kalomi Qur’oni karimida shunday marhamat qiladi:
“Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi” (Oli Imron surasi, 103oyat).
Bu oyati karima amalan musulmonlarni turli buzg‘unchi oqimlar va fitnachi ixtiloflar ta’siridan ehtiyot bo‘lgan holda ularni ogoh bo‘lishga chorlaydi. Zero, o‘zaro ixtiloflar, islom dini va muslumonlarni yomonotliq qilib ko‘rsatish ortida faqat va faqat yovuz kuchlarning manfaatlari yotganini barchalarimiz, zinhor unutmasligimiz kerak. Islomdan ozgina xabari bor har qanday inson “kofir” so‘zini aytishdan o‘zini tiyadi. Chunki bir insonni yohud bir diyorda yashaydigan kishilarni yoppasiga kofirga chiqarish hamda butun boshli mamlakatlarni kufr diyori deyish o‘ta nodonlik bo‘lib, bunday so‘zlarni faqat gumroh, ilmsiz, johil kishigina aytishi mumkin. Hadisi shariflardan birida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim hammani yomon desa, o‘zi yomon” deganlar.
Islom dini ko‘rsatmalarida bir insonni kofir deyishga shoshilmaslik, unga qilayotgan ishi noto‘g‘ri ekanini yotig‘i bilan tushuntirish lozimligi ta’kidlanadi.
Ulamolar musulmonni kofirga chiqarish xususidagi savolga quyidagicha ittifoq qilishib javob berganlar: “Kim Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad alayhissalom Uning Rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, u musulmondir. Unga hamma musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi kerak”.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, shirkdan tashqari har qanday gunoh qilgan inson toki o‘sha gunohini halol deb hisoblamas ekan, kofir bo‘lmaydi.
Musulmon kishini kofirga chiqarish mumkin emasligi borasida Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Uch narsa iymonning aslidir:
Boshqa bir rivoyatda esa: “Kimda-kim o‘z birodarini “kofir” desa, agar o‘sha insonda shu narsa topilmasa, uning o‘zi shunday bo‘libdi”, deb ta’kidlangan. Shuningdek, kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishining joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo‘lib ko‘rinib, Islom amallarini qilayotganlar bilan yaxshi muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari Allohning O‘ziga havola. “Laa ilaha illalloh”ni aytib, musulmon bo‘lgan odamni qilgan gunohi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiydir.
Yana bir hadisi sharifda keltirilishicha, Usoma ibn Zayd “roziyallohu anhu” “Laa ilaha illalloh” degan bir odamni o‘ldirib qo‘yadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam undan: “Laa ilaha illalloh”, desa ham o‘ldirdingmi?” deb so‘raydilar. Usoma: “U qo‘rqqanidan, xavfsirab aytdi”, deydi. Shunda U zot alayhissalom: “Sen uning qalbini yorib ko‘rdingmi?” deb, qattiq tanbeh beradilar.
Demak, turli hil internet tarmoqlari va guruhlarda ertalabdan kechgacha vaqtini bekor o‘tkazib, odamlarni kofirlikda ayblab fitna, tuxmat va bo‘hton qilayotgan kimsalar avvalo, Alloh taologa chin dildan tavba qilishlari lozim. Qolaversa, bunday ishlarni bas qilishi o‘zi va atrofidagilar uchun ulkan foydadir. Yo‘qsa, yuqoridagi hadisda ta’kidlanganidek o‘zlari kufrga ketib qolishlari hech kab emas.
Zero, ulug‘larimiz aytganlaridek:
“Dunyoda hech bir amal hisobsiz qolmaydi. Alloh har bir amalingizni zarrasigacha hisobini qilguvchi Zotdir. Yaxshi bo‘lsa mukoffotini, yomon bo‘lsa JAZOSINI olasiz”!
Sayyidabror Umarov tayyorladi
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati