«O‘zbekkino» milliy agentligi va Malayziyaning Illusion Pictures kompaniyasi ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolab, bu hamkorlik doirasida “Imom al Buxoriy” teleserialini suratga tushirishni rejalashtirgan.
O‘zbekiston Respublikasi va Malayziya o‘rtasida film yaratish bo‘yicha birinchi loyiha 2014 yilda suratga olingan va o‘sha yili Suriya TV telekanali, Malayziya Radio Televideniyesida namoyish etilgan “Fajar Di Bukhara” teleseriali edi.
Singapur va Bruney radioeshittirishlari. “ILLUSION PICTURES” AQUILA EMAS SDN BHDning navbatdagi yutug‘i Aquila Emas Sdn Bhd tomonidan "O‘zbekkino" Milliy agentligi va Illusion Pictures MCHJ bilan ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanishi bo‘lib, ushbu loyiha 2020 yil yanvar oyida boshlanib, olti oy davom etadi. AQUILA EMAS “ILLUSION PICTURES” o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi ushbu memorandumning imzolanishi O‘zbekiston va Malayziya Respublikasida, shu jumladan MDH va Osiyo mintaqalarida kontent-industriya xizmatlarini ilgari surish va taqdim etish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichidir.
AQUILA EMAS kompaniyasining ijro direktori Syarizanning so‘zlariga ko‘ra, ushbu memorandumlar AQUILA EMASning muvaffaqiyatli rivojlanishidagi navbatdagi bosqichdir.
“Bizning "O‘ZBЕKKINO" va “ILLUSION PICTURES” kompaniyalari bilan hamkorligimiz haqiqatan ham o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda, chunki Malayziyadagi kontent industriyasi mustahkam poydevorga ega va O‘zbekistonda kontent sanoati izchil rivojlanmoqda. Boshqacha aytganda, biz o‘z tajribamizni ishga solish va resurslardan umumiy manfaatlar uchun foydalanish uchun keldik. 2014 yilda “Fajar Di Bukhara” televizion dramamizning birinchi loyihasi suratga olinganidan beri biz ijodiy sanoatning o‘zbek provayderlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Fursatdan foydalanib, MATRADE HQ va MATRADE Almatyga mahsulotimiz va xizmatimizni mintaqaviy va xalqaro bozorlarga, ayniqsa O‘zbekiston va Qozog‘istonga eksport qilishga qaratilgan AQUILA EMAS kompaniyasining tinimsiz tavsiyalari va ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasining Kuala-Lumpurdagi elchixonasiga yillar davomida tinimsiz qo‘llab-quvvatlab kelgani va hamkorlik qilgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman.
O‘z navbatida, “O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxolikov ushbu memorandumning imzolanishi “O‘zbekkino” uchun foydali bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi: “Umid qilamizki, ushbu memorandum dunyoga O‘zbekiston va uning buyuk tarixi haqidagi yangi filmlarni taqdim etish barobarida, Malayziyadagi xorijiy kino kompaniyalariga O‘zbekistonda filmlarni suratga olishga imkon beradigan tizimli kino turizmini yaratish hamda O‘zbekiston kinoindustiyasini rivojlanishiga, ikki davlat kinoijodkorlarining hamkorligini oshishiga, tajriba orttirishiga, yangi ko‘nikmalar hosil qilishida muhim o‘rin tutadi”.
Ma’lumot uchun, AQUILA EMAS 2005 yildan beri Malayziyada tan olingan va litsenziyalangan ijodiy kontent ta’minotchisi hisoblanadi. AQUILA EMAS o‘z mahsulotlarini Malayziya, Singapur va Bruneyning turli xil televizion tarmoqlariga yetkazib beradi. Bugungi kunda AQUILA EMAS televizion filmlar, teleseriallar, hujjatli filmlar, sayohat filmlari va televizion jurnallar, reklama roliklari va boshqalarni ishlab chiqaradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi