Bir savdogar donishmand huzuriga kelib, o‘zining og‘ir ahvolidan shikoyat qildi: “Shaharda menga raqobatchi paydo bo‘ldi. Mollari xilma-xil, narxi arzon. Mijozlarim meni tark etishyapti. Bu ahvolda kasodga uchrashim mumkin. Ey donishmand, maslahat ber...”
Donishmand g‘amgin savdogarga diqqat bilan boqib, so‘radi:
“Otni sug‘organi daryoga olib borsang, u suv ichishdan avval yer tepinib pishqiradi. Buning sababini bilasanmi?”
Savdogarning jahli chiqib, donishmandga dedi: “Huzuringga oqilona maslahat so‘rab kelsam, sen menga allaqanday bema’ni savol beryapsan!”
“Hozir buni o‘zing tushunib olasan, – dedi donishmand. – Ot daryoga engashganida, suvda o‘zining aksini ko‘radi. Uni raqib – begona ot, deb o‘ylab, haydamoqchi bo‘ladi, pishqirib, yer tepinadi. Otdan farqli o‘laroq, daryo suvi hammaga yetishini Sen yaxshi bilasan-ku…”
“Mening boshimdagi mushkul savdolarga ongsiz otning nima aloqasi bor?!”
“Eh, do‘stim, Yaratganning ne’matlari hammaga yetishini anglamagan o‘sha ongsiz ot aslida – sensan! Suv oldida yer tepinayotgan otga o‘xshab, tasavvuringdagi raqobatchini qo‘rqitishga, haydashga urinyapsan. Pul va boylik hammaga yetadi. Bor, ishingni halol va vijdonan bajaraver. Topgan-tutganing va rizqing Allohning senga inoyati. Uni hech kim o‘zgartira olmaydi. Raqobatchilaring – suvdagi aksing kabidir”.
Bir obidga: “Bir burda non bir dinor ekan” deyildi. Shunda u kishi: “Allohga qasamki, men bunga parvo qilmayman. Agar bug‘doyning bir donasi bir dinor bo‘lsa ham men Robbim buyurganidek ibodat qilaveraman, U esa O‘zi va’da qilganidek rizqimni yetkazaveradi” deb javob bergan ekan.
Ey inson unutma! «Sen uchun» deb yozilgan narsa zaif bo‘lishingga qaramay senga keladi. «Sen uchun emas» deb yozilgan narsaga kuchli bo‘lishingga qaramay yeta olmaysan. Na chumoli zaif bo‘lgani uchun och qoladi va na sher panjasi quvvatining zo‘rligi bilan doim qorin to‘ydira oladi.
Hammaning o‘z rizqi bor.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Yerda o‘rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir. U Zot ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hamma narsa ochiq-ravshan Kitobda bordir”(Hud, 6).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:
“Agar birontangiz rizqidan qochmoqchi bo‘lsa ham, albatta (rizqi) uni xuddi o‘limi ta’qib etganidek quvib yetadi” (Imom Tabaroniy “Avsat” va “Sog‘iyr”da hasan sanadi bilan rivoyat qilgan).
Rizqingni oshig‘u kam qilib bo‘lmas,
Oz-ko‘p deb ko‘ngilga g‘am qilib bo‘lmas.
Bu ishlar sen-mening qo‘limizdagi
Mum emas-da, ezib xam qilib bo‘lmas.
Umar Xayyom
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan