Hozirgi axborot globallashuv davrida kechayotgan jarayonlar bizni doim ogoh bo‘lishga, sof dinimiz, milliy qadriyatlarimizni saqlashga, ularni sohta talqinlardan farqlashga va sof dinimizni buzg‘unchi va mutanosib kimsalarni fitnalaridan ximoya qilishga undaydi.
Ba’zi mutanosib, buzg‘unchi kimsalar din nomidan gapirib sof e’tiqodimiz va qadriyatimizni qoralashga zo‘r bermoqda. Shu bois ba’zi bir kimsalar ularning aldovlariga ishonib, din to‘g‘risida noto‘g‘ri fikrga borib, ularga ergashib ketayotganlar ham uchrab turibdi.
Har bir imom xatib, har bir ziyoli inson g‘alamis kimsalarni bunday xatti-harakatlariga befarq qarab turmasligi kerak. Islom dini insonlarni faqat yaxshilikka chaqiradi. Birovga ozor berishdan, zulmdan qaytaradi. Nafaqat inson xatto atrofimizdagi olam va unda yashab turgan maxluqotlarga xam yaxshi munosabatda bo‘lishga chaqiradi. Qalbida iymoni bor inson xech kimga yomonlik istamaydi. Payg‘ambarimiz (sallollohu alayhi vasallam): — “Birovlar uning qo‘lidan va tilidan ozor topmaydigan kishi chin musulmondir” — deganlar. Bugun atrofimizda bo‘layotgan har bir voqea xodisani aql bilan baholab, so‘ng hulosa chiqarmog‘imiz darkor. Oqni qoradan, yahshini yomondan ajrata bilishimiz kerak. Alloh ta’olo fitna haqida shunday amr qilgan — “Sizlardan faqat zulm qilganlarning o‘zigagina yetmaydigan fitnadan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki Alloh jazosi qattiqdir” (Anfol 25). “Fitna esa qottillikdan ham ashaddiyroqdir” (Baqara 191).
Ali Saburiy: “Musulmonni dinida fitnaga solish tinchini buzish Alloh nazdida qotillikdan qattiqroqdir“ deganlar. (Tavsir al-vazih al-muyassar). Demak fitnalar to‘zg‘ib turgan paytda musulmon kishi amal kilishi lozim bo‘lgan islom odoblari quyidagilar:
— Qur’on va sunnatga ergashish, ikkisini mahkam ushlash;
— Alloh ta’olodan fitna va unga yaqinlashtiradigan har bir narsadan uzoqlashtirishni, firqachilik, ixtilof, yengiltaklik, din aqidasiga xilof ish yoki buzuq ta’limotlardan saqlanmoqlikni so‘rab duo qilish;
— ulamolar etagini ushlab, ularning ilmlaridan manfaat olib, o‘tgan solih kishilarni yo‘llarini tutish;
— yumshoqlik, shoshmaslik, kamtarin va halim bo‘lish, g‘azab va shoshqaloqlikdan uzoqlashish;
— zero Alloh taolo bunday marhamat qilgan “(Ey inson) O‘zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) ma’sul bo‘lur” (Isro 36).
Abu Hurayra rahimahulloh rivoyat qilgan hadisda:
— “Kelajakda fitnalar bo‘ladi. U fitnalar kelganda o‘tirgan kishi turgandan, turgan kishi yurgandan, yurgan kishi unga qarab yugirgandan yaxshidir. Kim fitnaga qiziqib unga intilsa (fitna) uni o‘ziga tortib halok qiladi. Kim undan qochib qutiladigan joy topsa, o‘sha yerda panox topsin. (fitnaga aralashmasin)”
(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Andijon viloyati Buloqboshi tumani
Shirmonbulok jo’me masjidi imomi D. Mirzakarimov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.