KIRISH
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
O‘zining mo‘jiza Kitobi bo‘lgan Qur’oni Karimni ilmlarga asos qilgan va Qur’oni Karimga xos ilmlarni joriy qilgan Alloh subhanahu va taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin!
Qur’oni Karimni Robbidan qabul qilib, ummatga omonat bilan yetkazgan va Qur’on ilmlariga asos solgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mukammal va batamom salavotu salomlar bo‘lsin!
Qur’on va uning ilmlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilib, keyingi avlodlarga yetkazgan sahobai kiromlarga Alloh taoloning roziligi bo‘lsin!
Qur’oni Karimning bizlargacha saqlanib kelishida vosita bo‘lgan, uning ilmlariga xizmat qilgan barcha ulamolarga Alloh taoloning rahmati bo‘lsin!
Ammo ba’d: kamina xodimingiz arab tilida «Ulumi Qur’on» deb atalmish ilm bilan boshqa islomiy ilmlarga qaraganda keyinroq tanishdim. Avval Buxorodagi «Mir Arab» madrasasida, keyin Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida o‘qib yurgan kezlarimda ham bu ilm haqida xabar topmadim. Chunki ushbu ikki ilmiy dargohda mazkur ilm haqida hatto qisqa xabar tariqasida ham ma’lumot berilmas edi. Sharoit yuzasidan hamda oldindan yo‘lga qo‘yilmaganidan bo‘lsa kerak, hatto ustozlarimiz ham «Ulumi Qur’on» degan ilm borligini eslamas edilar.
Libiyaga o‘qishga borganimizdagina, «Ulumi Qur’on» nomli ilm borligini, uning boshqa fanlar qatorida dars qilib o‘tilishini birinchi bor ko‘rdim. O‘quv jarayonida bu ilm bilan tanishar ekanman, uning qadrini, ahamiyatini anglab yetdim. «Ulumi Qur’on» ilmidan dars beradigan ustozimiz shayx Ibrohim Abdulloh Rufayda – Alloh u kishini rahmat qilgan bo‘lsin – Libiyaning ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan edilar. Darslik sifatida livanlik olim Subhiy Solih rahmatullohi alayhining «Mabahis fi ulumil-Qur’an» degan kitobi tanlangan bo‘lsa ham, ustozimiz o‘zlari alohida tayyorlagan ma’ruzalar matni asosida dars o‘tar edilar. Gaplarining orasida «Ulumi Qur’on» bo‘yicha kitoblar ko‘p bo‘lsa ham, ulardan qoniqmaganlarini tez-tez ta’kidlab turar edilar.
Dastlab bir oz murakkab tuyulgan bu ilmga qiziqishim keyinchalik beqiyos ortdi. Ko‘p narsalar ixlos bilan o‘rganildi. Nihoyat, shahodatnoma – diplom himoyasi uchun yoziladigan ilmiy bahsim ham aynan ushbu fanga oid bo‘ldi. Bu ilm yuzasidan ko‘plab maqolalar va kitoblar o‘qildi, ulamolar bilan suhbatlar olib borildi. Shu bilan birga, ushbu ma’lumotlar haqida vatanimizda ham hech bo‘lmasa ahli ilmlar «Ulumi Qur’on»dan xabardor bo‘lishsa edi, degan orzu qalbimda tez-tez takrorlanadigan bo‘ldi.
Bu orzu Libiyadan o‘qishni bitirib kelganimdan keyin Imom Buxoriy nomidagi Islom ma’hadida ishlab yurgan kezlarimda amalga oshdi. O‘sha paytda o‘quv barnomasini va darsliklarni qayta ko‘rib chiqishga muyassar bo‘lgan edik. Bu ishda bizga davlatimizning diniy ishlar bo‘yicha kengash rahbari O‘zbek A’zamovich Rustamov ham yordamchi bo‘lgan edi. Men o‘sha vaqtda u kishiga «yangi» fan sifatida kiritilgan «Meros ilmi», «Mustalahul-hadis», «Ahkom oyatlari tafsiri» kabi Islom ilmlarining ahamiyati haqida ma’lumot berar edim. U ki-shi diniy idoraga aytib, bularni dars barnomasiga kiritishni maslahat berar edi.
«Ulumi Qur’on» bo‘yicha qanday ma’lumot taqdim qilganim aniq esimda yo‘q, ammo bu ilm ham o‘sha paytda dars barnomasiga kirib qolgan edi. O‘quv bar-nomasidagi barcha ilmlarga taalluqli kitoblar qatorida «Ulumi Qur’on»ga oid kitoblar ham keltirildi. O‘zim dastavval mudir noibi, keyinchalik mudir lavo-zimida faoliyat yuritgan bo‘lsam ham, imkonini topib, tafsir, meros va «Ulumi Qur’on»dan dars berar edim. Shunday qilib, Alloh taoloning lutfi ila islo-miy ilmlar ichida nihoyatda ahamiyatli bo‘lgan «Ulumi Qur’on» ilmi bizning yurtimizda ham fan sifatida o‘rganila boshladi.
Alloh taoloning fazli va karami ila o‘z ona tilimizda dinimizga oid kitoblar yozish baxti nasib bo‘lganda, turli ilmlarga oid kitoblar bilan birga «Ulumi Qur’on»ga taalluqli kitob yozilishi ham ko‘zda tutilgan edi. Shoyad mu-sulmonlar ommasi ham bu ahamiyatli ilmdan birmuncha bahramand bo‘lsalar, degan niyat bizga hamroh edi.
Ushbu ezgu niyat «Hadis va Hayot» silsilasining «Qur’on fazilatlari» deb nomlangan o‘ttizinchi juzi nashr etilishi bilan qisman ro‘yobga chiqdi. Ushbu kitobda Qur’oni Karim bilan bog‘liq bo‘lgan hadisi shariflarni sharh qilish jarayonida «Ulumi Qur’on»ga oid xabarlar kelgan o‘rinda bu ilmga doir ayrim ma’lumotlarni taqdim qilgan edim. Bu esa kishilarimizga kerakli ma’lumot-larni o‘ziga xos ravishda yetkazishga xizmat qildi. Mazkur kitobni o‘qigan kishi-larimiz buni anglab yetganlari juda ham quvonarli holdir.
Bir kuni Qo‘qon tarafdan bir guruh kitobsevar ziyoratchilar kelishdi. Ularga o‘xshash odamlar bilan suhbatlashish insonning ruhini ko‘taradi. Kitob o‘qishning o‘zi kishiga qanchalik zavq bersa, u haqda suhbatlashish ham shunchalik zavq baxsh etadi. Mazkur ziyoratchilar bilan bo‘lib o‘tgan serzavq, mazmunli suhbat davomida ulardan biri quyidagilarni aytdi: «“Qur’on fazilatlari” kitobingiz uchun alohida tashakkur aytamiz. Bu kitobni o‘qish orqali ko‘p narsani bilib ol-dik. Eng muhimi, o‘zimiz qanday kitobning ummati ekanimizni anglab yetdik va bu bilan faxrlandik…»
Bu oddiy o‘quvchining gaplari menga qattiq ta’sir qildi. Yaxshi niyat bi-lan qilingan ishning ijobiy natijasini ko‘rish, u haqda eshitish har qanday kishiga quvonch baxsh etadi. O‘sha kezda men ham mana shunday hisni tuydim, lekin shu bilan birga, bu narsa kaminaga bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni yana ham jiddiyroq tarzda ado etib borish zarurligi mas’uliyatini yukladi. Binobarin, hadis ilmlariga oid «Mustalahul-hadis» kitobini yozib bitirgandan so‘ng «Ulumi Qur’on» bo‘yicha ham bu ilmning asoslari va qoidalariga amal qilgan holda alohida kitob bitishga azmu qaror paydo bo‘ldi. Qo‘limizda mavjud bo‘lgan manbalardan foydalanib, bir kitob ta’lif qilishga ojizona qo‘l urdik.
Alloh taolo barcha ishlarimiz qatori, bu ishga ham O‘zi yordamchi bo‘lsin! Zotan, U Zotdan o‘zga yordamchi yo‘q! U Zot qanday ham yaxshi Xoja va qanday ham yaxshi Yordamchi!
MUNDARIJA
Kirish
BIRINCHI QISM
«Ulumi Qur’on»ning ta’rifi
«Ulumi Qur’on»ning ahamiyati
«Ulumi Qur’on»ning tarixi
Vahiy
Vahiyning turlari
Vahiyning darajalari
Hadis, hadisi qudsiy va Qur’on
Qur’oni karimning ta’rifi
Qur’onning ismlari
Qur’onning nozil bo‘lishi
Qur’on vahiysining boshlanishi
Muhammad sollallohu alayhi vasallam va vahiy
Qur’oniy vahiy holati
Muhammad sollallohu alayhi vasallam va Qur’on
Vahiyni tushunib yetmaslik
Qur’oni karimning tarqoq nozil bo‘lishi
hikmatlari
Qur’oni karimdagi ilk va so‘nggi nozil
bo‘lgan oyatlar
Ilk nozil bo‘lgan oyatlar
So‘nggi nozil bo‘lgan oyat
Qur’oni karim oyatlarining makkiy va madaniyga
taqsimlanishi
Makki va madaniy oyatlarning ta’rifi
Makkiy va madaniy oyatlarni bilishga eltuvchi yo‘l
Makkiy va madaniy oyatlarning alomatlari
«Sababi nuzul» ilmi
Sababi nuzulni bilish yo‘li
Sababi nuzulning ifoda turlari
Sabab bir nechta, nozil bo‘lgan narsa bitta bo‘lishi
Sabab bitta, nozil bo‘lgan oyatlar bir nechta bo‘lishi
Qur’oni karim e’jozi
Qur’onning arablarni bellashuvga chorlashi
Qur’oni karimning bayoniy e’jozi
Qur’oni karimning ilmiy e’jozi
IKKINCHI QISM
Qur’oni karimning jamlanishi
Qur’oni karimning Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam davrlarida qalblarda jamlanishi
Qur’oni karimning Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam davrlarida sahifalarda jamlanishi
Qur’oni karimning hazrati Abu Bakr davrlaridagi
jamlanishi
Qur’oni karimning hazrati Usmon davrlaridagi
jamlanishi
Usmoniy Mus'haflar haqida
Oyat va suralarning tartibi
Qur’onning yetti harfda nozil bo‘lishi
Rasmi Usmoniyning takomillashuvi
UCHINCHI QISM
Qur’oni karimda nasx
Nasx qilinadigan hukmlarning turlari
Nasxning hikmatlari
Nasx bilan xoslash orasidagi farq
Nasxning o‘rinlari
Qur’onning Qur’on bilan nasx bo‘lishining
qismlari
Qur’oni karimda muhkam va mutashobih
«Muhkam» va «Mutashobih» ulamolar istilohida
Mutashobihning qismlari
Suralarning avvalidagi harflar va
mutashobih sifatlar
Suralarning avvalidagi harflar
Alloh taboraka va taoloning mutashobih sifatlari
Mutashobih sifatlar bo‘yicha salaf va
xalaflarning tutgan yo‘llari
Mutashobih sifatlar va salaflar
Mutashobih sifatlar va xalaflar
Xulosalar
Mutashobih sifatlarga oid oyatlardan namunalar
Mutashobih sifatlardan namunalar
Ulamolarning mutashobihga munosabatlari
to‘g‘risidagi xulosa
TO‘RTINCHI QISM
Qiroatlar va qorilar
Qiroatlarning manbasi
Tafsir va mufassirlar
Movarounnahrda tafsir ilmi
Yangi tafsirlar
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi
Manbalar ro‘yxati
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub «Qur’on ilmlari» deb nomlangan kitoblari.
Muallif: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Nomi: «Qur’on ilmlari»
Nashriyot: «HILOL NASHR» Nashriyoti
Sana: 2017
Hajmi: 504 bet
ISBN: 978-9943-4095-2-1
O‘lchami: 60×90 1/16
Muqova: qattiq
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 4382-sonli tavsiyasi ila chop etilgan
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati