“Agar Rasululloh sallollohu alayhi vasallam
bu insonni ko‘rganlarida, albatta xursand bo‘lar edilar”.
(Abdulloh ibn Umar)
Ismlari: Abu Muhammad Said ibn Musayyib ibn Hazn ibn Abu Vahb ibn Amr ibn Oiz ibn Imron ibn Maxzum ibn Yaqazo, Al-qurashiy, Al-madaniy. Kunyalari Abu Muhammad.
Otalari va bobolari sahoblardan bo‘lib, kuchli, obro‘li hamda Makka boshqaruvida ishtirok etuvchi Bani Maxzum qabilasiga mansub edilar. Bobolari Yamoma jangida payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan “Musaylamatul kazzob”ga qarshi chiqqanlar.
Said ibn Musayyib 13-hijriy sanada, Hazrat Umar xalifaligidan ikki yil o‘tib, ilm manbai, hadis va fiqh markazi, sahoblar diyori, baraka va rahmat nozil bo‘lgan Madinada dunyoga kelganlar. Ko‘plab sahobalar bilan hamsuhbat bo‘lganlari ularda zuhd, taqvo, adolat, to‘g‘rilik, salobat va matonat kasb qilishlarida katta turki bo‘ldi. Shu sabab, Ibn Musayyib kibor – katta va ulug‘ tobe’inlardan hisoblanadilar.
U kishi yashagan asr to‘rt xulafoi roshidinlar davri tugab, Muoviya ibn Abu Sufyon raziyallohu anhu boshqaruvni qo‘lga olgan paytga to‘g‘ri keldi. O‘sha paytda odamlar uch toifaga ajralishgan edi: Shialar, Xorijiylar hamda mo‘tadil musulmonlar. Bundan tashqari ko‘pgina fitnalar, siyosiy beqarorliklar yuzaga chiqib ketgan edi. Ilm ahllari esa ikkiga ajrgan edi: hadis ahli – Madinada, ra’y ahli – Kufada jamlangan edi. Odamlar orasida mavzu hadislar to‘qiydigan, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamga yolg‘on hadislar nisbatlanadigan bo‘lib qoldi.
Said ibn Musayyib mana shunday tahlikali va xatarli zamonda fitnalarga aralashmadilar. Qalblarini masjidga bog‘ladilar. Hatto odamlar “Mana bu telbani ko‘ringlar”, deb ermaklaydigan ham bo‘ldi. Shunga qaramay, o‘z u kishi o‘z matonatida, sahobalardan olgan ilohiy tarbiyalariga sodiq qoldilar. Madinada fatvo beruvchi yetti tobe’indan biri edilar. Ular: Said ibn Musayyib, Urva ibn Zubayr, Qosim ibn Muhammad, Xorija ibn Zayd, Abu Bakr ibn Abdurrohmon ibn Horis ibn Hishom, Sulaymon ibn Yasor, Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Mas’ud ibn Utba.
Ibn Musayyib bir vaqtning o‘zida muhaddis,faqih, muftiy, zohid, parhezkor, obid va olim zot edilar.
Viqor va salobatlaridan hamma ham u kishiga jur’at qilib gapirmas edi. Agar bir narsa so‘raydigan bo‘lsa, rahbarlardan izn so‘rgandek izn so‘rar edi.
Payg‘abarimiz sallollohu alayhi vasallamning masjidlarida doimiy darslari bo‘lar edi. Majlisi ilmu ma’rifat, yaxshilik, pand-nasihat va fiqhga burkangan edi.
Juda ko‘p shogirdlarga ustozlik qilganlar. Masalan, o‘g‘illari Muhammad, Solim ibn Abdulloh ibn Umar, Muhammad ibn Shihob Zuhriy, Umar ibn Dinor, Qatoda, Abu Zinod va boshqalar.
U kishi haqida ulomolar, hamasrlari maqtovli gaplarni aytib o‘tishgan.
Ibn Umardan biror narsa so‘ralsa va ukishiga bu narsa oydin bo‘lmasa: “Said ibn Musayyibdan so‘ranglar, chunki, u solihlar bilan ko‘p birga o‘tiradi”. Yana: “U ulamolardan bir. Agar Saidni Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ko‘rganlarida, xursand bo‘lar edilar. Allohga qasamki, u taqvodorlardan”.
Makhul aytadi: “Yer yuzining hamma yerini ilm talabida aylanib chiqdim. Said ibn Musayyibdek olimni uchratmadim. U olimlarning olimi”.
Qatoda aytadi: “Uningdek halol va harom ilmini biluvchini uchratmadim”.
Imom Zahabiy “Tazkirotul huffoz”da keltiradilar: “Imom, Shayxul islom, Madina faqihi, tobe’inlar ulug‘i, ilmi keng, hurmati baland, dini mustahkam, haqni so‘zlaguvchi va nafslar faqihidir”.
Ibodat va qullikning asl mazmunini anglab yetgan edilar. Solih ibn Muhammad ibn Zoida aytadi: “Bani Layslik o‘spirinlar ibodatga berilgan edilar. To asrgacha masjidda o‘tirishar edi. Shunda Solih Saidga dedi: “Mana bu ibodat!” Said dedi: “Bu haqiqiy ibodat emas, aslida ibodat dinda faqih bo‘lish, Alloh taoloning ishlarini tafakkur qilishdir”. Ya’ni haqiqiy va komil ibodat ko‘r-ko‘rona emas, aksincha ilm va tafakkur bilan qilingani demoqchi bo‘ldilar.
Kechasi Qur’on tilovatidan zavq olar, nafl va tahajjud namozlarini kanda qilmas edilar. O‘z ahli oilalarini ham tunda tahajjudga uyg‘otar edilar.
Abdul Mun’im ibn Idris otalaridan rivoyat qiladilar: “Said ibn Musayyib 50 yil xuftonning tahorati ila bomdodni o‘qigan”.
Jamoat namoziga alohida ehtimom va ehtirmlari bois, 50 yil birinchi safda, birinchi takbirda, ya’ni kech qolmay o‘z vaqtida kelar edilar. O‘zlari rivoyat qilib: “Ellik yil biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormadim hamda birorta odamning boshining orqa tomonini ko‘rmadim”, dedilar. Ya’ni birinchi safni qo‘ldan boy bermaganlari tushuniladi. Yana aytadilar: “O‘ttiz yildan beri muazzin masjidda azon aytsa, men albatta masjidga turgan bo‘lar edim”.
Juda ko‘p ro‘za tutar va uni sir saqlar edilar. Ro‘za tutish qaytarilgan kunlardan boshqa kundarda albatta ro‘zador yurardilar.
Haj va umra qilishga qattiq harakat qilganlar. Ibn Harmala qirq marta haj qilganlarini aytib o‘tgan. To‘g‘ri, haj umr davomida bir marotaba farz bo‘lsada, u kishi Allohning rahmati va mag‘firatidan umidvor bo‘lib, qayta-qayta Baytullohga yuzlanar edilar. “Mabrur hajning mukofoti faqatgina jannat bo‘lajak”, bashoratidan umidvor edilar.
Duoni ham uzoq qilar, ijobati aniq bo‘lar edi. Hatto Bani Umayya u kishiga ozor berganlari uchun haj qilib, u yerda o‘zlariga qarshi duo qilishlaridan cho‘chirdilar. Ammo Said ibn Musayyib o‘z nafslari uchun badduo qilmasdilar.
Said ibn Musayyib oila quradigan yoshga yetganlarida ko‘pchilikning u kishiga havasi va o‘z qizini ilinish hissi ham mavjud edi. Buyuk sahoba Abu Hurayra raziyallohu anhu qizlarini Saidga nikohlab berdilar. Ibn Musayyib sahobaning kuyovi bo‘lish baxtiga ham erishdilar. Ko‘pgina hadislarni qaynotalari Abu Hurayradan rivoyat qilganlar.
Turmushlari sodda, nonushta va kechki taomlari og‘iz ochish va yopishda yegan narsalari edi. Non va yog‘ yoki bir necha xurmoga qanoat qilganlar. Taqdir taqazosi ila hibs qilinganlarida qizlari juda ko‘p taom keltiradi. Qizlariga oddiy, doimiy yeydigan taomlarni keltirishini, bu kabi ko‘p ovqat olib kelmasligini ta’yinlaydilar.
O‘zlari aytadilar: “Kim Allohdan behojat bo‘lsa, odamlarga tilanadigan bo‘lib qoladi”. Shu bois, birovdan narsa ta’ma qilma, narsa ham olmas edilar. O‘zlari halol mehnat qilib, yog‘ savdosi bilan kun ko‘rardilar.
Qaynotalari Abu Hurayra qizlari uchun Said ibn Musayyibni munosib kuyov deb baholagan bo‘lsalar, o‘zlari ham qizlarini turmushga berishda eng munosib kuyovni tanladilar. Tarixchilar ushbu mashhur qissani zavq bilan bitib qoldirganlar:
“Ibn Abu Vado’a aytadi: Said ibn Musayyibning ilm halqalarida, majlislarida doim birga bo‘lar edim. Bir necha kunga yo‘q bo‘lib ketdim. Qaytib kelsam, “Qayerda eding?” deb so‘radi. Men: “Ahlim vafot etdi. Uni so‘nggi yo‘lga kuzatish bilan mashg‘ul bo‘lib qoldim”, dedim. Said: “Bizga ham xabar bermabsan, borib duo qilardik”, dedi. Keyin men turmoqchi bo‘lgandim, “Birortasini qo‘lini so‘radingmi?” dedi. Men: “Alloh sizga rahm qilsin, kim ham mendek faqirga qizini berardi. Bor yo‘g‘i 2-3 dirhamim bo‘lsa...” dedim. Shunda u: “Mana, men senga qizimni beraman”, deb aytib qoldi. “Siz shu ishni qilasizmi?” deya hayratda qoldim. U “Ha”, dedida, Allohga hamd, Nabiy sallollohu alayhi vasallamga salovat aytdi. Meni qiziga ikki yoki uch dirham evaziga nikohlab qo‘ydi. O‘rnimdan turdim, shodligimdan nima qilarimni bilmay qoldim. Uyimga qaytib borib, kimning qizini olganimni, kimga omonotdor bo‘lganimni o‘ylay boshladim. Ro‘zador edim, bir o‘zim iftor qilib, biroz dam oldim. Keyin eshik taqilladi: “Kim u?” dedim. Tashqaridan: “Said”, degan javob bo‘ldi. Said ismlari haqida o‘ylay ketdim. Nahotki Said ibn Musayyib bo‘lsa?! U qirq yildan beri hovlisi va masjid orasidan boshqa yerda ko‘rinmasdi, biror yerga chiqmasdi. Mening uyimga kelgan bo‘lsa?” deb taraddudlanib qoldim. Oldiga chiqdim va: “Ey, Abu Muhammad, oldingizga chorlasangiz, yetib borardim-ku, o‘zingiz kelibsiz!” dedim hijolatdan. U esa: “Yo‘q, aksincha, sen kelishga haqliroqsan. Bo‘ydoq eding, mana, uylanding. Endi yolg‘iz o‘zing tunashingni yaxshi emas. Mana ayolingni o‘zim bilan birga olib keldim”, dedida, qizini eshik tomon undadi. Qiz uyatdan yiqilgudek bo‘ldi. Xonadagi non va yog‘ni chiroqqa yaqin qo‘ydim. Tepaga chiqdim va qo‘shnilarni ham chaqirdim. Ular asta-sekin kela boshlashdi va nima gapligi so‘rashdi. Men: “Alam qilsin, Said ibn Musayyib meni qiziga uylantirib qo‘ydi. Mana qizini olib menikiga keldi”, dedim. Ular ishonqiramay, Saidning oldiga yig‘ila boshlashdi. Bu xabar onamga ham yetdi. U ham darhol yetib keldi va: “Shu qizga uch kun munosib bo‘lishingdan avval unga yaqinlashsang, yuzim yuzingga haromdir!”, dedi. Uch kun o‘zimni undan uzoq qildim. Keyin yoniga kirdim. Ko‘rsamki, juda go‘zal, Allohning kitobini yod olgan, Rasululloh sallollohu alayhivasallamning sunnatlariga amal qiladigan hamda erning haqqiga o‘ta rioya qiladigan ayol ekan. Bir oy o‘tdi. Said biznikiga kelmadi. Men ham uning oldiga bormadim. Keyin uning oldiga bordim. Dars aytayotgan ekan. Salom berdim, alik oldi. To darsi tugab, xoli qolmagunimizcha hech narsa gapirmadi. Keyin: “Bu odamning ishlari qanday?” deb so‘radi. Men: “Do‘st havas qiladigan, dushman kuyib yonadigan holatda”, dedim. Qaynotam dedi: “Agar seni biror narsa qoniqtirmasa, asoni ol (aso bilan dakki beraver)”, dedi. Keyin men ketdim. U bizga yirigma ming dirham berib yubordi”.
Said ibn Musayyibning qizlariga aslida nomzodlar, xaridorlar talay edi. Xususan, xalifa Abdulmalik ibn Marvon o‘g‘li Yazid ibn Marvonga qizlarini so‘raganda, ibn Musayyib buni sochilikni qabul qilmaydilar. Natijada, xalifaning o‘g‘liga rad javoblari uchun yuz darra kaltaklanadilar. Olim zot taqvldor qizini faqir bo‘lsada tolibi ilmga munosib ko‘rgan edi. Podishohning tahdidi va odamlarning gap-so‘zi ularni zarracha o‘ylantirmagan edi...
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
N.Saidakbarova tayyorladi
Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.
Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.
Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.
Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.
Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.
Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.
Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.
Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.