Ey birodar, qarang, o'lim kelmasdan oldin ishlaringizni isloh qilib oling. Chunki siz qachon o'lim kelib qolishini bilmaysiz. Bilingki, umr ozgina, hasrat esa uzoqdir. Ey birodar, “Laa ilaha illalloh” so'zini ko'paytirmoq va unga shukr qilmoq lozim. Shukr ulug' ne'mat uchundir. Chunki u shukr bilan boqiydir.
Payg'ambarimiz sollollohu alayhi va sallam marhamat qiladi: “O'liklaringizga “Laa ilaha illalloh”ni sekin aytib turing. Chunki u gunohlarni parchalab tashlaydi”. So'radilar: “Ey Allohning elchisi, agar uni hayotligida aytsa-chi?”, U zot alayhissalom aytdilar: “U gunohlarni parchalaydi, parchalaydi” deb takrorladilar.
Alloh taolo muqaddas kalomida bunday marhamat qiladi: “Ehson – yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir (Rahmon surasi 60-oyat).
Anas ibn Molik Payg'ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qiladi: U kishi aytadilar: “La ilaha illalloh jannatning qiymatidir”. Boshqa xabarda: “Jannatning kalitidir”, deyilgan.
Aytiladi: “La ilaha illalloh jannatning kaliti, lekin eshikni ochish uchun kalitning tishlari bo'lishi kerak. Uning tishlari g'iybat va gunohlardan pok, Allohni zikr qiluvchi til, hasaddan va g'iybatdan qo'rquvchi pok qalb, shubha va haromdan pok qorin va gunohlardan pok xizmat bilan shug'ullanadigan a'zolardir”.
Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Kim laa ilaha illalloh desa, uning og'zidan ko'k qush chiqadi. Uning ikki oq qanoti dur va yoqut bilan qoplangan bo'ladi. So'ngra osmonga ko'tariladi va undan asalarining tovushi kabi g'ung'illash eshitiladi, unga: “Jim turgin”, deyiladi. So'ngra u: “Yo'q, sohibimning gunohi kechirilmaguncha jim turmayman”, deydi, shunda u aytgan kishining gunohi kechiriladi. So'ng u qushda etmishta til paydo bo'lib, qiyomat kunigacha egasining gunohini kechirishini so'raydi. Qiyomat kuni bo'lsa, u qush keladi va egasining qo'lidan ushlab, unga jannatni ko'rsatuvchi va yo'l boshlovchi bo'ladi.
Alloh taolo Fir'avnni suvga g'arq qildi va Muso alayhissalomni qutqardi. Muso aytdilar: “Ey Alloh, menga bir amalni dalolat etginki, uni qilsam, Sen menga bergan ne'matga shukr qilay”. Alloh aytdi: “Ey Muso, laa ilaha illalloh, deb ayt. Muso alayhissalom ziyoda qilishni so'radilar”. Alloh aytdiki: “Ey Muso, agar etti osmon va etti erni tarozining bir pallasiga qo'ysang laa ilaha illalloh kalimasini bir pallasiga qo'ysang, albatta, laa ilaha illalloh kalimasi og'ir keladi”.
Ulamolardan birlari aytadi: “Uchta narsa borki, uni Alloh taolodan hech narsa to'solmaydi: laa ilaha illalloh kalimasi, ijobat bo'lishiga ishongan holda qilingan duo, otaning farzandi haqqiga va mazlumning zolimga qarshi qilgan duosi”.
Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Kimga o'lim vaqtida laa ilaha illalloh so'zini talqin qilinsa jannatga kiradi”.
Payg'ambarimiz alayhissalom bunday deganlari rivoyat qilingan: “Kimning dunyodagi oxirgi kalomi laa ilaha illalloh bo'lsa, jannatga kiradi”.
Alloh taolo barchalarimizni “laa ilaha illalloh” kalimasini davomiy aytib yurishda bu dunyodan o'tayotgan vaqtimizda ham “laa ilaha illalloh”ni aytishlik baxtini nasib aylasin.
Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiyning
“Tanbehul g'ofilin” kitobi asosida
Imom-Termiziy o'rta mahsus ta'lim muassasi
talabasi Murodullo Choriyev tayyorladi