Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

“Laa ilaha illalloh” kalimasining fazilati

26.08.2023   813   5 min.
“Laa ilaha illalloh” kalimasining fazilati

Ey birodar, qarang, o'lim kelmasdan oldin ishlaringizni isloh qilib oling. Chunki siz qachon o'lim kelib qolishini bilmaysiz. Bilingki, umr ozgina, hasrat esa uzoqdir. Ey birodar, “Laa ilaha illalloh” so'zini ko'paytirmoq va unga shukr qilmoq lozim. Shukr ulug' ne'mat uchundir. Chunki u shukr bilan boqiydir.

Payg'ambarimiz sollollohu alayhi va sallam marhamat qiladi: “O'liklaringizga “Laa ilaha illalloh”ni sekin aytib turing. Chunki u gunohlarni parchalab tashlaydi”. So'radilar: “Ey Allohning elchisi, agar uni hayotligida aytsa-chi?”, U zot alayhissalom aytdilar: “U gunohlarni parchalaydi, parchalaydi” deb takrorladilar.

Alloh taolo muqaddas kalomida bunday marhamat qiladi: “Ehson – yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir (Rahmon surasi 60-oyat). 

Anas ibn Molik Payg'ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qiladi: U kishi aytadilar: “La ilaha illalloh jannatning qiymatidir”. Boshqa xabarda: “Jannatning kalitidir”, deyilgan.

Aytiladi: “La ilaha illalloh jannatning kaliti, lekin eshikni ochish uchun kalitning tishlari bo'lishi kerak. Uning tishlari g'iybat va gunohlardan pok,  Allohni zikr qiluvchi til, hasaddan va g'iybatdan qo'rquvchi pok qalb, shubha va haromdan pok qorin va gunohlardan pok xizmat bilan shug'ullanadigan a'zolardir”.

Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Kim laa ilaha illalloh desa, uning og'zidan ko'k qush chiqadi. Uning ikki oq qanoti dur va yoqut  bilan qoplangan bo'ladi. So'ngra osmonga ko'tariladi va undan asalarining tovushi kabi g'ung'illash eshitiladi, unga:  “Jim turgin”, deyiladi. So'ngra u: “Yo'q, sohibimning gunohi kechirilmaguncha jim turmayman”,  deydi, shunda u aytgan  kishining gunohi kechiriladi. So'ng u qushda etmishta til paydo bo'lib, qiyomat kunigacha egasining gunohini kechirishini so'raydi. Qiyomat kuni  bo'lsa, u qush keladi va egasining qo'lidan ushlab, unga jannatni ko'rsatuvchi va yo'l boshlovchi bo'ladi.

Alloh taolo Fir'avnni suvga g'arq qildi va Muso alayhissalomni qutqardi. Muso aytdilar: “Ey Alloh, menga bir amalni dalolat etginki, uni qilsam, Sen menga bergan ne'matga shukr qilay”. Alloh aytdi: “Ey Muso, laa ilaha illalloh, deb ayt. Muso alayhissalom ziyoda qilishni so'radilar”. Alloh aytdiki: “Ey Muso, agar etti osmon va etti erni tarozining bir pallasiga qo'ysang laa ilaha illalloh kalimasini bir pallasiga qo'ysang, albatta,  laa ilaha illalloh kalimasi og'ir keladi”.

Ulamolardan birlari aytadi: “Uchta narsa borki, uni Alloh taolodan hech narsa to'solmaydi: laa ilaha illalloh kalimasi,  ijobat bo'lishiga ishongan holda qilingan duo, otaning farzandi haqqiga va mazlumning zolimga qarshi qilgan duosi”.

Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Kimga o'lim vaqtida laa ilaha illalloh so'zini talqin qilinsa jannatga kiradi”.

Payg'ambarimiz alayhissalom bunday deganlari rivoyat qilingan: “Kimning dunyodagi oxirgi kalomi laa ilaha illalloh bo'lsa, jannatga kiradi”.

Alloh taolo barchalarimizni “laa ilaha illalloh” kalimasini davomiy aytib yurishda bu dunyodan o'tayotgan vaqtimizda ham “laa ilaha illalloh”ni aytishlik baxtini nasib aylasin.

Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiyning 

“Tanbehul g'ofilin” kitobi asosida

Imom-Termiziy o'rta mahsus ta'lim muassasi

talabasi Murodullo Choriyev tayyorladi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   4051   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari