“Minor” masjidi o‘zining betakror me’moriy uslubi, mahobati bilan alohida ajralib turadi. O‘ziga hos ko‘rinishi va ko‘kka bo‘y cho‘zgan minoralari bilan allaqachon odamlar tiliga tushgan ushbu masjidning qurilish ishlari 2013-yil yoz oylarida boshlangan edi. 2014-yilning 1-oktyabrida Qurbon hayiti bayramida ochilgan. Anxor bo‘yida bunyod etilgan inshoot nafaqat yurtimizda balki dunyoda ham keng e’tirof etilgan. Masalan Fransiyaning Parij shahrida dunyodagi masjidlar arxitekturasi bo'yicha yirik loyiha – Abdullatif al-Favzan mukofoti hakamlari tomonidan ham masjidning o‘ziga hos uslubi, betakror bezaklari aloxida e’tirof etilgan. Masjid binosi an'anaviy sharq va o'zbek uslubida qurilgan bo'lib, ikki minorasi va keng gumbazga ega. Masjidning ichi esa naqshlar bilan bezatilgan. Keng va ulkan oynalar bino ichini yanada yorqin bo‘lishini ta’minlaydi. Uning poygumbazida ham oynalar mavjud. Gumbaz ichidagi ulkan naqshinkor bezaklar xar qanday tashrif buyuruvchining e’tiborini tortmay qo‘ymaydi. Masjid 2400 dan ortiq namozxonlar uchun mo'ljallangan. “Minor” masjidi Toshkentda va butun O'zbekiston bo'ylab eng yirik musulmon diniy markazlaridan biriga aylandi. Masjidga ko‘plab sayyohlar tashrif buyuradi. Bugungi kunda Minor masjidi azim poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.



Shahzod Shomansurov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolar murojaatlarini o‘rganish hamda ularni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun, 16 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan bir guruh fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini tingladilar.
Muloqot davomida imomlar faoliyatini yanada takomillashtirishga oid takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ustozdan xayrli duo olish niyatida kelganlar, o‘zlari yozgan kitoblarini taqdim etganlar ham bo‘ldi. Moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga esa belgilangan tartibda tegishli ko‘mak ko‘rsatildi.
Samimiy qabul va ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun bo‘lgan fuqarolar minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Darhaqiqat, inson dardiga sherik bo‘lish, uning tashvishini yengillatish — savobi ulug‘ amaldir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
«Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Eslatib o‘tamiz, bunday qabullar O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari hamda barcha jome masjidlarida har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati