Tahajjud namozi ham nafl ibodatlar qatoriga kirib, ular ichida o‘qilish vaqti bir oz noqulaylik tug‘dirsa ham, unga beriladigan savoblar va ajr-mukofotlariga ko‘ra eng oliysi hisoblanadi. Zero, hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz tahajjud namozidir», deganlar.
( Imom Muslim rivoyati)
Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: “Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjud (nafl) namozini o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” (Isro surasi, 79-oyat).
Oyatdan ko‘rinib turibdiki, Alloh taolo Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib. Xossatan tahajjud namozini ado qilishga buyurmoqda va bu namoz Qiyomat kunida gunohkor ummatlari uchun qilinadigan shafoatlari uchun sabab bo‘lishiga ishora qilmoqda. Aynan shu sababdan, rosululloh sollallohu alayhi vasallam tahajjud namoziga qattiq e’tibor berardilar. O‘zlari uzrsiz aslo tark qilmagan holda, ummatlari uchun ham bir qancha bashoratlar berib, ushbu namozga targ‘ib qiluvchi bir qancha hadislarni qoldirganlar. Jumladan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Albatta, jannatda tashqarisi ichidan, ichkarisi tashqaridan ko‘rinib turadigan xonalar bor. Alloh u xonalarni – taom yedirgan, salomni yoygan va kechasi odamlar uyquda yotganda tungi (tahajjud) namozni o‘qigan zotlar uchun tayyorlab qo‘ygandir» (Imom Ahmad rivoyati)
Boshqa hadisda esa: «Sizlar tungi (tahajjud) namozini lozim tutinglar, chunki u sizlardan oldingi solih kishilarning odati, Rabbingizga yaqinlashuv, yomonliklarga kafforat va gunohdan qaytaruvchidir» ( Imom Termiziy rivoyati)
Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda shunday deyilgan:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasalam (Madinaga) keldilar. Men odamlar orasida u zotni ko‘rish uchun keldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlarini ko‘rganimda, albatta, u zotning yuzlari yolg‘onchi, kazzobning yuzi emasligini bildim. U zotning birinchi gapirgan gaplari: “Ey insonlar! Salomni orangizda keng yoyinglar, taom ulashinglar, qarindoshlar bilan aloqani bog‘langlar va tunda, odamlar uxlayotgan paytda namoz o‘qinglar. Shunda jannatga salomat holda kirasizlar” deyish bo‘ldi”.
Hadislarda aytiladi: “Alloh taoloning bandaga eng yaqin bo‘ladigan holati kechaning oxirgi qismidadir. Agar o‘sha soatda Allohni zikr qiluvchilardan bo‘la olsang, shunday bo‘l!” deganlar. Yana bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minning sharafi kechasi o‘qigan namozi va azizligi insonlarning qo‘llaridagi narsadan behojat bo‘lishidir” deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon er kechasi o‘z ahlini uyg‘otib, ikkovlari bir bo‘lib namoz o‘qisalar, zokir va zokiralar qatoriga yoziladilar», dedilar».
Sharh: Bu esa ulug‘ saodatdir. Alloh taolo Qur’oni karimda zokir va zokiralarga mag‘firat va ulug‘ ajr tayyorlab qo‘yganini aytgandir. Shuning uchun har bir musulmon er kechasi xotinini uyg‘otib, ikkovlari bir bo‘lib tahajjud namozi o‘qib turishlari kerak.
Muhammad ibn Yusuf aytdilar: «Sufyon Savriy tunda bizni uyg‘otib, «Ey yigitlar! Yoshlikda tungi tahajjud namozini o‘qinglar. Kuchga to‘lgan, yosh paytingizda o‘qimasangiz, qachon o‘qiysiz?», der edilar.
Salafi solihlar ham tahajjud namoziga qattiq e’tibor berardilar. Chunki ular tahajjudning faydalarini ko‘rgan va lazzatlaridan bahramand bo‘lgan edilar.
Fuzayl ibn Iyoz rohimahulloh aytgan edilar:
«Payg‘ambarlar, sof kishilar, yaxshi insonlar va pokiza zotlarning qalbida uch xil sifat bor: halimlik, Allohga tavba qilib yolvorish va tahajjud namozidan nasibadorlik».
Hasan Basriy rahimahullohdan: «Nima uchun tunda tahajjud o‘qiydiganlarning yuzi go‘zal bo‘ladi?» deb so‘rashdi. U zot shunday dedilar: «Ular Rahmon sifatli Zot – Alloh bilan xoli qolishganda U Zot ularga O‘z nuridan ato etadi».
Ibn Rajab rohimahulloh: «Robbining huzurida hojati bo‘laturib, sahar vaqti, ya’ni tongda uxlagan kishi oqil emas», degan ekanlar. Ya’ni, hojatlaringizni tundagi tahajjud namozida so‘rashni o‘rganing!
Ka’b aytdilar: “Tundagi tahajjudda qoim kishilar borki, ulardan minnatdor bo‘lingandir. Tunda uxlovchilar borki, ularning gunohlari mag‘firat qilingandir. Masalan, ikki mo‘min kishi Alloh yo‘lida bir birini yaxshi ko‘radi. Ulardan biri namoz o‘qib birodari haqqiga duo qiladi. Va Alloh uning duosini ijobat qiladi”.
Ibn Ajlon shunday degan ekanlar: “Alloh taolo mo‘minning kuchini jismiga emas, qalbiga joyladi. Axir qariyalarni qarang, issiq haroratda ham ro‘za tutib, tunda tahajjud namozini ado qiladilar. Vaholanki, yoshlar bu amallardan ojiz bo‘lishadi”.
Abu Sulaymon Doroniy: «Tahajjud o‘quvchilar tunni o‘yin-kulgi bilan o‘tkazuvchilardan ko‘ra ko‘proq lazzatga cho‘mganlardir», dedilar.
Ibrohim Havvos aytadilar: “Qalb kasallarini davolash besh ish bilan bo‘ladi: Qur’onni tadabbur bilan (ma’nosini anglab) tilovat qilish, kechasi tahajjud namozi o‘qish, saharlarda Allohga yolvorish, do‘stlar bilan suhbat va kam yeyish”.
Ba’zi oriflar shunday degan ekanlar: «Alloh taolo saharda uyqusidan uyg‘onuvchilarning qalbiga nur to‘ldirib qo‘yadi. Ularning qalbiga foydalar tushib, nurga burkanadi. So‘ngra foydalar ularning qalbidan taralib, g‘ofillar qalbiga yetib boradi».
Hikmatlarda aytiladi:
“Jannatdagi avvalgi manzilingga qaytishni xohlasang, tunda tahajjud o‘qiydiganlar vodiysiga ko‘tarilgin, chunki karvon ana shu yerdan o‘tadi. Tong sahardagi duo qazoi qadarning o‘qi ekanini ham unutma”.
“Tungi namoz o‘qiladigan uyda nur paydo bo‘ladi. Uni osmon ahli ko‘radi. Biz tunda osmonga qaraganimizda, yulduzlar yorug‘ligini ko‘rganimizdek, osmon ahli yerdagi nurning namoz o‘quvchining uyidan taralayotganini ko‘radi. Undan ham ajablanarlisi shuki, har kuni uyingdagi nurni ko‘rishga odatlangan farishtalar tungi namoz o‘qimagan kuning seni so‘rab-surishtiradilar, chunki ular uyingda zulmatni ko‘radilar. Ularga sening bemorliging yoki g‘amga botib qolganing aytiladi. Farishtalar senga shifo va g‘amdan xalos bo‘lishingni so‘raydilar yoki ehtiyojingga qarab duo qiladilar. Chunki ular sening namozing sababli nur taralayotgan uyingni ko‘rishni istaydilar”.
“Taroveh yoki tahajjud namozida ota-onangning haqqiga qilgan duoing ularga atab so‘ygan o‘nta tuyangdan afzaldir”.
“Agar bizning kunlik rejamizda ikki rakatli zuho namozi, Qur’ondan kunlik vazifa, tungi vitr va tahajjud namozi, yaxshi so‘zlar, faqat Alloh biladigan yashirilgan amallar, tong va kechki payt aytiladigan zikrlar bo‘lmasa hayotning qanday mazasi bor. Siz kunlik jadvalingizni tartibga solib, uni kunlik vazifalaringizdan qilib oling. Shunda inshaalloh kuningizni rohat va farog‘atda topasiz”.
Aziz do‘stim! Ushbu ma’lumotlarni o‘qigandan keyin loaqal ikki rakaat tahajjud namozini o‘qishni qasd qilgan bo‘lsangiz, loaqal yaxshi niyat qilgan bo‘lsangiz, biz maqsadimizga yetdik. Duolarda eslab qo‘ying!
Manbalar asosida : Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi Yorbek Islomov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:
— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:
«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.
Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi