frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Tahajjud namozi haqida nimalarni bilamiz?

15.10.2019   39105   7 min.
Tahajjud namozi haqida nimalarni bilamiz?

Tahajjud namozi ham nafl ibodatlar qatoriga kirib, ular ichida o‘qilish vaqti bir oz noqulaylik tug‘dirsa ham, unga beriladigan savoblar va ajr-mukofotlariga ko‘ra eng oliysi hisoblanadi. Zero, hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz tahajjud namozidir», deganlar. 
( Imom Muslim rivoyati) 

Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan:  “Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjud (nafl) namozini o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” (Isro surasi, 79-oyat).

Oyatdan ko‘rinib turibdiki, Alloh taolo Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib. Xossatan tahajjud namozini ado qilishga buyurmoqda va bu namoz Qiyomat kunida gunohkor ummatlari uchun qilinadigan shafoatlari uchun sabab bo‘lishiga ishora qilmoqda. Aynan shu sababdan, rosululloh sollallohu alayhi vasallam tahajjud namoziga qattiq e’tibor berardilar. O‘zlari uzrsiz aslo tark qilmagan holda, ummatlari uchun ham bir qancha bashoratlar berib, ushbu namozga targ‘ib qiluvchi bir qancha hadislarni qoldirganlar. Jumladan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Albatta, jannatda tashqarisi ichidan, ichkarisi tashqaridan ko‘rinib turadigan xonalar bor. Alloh u xonalarni – taom yedirgan, salomni yoygan va kechasi odamlar uyquda yotganda tungi (tahajjud) namozni o‘qigan zotlar uchun tayyorlab qo‘ygandir»  (Imom Ahmad rivoyati)

Boshqa hadisda esa:  «Sizlar tungi (tahajjud) namozini lozim tutinglar, chunki u sizlardan oldingi solih kishilarning odati, Rabbingizga yaqinlashuv, yomonliklarga kafforat va gunohdan qaytaruvchidir»  ( Imom Termiziy rivoyati)

Abdulloh  ibn Salom roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda shunday deyilgan:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasalam (Madinaga) keldilar. Men odamlar orasida u zotni ko‘rish uchun keldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlarini ko‘rganimda, albatta, u zotning yuzlari yolg‘onchi, kazzobning yuzi emasligini bildim. U zotning birinchi gapirgan gaplari: “Ey insonlar! Salomni orangizda keng yoyinglar, taom ulashinglar, qarindoshlar bilan aloqani bog‘langlar va tunda, odamlar uxlayotgan paytda namoz o‘qinglar. Shunda jannatga salomat holda kirasizlar” deyish bo‘ldi”.

Hadislarda aytiladi: “Alloh taoloning  bandaga eng yaqin bo‘ladigan holati kechaning oxirgi qismidadir. Agar o‘sha soatda Allohni zikr qiluvchilardan bo‘la olsang, shunday bo‘l!” deganlar. Yana bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minning sharafi kechasi o‘qigan namozi va azizligi insonlarning qo‘llaridagi narsadan behojat bo‘lishidir” deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:  «Qachon er kechasi o‘z ahlini uyg‘otib, ikkovlari bir bo‘lib namoz o‘qisalar, zokir va zokiralar qatoriga yoziladilar», dedilar».

Sharh: Bu esa ulug‘ saodatdir. Alloh taolo Qur’oni karimda zokir va zokiralarga mag‘firat va ulug‘ ajr tayyorlab qo‘yganini aytgandir. Shuning uchun har bir musulmon er kechasi xotinini uyg‘otib, ikkovlari bir bo‘lib tahajjud namozi o‘qib turishlari kerak.

Muhammad ibn Yusuf aytdilar: «Sufyon Savriy tunda bizni uyg‘otib, «Ey yigitlar! Yoshlikda tungi tahajjud namozini o‘qinglar. Kuchga to‘lgan, yosh paytingizda o‘qimasangiz, qachon o‘qiysiz?», der edilar.

Salafi solihlar ham tahajjud namoziga qattiq e’tibor berardilar. Chunki ular tahajjudning faydalarini ko‘rgan va lazzatlaridan bahramand bo‘lgan edilar.

Fuzayl ibn Iyoz rohimahulloh aytgan edilar:

«Payg‘ambarlar, sof kishilar, yaxshi insonlar va pokiza zotlarning qalbida uch xil sifat bor: halimlik, Allohga tavba qilib yolvorish va tahajjud namozidan nasibadorlik».

 

Hasan Basriy rahimahullohdan: «Nima uchun tunda tahajjud o‘qiydiganlarning yuzi go‘zal bo‘ladi?» deb so‘rashdi. U zot shunday dedilar: «Ular Rahmon sifatli Zot – Alloh bilan xoli qolishganda U Zot ularga O‘z nuridan ato etadi».

Ibn Rajab rohimahulloh: «Robbining huzurida hojati bo‘laturib, sahar vaqti, ya’ni tongda uxlagan kishi oqil emas», degan ekanlar. Ya’ni, hojatlaringizni tundagi tahajjud namozida so‘rashni o‘rganing!

Ka’b aytdilar: “Tundagi tahajjudda qoim kishilar borki, ulardan minnatdor bo‘lingandir. Tunda uxlovchilar borki, ularning gunohlari mag‘firat qilingandir. Masalan, ikki mo‘min kishi Alloh yo‘lida bir birini yaxshi ko‘radi. Ulardan biri namoz o‘qib birodari haqqiga duo qiladi. Va Alloh uning duosini ijobat qiladi”.

Ibn Ajlon shunday degan ekanlar: “Alloh taolo mo‘minning kuchini jismiga emas, qalbiga joyladi. Axir qariyalarni qarang, issiq haroratda ham ro‘za tutib, tunda tahajjud namozini ado qiladilar. Vaholanki, yoshlar bu amallardan ojiz bo‘lishadi”.

Abu Sulaymon Doroniy: «Tahajjud o‘quvchilar tunni o‘yin-kulgi bilan o‘tkazuvchilardan ko‘ra ko‘proq lazzatga cho‘mganlardir», dedilar.

Ibrohim Havvos aytadilar: “Qalb kasallarini davolash besh ish bilan bo‘ladi: Qur’onni tadabbur bilan (ma’nosini anglab) tilovat qilish, kechasi tahajjud namozi o‘qish, saharlarda Allohga yolvorish, do‘stlar bilan suhbat va kam yeyish”. 

Ba’zi oriflar shunday degan ekanlar: «Alloh taolo saharda uyqusidan uyg‘onuvchilarning qalbiga nur to‘ldirib qo‘yadi. Ularning qalbiga foydalar tushib, nurga burkanadi. So‘ngra foydalar ularning qalbidan taralib, g‘ofillar qalbiga yetib boradi».

Hikmatlarda aytiladi:

“Jannatdagi avvalgi manzilingga qaytishni xohlasang, tunda tahajjud o‘qiydiganlar vodiysiga ko‘tarilgin, chunki karvon ana shu yerdan o‘tadi. Tong sahardagi duo qazoi qadarning o‘qi ekanini ham unutma”.

“Tungi namoz o‘qiladigan uyda nur paydo bo‘ladi. Uni osmon  ahli ko‘radi. Biz tunda osmonga qaraganimizda, yulduzlar  yorug‘ligini ko‘rganimizdek, osmon ahli yerdagi nurning namoz  o‘quvchining uyidan taralayotganini ko‘radi. Undan ham ajablanarlisi shuki, har kuni uyingdagi nurni  ko‘rishga odatlangan farishtalar tungi namoz o‘qimagan kuning seni  so‘rab-surishtiradilar, chunki ular uyingda zulmatni ko‘radilar.  Ularga sening bemorliging yoki g‘amga botib qolganing aytiladi.  Farishtalar senga shifo va g‘amdan xalos bo‘lishingni so‘raydilar  yoki ehtiyojingga qarab duo qiladilar. Chunki ular sening namozing  sababli nur taralayotgan uyingni ko‘rishni istaydilar”.

“Taroveh yoki tahajjud namozida ota-onangning haqqiga qilgan duoing ularga atab so‘ygan o‘nta tuyangdan afzaldir”.

“Agar bizning kunlik rejamizda ikki rakatli zuho namozi, Qur’ondan kunlik vazifa, tungi vitr va tahajjud namozi, yaxshi so‘zlar, faqat Alloh biladigan yashirilgan amallar, tong va kechki payt aytiladigan zikrlar bo‘lmasa hayotning qanday mazasi bor. Siz kunlik jadvalingizni tartibga solib, uni kunlik vazifalaringizdan qilib oling. Shunda inshaalloh kuningizni rohat va farog‘atda topasiz”.

Aziz do‘stim! Ushbu ma’lumotlarni o‘qigandan keyin loaqal ikki rakaat tahajjud namozini o‘qishni qasd qilgan bo‘lsangiz, loaqal yaxshi niyat qilgan bo‘lsangiz, biz maqsadimizga yetdik. Duolarda eslab qo‘ying!

 

Manbalar asosida : Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi Yorbek Islomov tayyorladi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   10919   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari