frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Mazhabga ergashish – saodatdir

15.10.2019   4970   8 min.
Mazhabga ergashish – saodatdir

Bugungi kunda  ilm-fan va texnika ancha taraqqiy topdi. Deyarli har kuni turli sohalarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilayotganligidan ommaviy axborot vositalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor bo‘lib turibmiz. Qayerda qanday voqea-hodisa ro‘y bersa, qisqa vaqt ichida dunyo bo‘ylab tarqalmoqda.

Albatta, bu jarayon barcha jabhalarni qamrab olganidek diniy sohani ham chetlab o‘tgani yo‘q. Biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan mavzu tez-tez quloqqa chalinayotgan, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar orqali kishilar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan taqlid, ya’ni Qur’oni karim va hadisi sharif turganda muayyan bir mazhabga ergashish shartmi, degan savoldir.

Islomning asl manbalari bo‘lmish Qur’oni Karim va hadisi sharifni qo‘yib imom Abu Hanifa, imom Shofe’iyga o‘xshash shaxslarga ergashish bir qarashda xatoga o‘xshab tuyulsa-da aslida insonni dunyo va oxiratda saodatga eltuvchi yo‘ldir. So‘zimizning isboti o‘laroq Qur’oni Karim, hadisi sharif va mo‘tabar ulamolarimizning bu masalaga qanday yondashganligiga bir nazar tashlaymiz.

Avvalo, taqlid haqida. Bir insonning so‘ziga, uning o‘sha masala borasida hujjati to‘g‘ri ekanini bilmasa-da, ergashish taqliddir. Ya’ni muqallid (taqlid qiluvchi) bir mujtahidga ergashayotgani to‘g‘ri ekaniga hujjati bo‘lishi mumkin, lekin mujtahidga ergashayotgan masalasining hujjatini bilmasligi mumkin.

Taqlid shari’atda joriy bo‘lgan ishlardan ekani hamda ijtihod (Qur’on va hadisdan mustaqil hukm olish)ga qodir bo‘lmagan kishilar taqilid qilishlari vojib ekaniga bir necha jihatdan dalillar bor.

Alloh taolo Nahl surasining 40-oyatida “Bilmasanglar, ahli zikrlardan so‘ranglar!” deb marhamat qilgan. Mazkur oyatning mazmunidan kelib chiqib ulamolar quyidagi fikrga ijmo’  qilganlar: “Ushbu oyat hukm va uning dalilini bilmaganlar bilganlarga ergashishlariga buyruqdir”. Usul ilmi ulamolari omi inson mujtahid olimga ergashishi vojib ekaniga mazkur oyatni asos qilib olganlar. 

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Mendan keyin Abu Bakr va Umarga ergashinglar”, deganlar. (“Jome’u Termiziy”, 3204-hadis).                        

Ijmo’ dalili. Payg‘ambarimiz alayhissalomning as'hoblari ilm sohasida bir-birlaridan tafovut qilishar edi. Ibn Xaldunning so‘ziga ko‘ra, ularning hammalari ham fatvo ahli emas edilar. Din ularning hammalaridan olinmagan. Balki ularning orasida muftiy mujtahidlari bo‘lgan. Bular ozchilikni tashkil qilar edilar. Shuningdek, ular orasida fatvo so‘raydigan, muqallidlari bo‘lib, ular ko‘pchilikni tashkil qilar edi. Sahobalarning ichidagi fatvo beruvchilari hukmni aytish bilan kifoyalanib, ko‘pincha dalillarni zikr qilmas edilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom odatda islomdan xabari yo‘q joylarga faqih sahobalarni jo‘natar edilar. Ular borgan joylarida ibodat, halol-harom, oldi-sotdi kabi muomalotlar haqida fatvo berar edilar. U yerdagilar mazkur faqih sahobaga ergashar edilar. Ba’zan kitob va sunnatda dalili yo‘q yangi bir ish sodir bo‘lsa, ijtihod qilib ijtihodining ko‘rsatmasiga muvofiq mazkur yangi ishning hukmini aytar edi. Shunday paytlarda ham insonlar u kishiga ergashib ketaverar edilar.

Imomi G‘azzoliy o‘zlarining “Al-Mustasfo” kitobidagi taqlid bobida omi insonning taqlid qilishdan o‘zga chorasi yo‘q ekaniga sahobalarning ijmo’sini dalil sifatida keltirganlar. Chunki sahobalar avom halqqa fatvo berar edilar. Lekin ular avom halqning o‘zi ijtihod darajasiga yetishlarini buyurmasdilar. Bu o‘sha davr ulamolaridan ham avomlaridan ham mutavotir darajada kelgan ochiq-oydin ma’lumotdir.

Omadiy ham o‘zlarining “Al-Ihkom” nomli asarida shunday deganlar: Sahobalar va tobe’inlar davrida muxolif toifalar paydo bo‘lgunga qadar odamlar shar’iy ahkomlarni mujtahid ulamolardan so‘rar va ularga ergashar edilar. Ulamolar ham ularning savollariga zudlik bilan javob berishar, lekin dalillarni keltirib o‘tirmas edilar. Ushbu holatni sahobalar yoki tobe’inlardan birortasi inkor qilmagan. Bu esa omi inson mujtahidga ergashishi joiz ekaniga ijmo’ demakdir.

Masalaga aqliy dalil shunday: Alloma Abdulloh Daroz aytadi: Ijtihod ahlidan bo‘lmagan kishilar o‘zlarida sodir bo‘lgan hukmi kitob va sunnatda bayon qilinmagan ishlarning hukmini qanday topadilar. Agar har bir shaxs o‘zi ijtihod qilishi lozim bo‘lsa, bu mumkin bo‘lmagan ishdir. Chunki bu holatda hamma dalil izlash, hukm chiqarish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, ma’ishat, kasb hunar, tijorat va ziro’at ishlari bir tarafda qolib ketadi va dunyo xarob bo‘ladi. Bu harajning nihoyasidir (cho‘qqisidir). Shuning uchun taqliddan o‘zga chora qolmadi.

Ulamolar mazkur kitob, sunnat va aqliy dalillarni ko‘rib bilganlaridan so‘ng shu qarorga keldilar: omi inson va ijtihod darajasiga yetmagan olimlar dalillarni biluvchi mujtahidgan ergashishlari lozimdir. Shuningdek, mujtahidning bergan fatvosi omi insonlar uchun huddi kitob va sunnat o‘rnidadir. Chunki Qur’oni Karim olimlarga Qur’on hujjat va dalillarini ushlashni buyurganidek, johil va omi insonlarni olimlarning fatvosini olishga buyurgan.

Ayni shu ma’noni ifoda qilish uchun Imom Shotibiy rohimahulloh: “Mujtahidlarning fatvolari Avom halq uchun huddi shar’iy dalilga tengdir”, deganlar.   

Qolaversa, aynan to‘rt imomdan biriga ergashishning sababi borasida Shoh Valiyulloh Dehlaviy: “Tan olingan to‘rt mazhabdan biriga ergashish savodi a’zam (ko‘pchilik va aksariyat tashkil etgan jamoat)ga ergashishdir va ulardan chiqish savodi a’zamdan chiqishdir”, deganlar (“Aqdul jiyd fi ahkamil ijtihad va taqlid”,  1-jild 41-bet).

Sanalgan dalillardan ma’lum bo‘ladiki, mazhabga ergashish ba’zilar o‘ylagandek gumrohlik emas, balki  Alloh taologa, uning rasuliga hamda ishboshi (ummat e’tirof etgan ulamolar) larga itoat etish ekan.

Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlash o‘rinli. Taqlid to‘g‘ridan to‘g‘ri vojib emas, balki boshqasining sababidan vojibdir. Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri vojib bo‘lganida mujtahidlarga ham taqlid vojib bo‘lar edi. Buni tushunishimiz uchun ba’zi misollarga murojaat qilish kerak.

Masalan, namoz to‘g‘ridan to‘g‘ri farz, shuning uchun namoz o‘qish payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ham, sahobalarga ham, shuningdek, biz ummatlarga ham farzdir. Ayollarning namozni ado qilish uchun masjidga kelishi to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki boshqasi sababidan man qilingandir. Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri man qilinganda edi payg‘ambarimiz alayhissalom davrlarida ayollar masjidga kelmagan bo‘lardi.

Xo‘sh, mazhabga ergashishni vojibga aylantirgan boshqa sabab nima?

Ma’lumki, har bir musulmonda Qur’on va sunnatdan hukm olish iste’dodi yo‘q, shuning uchun Alloh taolo  “...Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar” (Nahl surasi 43-oyat), deb marhamat qilgan. Bu oyatdan bilamizki, taqlidning vojibligiga sabab bo‘lgan “boshqa” har bir kishida Qur’on va sunnatdan hukm olish iste’dodining yo‘qligidir. Xuddi shuningdek taqlidi shaxsiy ham to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki “boshqa” ning sababidan vojibdir.

Taqlidi shaxsiyni vojibga aylantirgan “boshqa” nima?

Dinning maqsadi dindorlik, rohatlanish emas. Farazan, kishiga xohlagan vaqt xohlagan mazhabiga ergashib ketaverishi mumkin deyilsa, unda inson faqat nafsining istaklariga yurib undan bu ishga ruxsat, boshqasidan yana bir ishga ruxsat olib nafsining xohishlari ketidan yuraveradi. Uning dini faqat ruxsatlardan iborat bo‘ladi. Bu esa dinning asl maqsadiga zid bir ishdir. Kishidagi dindorlik bir mazhab va bir imomga ergashsagina mukammal va mustahkam bo‘ladi.   

Mana shu sabab taqlidi shaxsiy vojibga aylandi. Ulamolar zarurat taqozo etganda o‘zi ergashgan mazhab imomining so‘zini qo‘yib boshqa mazhab imomining so‘ziga o‘tishni  ham odamlardan haraj va mashaqqatni ko‘tarish uchun joiz degan bo‘salar-da, bu ham hamma uchun emas, balki faqat va faqat ulamolargagina tegishli ishdir.

Inson dunyo va oxiratda go‘zal hayotga erishishi uchun Alloh va uning rasuli yo‘lini mahkam tutmoqligi kerakdir. Bu esa o‘z-o‘zidanmas, balki payg‘ambarimiz va u zotning yo‘lidan yurgan ulamolarga ergashish bilan bo‘ladi. Alloh taolo barchalarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin.

 

“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus

islom bilim yurti o‘qituvchisi

Abdug‘afur Niyozqulov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   40621   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari