Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Bilasizmi, azon bilan iqomat orasidagi duo ijobat qilinadi. Shuning uchun bu fursatni qo‘ldan boy bermay, duoni uzun qiling!
Bilasizmi, namozda gunohlaringiz boshingiz ustiga, keyin kuragingiz ustiga qo‘yiladi. Ko‘pgina gunohlaringiz to‘kilib ketishi uchun ruku’ va sajdani uzoqroq qiling!
Bilasizmi, agar har farz namozdan keyin Oyatul Kursiyni o‘qisangiz, siz bilan Jannat orasida faqat o‘lim bo‘ladi.
Bilasizmi, uyqudan oldin Mulk surasini o‘qish sizni qabr azobidan qutilishingizga sabab bo‘ladi.
Ey Alloh! Ushbu aytilganlarga ixlos bilan amal qilib borishimizni nasib etgin!
*****
Biz ko‘p odoblar qatori, janozada ishtirok etish, tobutni ko‘tarish odobini ham yaxshi o‘rganishimiz kerak.
*****
Donishmandlar sukut qilib turganda ahmoqlar ko‘payib ketadi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
“Jamiyat a’zolarining yarmi axloqsiz, yomon kimsalar” desangiz, hammaning g‘azabi keladi.
“Jamiyat a’zolarining yarmi axloqli, yaxshi odamlar” desangiz, hamma sizni maqtaydi.
Vaholanki, ikkala gap ma’nosi bir xil.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Lug‘aviy xatolarga e’tibor qaratib, mavzuning mohiyatini unutadiganlar “Men oyga ishora qilaman, ahmoq esa barmog‘imga qaraydi” degan maqolni yodimga soladi.
Tavfiq Hakim
*****
Agar bir shaxsga ishonch bildirib, u bilan ulfat bo‘lib yursang, oxirida ikki natijadan biriga erishasan:
Yo bir umrlik do‘stga erishasan.
Yo bir umrlik darsga erishasan.
Ibrohim Fiqiy
*****
Boylik - dengiz suviga o‘xshaydi. Undan ichganing sari tashnaliging oshib boraveradi. Bu qoidani mashhurlikka ham tatbiq etsa bo‘ladi.
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Sharafli inson yuksalgani sari kamtar bo‘lib boradi.
Pastkash inson yuksalgani sari mutakabbir bo‘lib boradi.
Arab maqoli
*****
Odamlarga har qancha ishonsang ham, sirlaringni o‘zingda qoldir!
Najib Mahfuz
*****
Hayot har qancha qiyin va og‘ir bo‘lmasin, yaxshi ko‘rgan kishimiz bilan yonma-yon yashasak, u shirin tuyulib qoladi.
“Ajoyib fikrlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Sulaymon ibn Surad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ikki kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida so‘kishib qoldi. Ikkisidan birining ko‘zlari qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqa boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men agar u aytsa, undagi bu narsa ketadigan kalimani bilaman. U “A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym”dir», dedilar. Bas, u: «Menda jinnilik bor deb o‘ylaysanmi?» dedi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
G‘azabi chiqishining oldini olish niyatida bo‘lgan odam «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym»ni aytib yurmog‘i lozim. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: “Sizlardan kimda-kim g‘azablansa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin, g‘azabi ketsa ketdi, bo‘lmasa yonboshlasin”, dedilar (Abu Dovud va Ahmad rivoyati).
Albatta, bu ishlarning g‘azabni so‘ndirishi tajribada ham sobit bo‘lgan.
Imom Abu Dovud Abu Voil Ossdan quyidagi rivoyatni keltiradi: «Urva ibn Muhammad Sa’diyning oldiga kirgan edik. Bir odam gapirib, uning g‘azabini qo‘zg‘adi. Shunda u o‘rnidan turib, tahorat qildi. So‘ngra: “Otam menga bobom Atiyya roziyallohu anhudan ushbu rivoyatni aytib bergan edi”, deb quyidagilarni aytdi: Atiyya Sa’diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgandir. Olov suv bilan o‘chiriladi. Kimning g‘azabi kelsa, tahorat qilib olsin”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Albatta, mazkur va shunga o‘xshash choralar g‘azabni qaytarish uchun qo‘llaniladigan yordamchi choralardir. G‘azabning asosiy chorasi esa Allohga bo‘lgan iymon, qiyomatdan umidvorlikdir. G‘azabi chiqqan odam darhol Alloh taoloni eslashi, U Zot har bir narsani ko‘rib-bilib turganini va hamma narsani hisob-kitob qilishi shubhasizligini yodga olishi zarur.
Shuningdek, g‘azabni ishga solib yomonlik qilsa, qanday jazo olishini, g‘azabini yutib ortga qaytsa, qanday savoblar olishini o‘ylashi lozim.
“Ruhiy tarbiya” kitobi asosida tayyorlandi