Sayt test holatida ishlamoqda!
13 May, 2025   |   15 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:06
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:36
Xufton
21:04
Bismillah
13 May, 2025, 15 Zulqa`da, 1446

11.10.2019 y. Islomda vatanparvarlik tushunchasi

08.10.2019   6454   14 min.
11.10.2019 y. Islomda vatanparvarlik tushunchasi

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

ISLOMDA VATANPARVARLIK TUSHUNCHASI

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, insonga berilgan eng bebaho ne’matlardan biri – o‘z Vatanida yashashdir. Chunki Vatan uning kindik qoni to‘kilgan, go‘daklik chog‘i o‘tgan, ilk qadamlarini qo‘ygan, yoshlik, keksalik  davrlarini suradigan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzandu nabiralari ulg‘aygan zamindir! Alloh taolo har bir insonga vatanni sevish va unga muhabbat qo‘yish tabiatini ato etgan.

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu joyida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda Vatan tushunchasi, O‘zbekiston diyori, o‘z hududi haqida gapirib beradilar...).

Islomda vatanga muhabbat bu – tug‘ilib o‘sgan yurtiga nisbatan e’zozdan iboratdir! Demak, musulmon kishi vatanini sevadi! Uning iqboli uchun harakat qiladi, uni himoya qiladi, xursand bo‘lsa – xursand, xafalik yetsa – qayg‘uradi. Inson “Vatan menga nima berdi?” deb emas, balki “men Vatanimga nima qildim?” degan oliy tuyg‘u bilan yashamog‘i lozim.

 Shuning uchun ham kishi o‘z yurtidan uzoqlashganda, uni qumsaydi va sog‘inadi. Bu qumsash biz ummatga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan merosdir. Chunki islom tarixidan ma’lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam O‘z vatanlari  Makkai mukarramada 53 yoshlarigacha yashadilar. Bu davr mobaynida Makka mushriklari tomonidan U Zotga bir qancha zulm, dushmanchilik va kamsitishlar bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da vatanlarini tark qilib boshqa joyga ketmadilar. Ammo Makka mushriklarining zulmlari haddan oshib, Rasulullohning jonlariga qasd qilish darajasiga borganlaridan keyin Allohning buyrug‘iga binoan Makkadan chiqib ketdilar. Chiqish vaqti kelganida ko‘zga yosh oldilar, ko‘ngillari bo‘shab, Makkaga qarab shunday dedilar:

"مَا أَطْيَبَكِ مِنْ بَلَدٍ، وَأَحَبَّكِ إِلَيَّ! وَلَوْلاَ أَنَّ قَوْمِي أَخْرَجُونِيْ مِنْكِ مَا سَكَنْتُ غَيْرَكِ"

(رواه الإمامُ الترمذي عَنْ عَبْدِ اللهِ بن عباسٍ رضي الله عنهما)

ya’ni:(Ey Makka) sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim”  (Imom Termiziy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashganlari sari unga bo‘lgan ishtiyoqlari ziyodalashib borardi. Shunda Alloh taolo Rasulullohning ko‘ngillarini ko‘tarib, Makkaga qaytib kelishlarini bashoratini berib, Qur’oni karimdagi quyidagi oyati karimani nozil qildi:

إِنَّ الَّذِي فَرَضَ عَلَيْكَ الْقُرْآَنَ لَرَادُّكَ إِلَى مَعَادٍ...

ya’ni: (Ey, Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qur’onni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir...” (Qasos surasi 85-oyat).

Shundan keyin Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xotirjam safarlarini davom ettirdilar.

Insonning o‘z Vatani oldida bir necha vazifalari bo‘lib, ularning eng muhimlari uchtadir:

  1. Vatanning haqqiga duo qilish. Chunki payg‘ambarlar o‘z vatanlari haqqiga duo qilganlar. Masalan, “Payg‘ambarlarning otasi” Ibrohim xalilulloh o‘z vatanlari bo‘lmish Makkai mukarrama haqiga Qur’oni karimda duo qilganlari bayon qilingan:

وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَدًا آَمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آَمَنَ مِنْهُمْ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ قَالَ وَمَنْ كَفَرَ فَأُمَتِّعُهُ قَلِيلًا ثُمَّ أَضْطَرُّهُ إِلَى عَذَابِ النَّارِ وَبِئْسَ الْمَصِيرُ

ya’ni: “Eslang, Ibrohim: “Ey, Rabbim, buni (Makkani) tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilariga (turli) mevalardan rizq qilib bergin!”, – deganida, Alloh: “(Ulardan) kofir bo‘lganlarini esa, biroz rizqlantirib, so‘ngra do‘zax azobiga mubtalo eturman. Bu o‘ta yomon oqibatdir”,dedi” (Baqara surasi 126-oyat).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham Madina munavvaraga borganlarida uning haqqiga quyidagicha duo qildilar:

"اللَّهُمَّ حَبِّبْ إلَيْنَا المَدِينَةَ كَحُبِّنَا مَكَّةَ أوْ أشَدَّ، اللَّهُمَّ بَارِكْ لَنَا في صَاعِنَا وفي مُدِّنَا..."

(رواه الإمامُ البخاري والإمام مسلم عن عائشة رضي الله عنها)

ya’ni: “Ey Alloh! Madinani bizga Makkani suyganimizdek yoki undanda ziyodaroq suyukli qilgin! Va uni toshu tarozusiga – so’u muddiga barakot bergin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Mana payg‘ambar alayhissalomlar yashab turgan yurtlariga tinchlik va rizq so‘radilar. Zero bu ikki ne’mat – Vatan farovonligi omillaridandir! U ikkisi yoki biri topilmasa, baxt saodat yo‘qoladi.

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu joyida Vatanimiz (ayniqsa kichik Vatan – oilamiz) haqqiga qanday duo qilish kerak ekanligini o‘z so‘zlari bilan jonli tarzda tushuntirib beradilar...).

  1. Vatan obodligi uchun moddiy va ma’naviy hissa qo‘shish. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qildi:

هُوَ أَنْشَأَكُمْ مِنَ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا

ya’ni: “U (Alloh) sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi(Hud surasi 61-oyat). Demak, inson yer yuzini, xususan yashab turgan yurtini, o‘z Vatanini obod qilishi – uning burchi hisoblanadi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنْ قَامَتِ السَّاعَةُ وَفِي يَدِ أَحَدِكُمْ فَسِيلَةٌ، فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ لاَ تَقُومَ السَّاعَةُ حَتَّى يَغْرِسَهَا، فَلْيَغْرِسْها

  (رواه الإمام البخاري عَنْ أَنَسٍ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ الله عَنْهُ)

ya’ni: “Qiyomat qoim bo‘lib qolsa-yu, biringizning qo‘lida ko‘chat bo‘lsa, u qoim bo‘lgunicha ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hadisi sharifda inson o‘z hayotining oxirgi lahzasini ham g‘animat bilib, yashab turgan joyini obod qilish, uni gullab-yashnatishga targ‘ib qilinmoqda.

(Imom-xatiblar mavizaning mana shu joyida o‘z hududlaridagi obodonchilik va bunyodkorlik ishlaridan jonli misollar keltiradilar...).

  1. Vatanda fasod va buzg‘unchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmaslik. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا وَادْعُوهُ خَوْفًا وَطَمَعًا إِنَّ رَحْمَةَ اللَّهِ قَرِيبٌ مِنَ الْمُحْسِنِينَ

ya’ni: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo‘rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A’rof surasi 56-oyat).

Har bir shaxs o‘zi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – o‘z joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilish hisoblanadi. Bu ish ulkan savob ekani haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

" مَنْ قُتِلَ دُونَ مَالِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ نَفْسِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ دِينِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ أَهْلِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ"

(رواه الإمام الترمذى عن سعيد بن زيد رضي الله عنه)

 ya’ni: “Moli, joni, dini va ahli ayolini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahidlik maqomini topadi” (Imom Termiziy rivoyati).

Kishi vataniga xiyonat qilishi, undagi ota-onasi, farzandlari va xalqining qadriga yetmasligi, ularni o‘ylamasdan vatanga qarshi qurol ko‘tarishi – islomdagi eng og‘ir gunoh va juda katta jinoyatdir!

Vatanni sevishimizga bir qancha sabablar bor. Jumladan, Alloh taolo taqdirimizni shu yerga bitdi. Shu vatanda tug‘ilib o‘sdik, tarbiya topdik. Bu vatanda eng sevimli qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz yashashadi. Buning ustiga bu zaminni son-sanoqsiz ulug‘ zotlar, Allohning do‘stlari vatan tutishgan.

Afsuski, ayrim Vatan qadriga yetmagan kimsalar, go‘yoki “hijrat qilish farz” degan soxta da’voni qilib, oilasi bag‘rida tinch, osuda hayot kechirayotgan musulmonlarni o‘zga yurtlarga chiqib ketishga da’vat qilmoqda. Ammo bugungi kunda turli siyosiy kuchlarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lgan ayrim vatangadolar dunyoning notinchlik hukm surgan va o‘zlari qo‘nim topgan mintaqalariga taassubga berilgan shaxslarni bir joyga jamlash va shu orqali xomiylarining rejalashtirilgan siyosiy maqsadlari yo‘lida harakatlanishmoqda. Xususan, ular ilm-ma’rifatdan yiroq, johil kimsalarni o‘z atroflariga to‘plashga intilib, islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari bemalol o‘qiladigan, xullas, islomning besh arkonlari emin-erkin ado etilib, musulmonchilik amalda bo‘lgan va o‘zlari tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan vatanlarini tark etishga targ‘ib qilinmoqdalar.

O‘z yurtini tashlab, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon bo‘lish ayni islom ta’limotiga zid ishdir. Al-Fokihiy o‘zining “Makka xabarlari” asarida yozishicha, Ibn Abbos raziyallohu anhu uxlayotganida yostig‘i tagidagi hamyoni o‘g‘irlanadi. O‘g‘ri ushlanib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam oldilariga olib borilganida, u o‘z qilmishini ushbu mablag‘ evaziga hijrat qilmoqchi ekanligi bilan oqlamoqchi bo‘ladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam esa, uning sodir etgan ishini qoralab, Makkaga qaytishini va o‘z shahrida yashashini buyurib, “hijrat to‘xtatildi!”, – deya ta’kidlaydilar.

Kishining o‘z yurtiga mehr-muhabbatli bo‘lishiga targ‘ib qilib, Imom Muhammad G‘azzoliy  rahmatullohi alayhi shunday deganlar: “Inson o‘z tug‘ilib o‘sgan yerini va undagi narsalarni, garchi u joy odam yashamaydigan sahro bo‘lsa ham, yaxshi ko‘radi. Vatanga bo‘lgan muhabbat inson qalbidagi tug‘ma tabiatdir. Bu narsa insonni vatanida bo‘lganida xotirjam, musofirlikda sog‘inadigan, unga hujum qilinganda himoya qiladigan, hurmatsizlik qilinganda g‘azablanadigan qilib qo‘yadi”.

Abu Amr ibn Alo rahmatullohi alayh: “Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, yaqinlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”, – deganlar.

(Imom-xatiblar mavizaning mana shu joyida hazrat Navoiy, Bobur va boshqa yurtimiz mutafakkirlarining Vatan to‘g‘risidagi hikmatli so‘zlaridan misollar keltiradilar...).

Vatandagi tinchlikning qadriga yetish haqida sport sohasidagi rahbarlardan biri yaqinda bo‘lib o‘tgan bir voqeani so‘zlab berdi:

Musobaqaga qatnashish uchun xorijiy mamlakatdan bir falastinlik sportchi yigit O‘zbekistonga tashrif qilgan edi. Falastinlik yigit vataniga qaytishdan bir kun avval chuqur, og‘ir bir nafas olib: “Afsus ertaga musobaqa nixoyasiga yetadi, biz o‘z yurtimizga qaytamiz”, – degan gapni aytdi. Biz uni  gapidan taajjub qildik va so‘radik: “Ertaga vataningizga qaytasiz, vatanga ketishdan xam ortiq baxt bormi? Siz o‘z yurtingizga, yaqinlaringizning huzuriga ketasiz-ku, nega vatanga qaytish uchun afsus qilyapsiz?” Falastinlik mehmonimiz shunday javob qildi: “To‘g‘ri, vatanga ketish, farzandlarni ko‘rish, jigarlar bilan diydorlashish bu baxt, lekin bizni yashab turgan yurtimizda o‘q ovozi eshitilib turadi. Ko‘chaga ma’lum, belgilangan soatda chiqamiz, undan boshqa vaqtda ko‘chaga chiqolmaymiz. Tug‘ilib o‘sgan diyorimizda bemalol yurolmaymiz, na tuy-hasham, na xursandchilikni o‘z vaqtida o‘tkaza olamiz. Doimo biron-bir o‘q kelib umrimga xotima yasab qo‘yadi degan qo‘rquv va xavotirda yashaymiz, lekin sizlarning yurtingizga kelganimizda shu narsaning guvohi bo‘ldikki, biz bu yerda erkin nafas oldik. Kechasi yarim tun bo‘lsin, yorug‘ tong bo‘lsin bemalol ko‘chalarda yurgan odamlarni ko‘rdik. Farzandlarini qo‘llaridan yetaklab ota-onalar istirohat qilib turganlarini, to‘ylaringiz to‘ylardek, ma’rakalaringiz ma’rakalardek o‘tib turganini ko‘rdik. Biron-bir o‘q ovozini eshitganimiz yo‘q. Biron-bir nojo‘ya harakatni ko‘rganimiz yo‘q. Sizlarga havas qildik. Bunday vatanda yashash hammaga ham nasib qilmaydi. Yurtingizni qadriga yetinglar!”, – deb so‘zini nihoyaladi.

Shunday ekan, har birimiz o‘z vatanimizga bo‘lgan muhabbatimizni yanada oshirib, tinchligini qadriga yetib, uni obodligi va rivojlanishi yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shib, kundan-kunga ko‘payib borayotgan islohot va yutuqlariga shukr qilib, har xil yovuz niyatdagi kimsalardan uni ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylab, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan shaxslarning haqqiga duolar qilib, ibodatlarimizni o‘z vaqtida bajarib umrguzaronlik qilishimiz maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo aziz va mo‘tabar Vatanimizni bundanda farovon va osmonini musaffo qilib, xalqimizni tinch va osuda aylab, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin! 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “IJTIMOIY TARMOQLARNING XATARI” mavzusida bo‘ladi.  

Muhtaram imom-domla! O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasining O‘zbekiston musulmonlari idorasiga qilgan murojaatiga binoan, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari  bo‘yicha belgilagan to‘lov muddati 15 oktyabrga qadar to‘lanishi shart. Ushbu vaqtga oz qolganligini inobatga olgan holda jamoatga mol-mulk va yer soliqlari hamda boshqa kommunal to‘lovlarni ham o‘z vaqtida to‘lashlari bo‘yicha eslatma berishingizni, shuningdek, kunlar sovib borishi natijasida aholining tabiiy gazdan foydalanishi ortib borishi sababli kuz-qish mavsumini talofatsiz o‘tkazish maqsadida gazdan to‘g‘ri foydalanish va gaz tufayli zaharlanishdan ehtiyot bo‘lish chora-tadbirlari haqida eslatib  o‘tishingizni so‘raymiz.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

12.05.2025   2749   3 min.
Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.

Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).

“Hech kim o‘zganing molini uning ruxsatisiz, vakilligisiz yoki vasiyligisiz tasarruf qila olmaydi. Agar shunday qilsa, to‘lab beradi” (“Sharhul majalla” kitobi).


Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.

Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.

Shunga ko‘ra, ayol kishining topgan mablag‘ini olib qo‘yishga, egalik qilishga hech kimning haqi yo‘q.


Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.